O‘zbekiston | 08:13 / 24.08.2019
18296
4 daqiqa o‘qiladi

Sodiq Safoyev: «Investorlarga osh berib, to‘n kiydirishimiz zoye. Ularga qonuniy kafolat kerak»

Foto: KUN.UZ

Amaldorlar tomonidan o‘ziga qanday mulozamat ko‘rsatilgani investor uchun asosiysi emas, unga eng avvalo qonuniy kafolat kerak.

Senat yalpi majlisida mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb etish mavzusida chiqish qilgan Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ana shunday fikrda. U bildirgan mulohazalarni Kun.uz muxbiri keltirib o‘tdi.

«Sarmoyadorlarga birinchi navbatda qonuniy kafolat kerak.

Biz ularga bergan oshimiz, kiydirgan to‘nlarimiz zoye. Ularga bu narsa kerak emas. Ularga aniq qonun va imkoniyatlar kerak. Shuni tushunishimiz kerak», – deb hisoblaydi Sodiq Safoyev.

Senator o‘z so‘zida investitsiyaviy faoliyat sohasida mavjud ayrim muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda qonun hujjatlarining barqaror emasligi, bir-biriga zid normalar mavjudligi ularning faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani ta'kidlanmoqda.

Bu borada Vazirlar Mahkamasiga savol bermoqchiman, nima uchun bizda hali-hanuz qonun ijodkorligini aqlli tartibga solish modeli – SOVAZ deymiz (sistema otsenki vozdeystviya aktov zakonodatelstvo) ishlamayapti?

Barcha davlatlarda, shu jumladan bizga qo‘shni davlatlarda bu zamonaviy usul, ya'ni majburiy baholash tizimi ishlamoqda. Biz hali bu narsani to‘laqonli ishga sola olganimiz yo‘q va bu menimcha, bizning qonun ijodkorligimiz va qonunni hayotga tatbiq etish tizimimizga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizning investitsiyaviy faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarni takomillashtirish to‘g‘risida davlat rahbarining qator topshiriqlari, shu jumladan «Investitsiya va investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi haqidagi topshiriqlari bajarilmayapti. Bir nechta konsepsiyalar va qonun loyihalari ko‘rsatilgan muddatlari o‘tib ketdi», – dedi Safoyev.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari investitsiyalarni jalb etish maqsadida o‘tkazilayotgan tadbirlar saviyasini ham tanqid qildi.

«Afsuski, turli investitsion konferensiyalar, biznes forumlar ko‘pincha yuzaki, miqdoriy ko‘rsatkichga qaratilgan tarzda tashkil etilmoqda. Ularning natijadorligi past, vaholanki ularga ketayotgan mablag‘lar baland.

Bunday tadbirlarda asosan qatnashuvchilarning umumiy soniga urg‘u berib kelinmoqda. Zamonaviy tajriba esa shunday biznes forumlarni festival tarzida emas, maqsadli targetlash, ya'ni muayyan tarmoqqa, muayyan loyihaga qaratilgan 15-20ta bevosita aloqador investorlarni olib kelib, yengni shimarib, choyni damlab, o‘shalar bilan masalani aniq muhokama qilish afzalligini isbotlamoqda», – dedi u.

Sodiq Safoyev o‘z ma'ruzasida, shuningdek, mikromoliyalashtirish tizimi ham to‘laqonli ishlamayotgani, tadbirkorlarning qurilish qilishi va ularga yer ajratish uchun ruxsat olish tartibining shaffof emasligi, respublikaning turli assotsiatsiyalari eksportyorlarning muammolari bilan tizimli shug‘ullanmayotgani kabi masalalarga ham to‘xtaldi.

Mavzuga oid