Jamiyat | 08:00 / 21.08.2019
23857
6 daqiqa o‘qiladi

«Shamol uyimizga essa, nafas ololmayapmiz» - yangibozorliklar g‘isht zavodlarining zararli ta'siridan aziyat chekmoqda

Tadbirkorlikni rivojlantirish – O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini yuksaltirishning muhim shartlaridan biri ekaniga shubha yo‘q. Bugun ishbilarmonlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, ularga juda ko‘p imkoniyatlar, imtiyozlar berilmoqda, ularning oldidagi to‘siqlar olib tashlanmoqda. Ammo gap tadbirkorlikni rivojlantirish bilan bir qatorda, inson salomatligi va atrof-muhit muhofazasi masalasiga borib taqalsa nima bo‘ladi? Albatta bunda davlatimiz qonunlari, idora va tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan me'yorlar va qoidalarga amal qilinadi. Tahririyatimizga kelib tushgan murojaat aynan shu mavzuga daxldor.

Xorazm viloyati, Yangibozor tumani, Boshqirshix qishlog‘ining Yangi-yop mahallasida istiqomat qiluvchi aholi g‘isht ishlab chiqarish sexlari faoliyatining salbiy ta'siri oqibatida ekologik va sanitariya-epidemiologik vaziyat og‘irlashganidan shikoyat qilishdi.

Ayni paytda mahalla hududiga yaqin joyda bir emas, uchta g‘isht ishlab chiqarish sexi faoliyat yuritmoqda. Aholi shikoyatiga ko‘ra, sexlardan tarqalayotgan sassiq hid va tutun tufayli nafas olish qiyinlashmoqda, turli allergik kasalliklar kelib chiqmoqda. Odamlar bu zavodlar ko‘chirib yuborilishini istayapti.

Yangibozor tumani hokimligi ma'lumotiga ko‘ra, Yangi-yop mahallasi hududida g‘isht ishlab chiqaruvchi uchta - «Mirzo Halillo o‘g‘li» (ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanadi), «Amin Bo‘ron Mirzo» (gaz) va «Bo‘zqal'a muhandisi» (ko‘mir) sexlari faoliyat yurityapti.

Sanitariya me'yorlari va qoidalariga ko‘ra, g‘isht sexi aholi yashaydigan joylardan ma'lum bir uzoqlikda bo‘lishi, oradagi sanitariya himoya masofasiga amal qilinishi shart. Aks holda aholi salomatligiga putur yetkazishi mumkin.

Xorazm viloyati Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi (DSENM) tomonidan Yangi-yop mahallasida o‘tkazilgan o‘rganish natijasida, g‘isht ishlab chiqarish sexlari bilan aholi xonadonlari o‘rtasidagi sanitariya himoya masofasi saqlanilmagani aniqlandi. «O‘zbekiston Respublikasi aholisi yashaydigan joylarda atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha sanitariya me'yorlari va qoidalari»ning 6-bandiga asosan, g‘isht ishlab chiqarish sexlaridan aholi yashaydigan joylargacha bo‘lgan sanitariya himoya hududi 300 metr qilib belgilangan. Biroq, Yangi-yop mahallasidagi bu masofa 200 metrni tashkil qiladi. Bundan tashqari, mahalla hududidagi «Yangibozor sanoat kasb-hunar kolleji»dan g‘isht sexigacha bo‘lgan masofa esa atigi 50 metrga teng.

DSENM xodimlarining aholi bilan o‘tkazgan suhbati davomida, shamol uylarga qarab esgan mahalda ko‘mir hididan uy ichkarisida va tashqarisida nafas olish qiyinlashishi aniqlandi. Laboratoriya tekshirish natijalariga ko‘ra, o‘lchangan ko‘rsatkichlar bo‘yicha atmosfera havosidagi UGLeROD OKSIDI (CO2) darajasi ruxsat etilgan me'yordan 4 BAROBAR yuqori ekani, ya'ni me'yorda 5mg/m3 bo‘lgan holda, amalda 20 mg/m3 ekani aniqlandi.

Yangi-yop mahallasidagi g‘isht ishlab chiqarish sexlari atrofidagi vaziyatni ko‘zdan kechirib, ekinzorlardan, sanitariya himoya hududlaridan noma'lum shaxslar tomonidan tuproq qazib olinganini aniqladik. Xususan, yuqori kuchlanishli elektr tayanch simyog‘ochlari atrofidan katta hajmda tuproq ko‘chirib olingan. Bu esa kuchli shamol yoki yomg‘irda tayanchlarning qulab tushishiga, texnogen falokat yuz berishiga sabab bo‘lishi mumkin. Yangibozor tumani hududiy elektr tarmoqlari korxonasini bunga e'tibor qaratishini so‘raymiz. Qayd etish joizki, g‘isht sexlari tuproqni faqat maxsus ajratilgan karerdan olishlari shart.  

Xorazm viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida g‘isht ishlab chiqarish sexlari uchun «Chiqindilarni atmosfera havosiga chiqariladigan chegaraviy miqdori» /PDV/ ekologik normativ loyihasi hujjati ishlab chiqilmagani aniqlangan. Bu bilan «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunning 25-moddasi va «Ekologik ekspertiza to‘g‘risida»gi qonunining 13-moddasi talablari buzilgan.

Yangibozor tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bunyod To‘liyevdan bu holat yuzasidan izoh olganimizda, Yangi-yop mahallasidagi g‘isht sexlarini boshqa joyga ko‘chirib yuborish rejasi borligini, ammo bu qachon amalga oshirilishi noma'lum ekanini aytdi.

Ayni paytda mahalla aholisi g‘isht sexlaridan tarqalayotgan sassiq hid va tutun tufayli aziyat chekmoqda. Shamol odamlarning uyiga qarab esgan mahalda nafas olish qiyinlashmoqda, kuchli yo‘tal va allergik toshmalar kelib chiqmoqda. Yangi-yop mahallasi aholisi bir necha yillardan beri yuqori tashkilotlarga shikoyat qilib kelayotganiga qaramay, vaziyat hamon o‘nglanmagan.

G‘isht ishlab chiqaruvchi sexlar faoliyatiga hech kim to‘sqinlik qilmoqchi emas. Bugungi kunda g‘ishtga va boshqa qurilish materiallariga bo‘lgan talab yuqoriligi, ularning faoliyati muhim ekanini ko‘rib turibmiz. Bundan tashqari, sexlarda odamlar ishlamoqda, bu orqali ro‘zg‘or tebratmoqda. Tsexlar davlatga soliq to‘lamoqda, tuman budjetiga pul tushmoqda. Albatta ularning to‘xtatilishi moliyaviy zararni keltirib chiqaradi. Ammo odamlar salomatligi va atrof muhitga yetkazilayotgan zarar-chi?

Unutmaslik lozim, tadbirkorlik faoliyati qonun himoyasida bo‘lgani kabi, odamlar salomatligi va atrof-muhit muhofazasi ham davlat himoyasidadir. Chunki bu har qanday foyda va daromaddan qadrli hisoblanadi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid