O‘zbekiston | 02:07 / 24.08.2019
95465
5 daqiqa o‘qiladi

Sodiq Safoyev: «O‘zbek modeli – noto‘g‘ri siyosat bo‘lgan. Uch yil oldin iqtisodiyotimiz halokat yoqasiga borib qolgan edi»

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu lavozimga kelgan vaqtda mamlakat rivojida burilish yasamaganida, O‘zbekiston iqtisodiyoti halokat yoqasiga kelib qolgan edi. Ko‘p yillar davomida aytib kelingan taraqqiyotning o‘zbek modeli – noto‘g‘ri siyosat bo‘lgan, deb bayonot berdi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

Foto: KUN.UZ

Safoyev parlament yuqori palatasining 21-yalpi majlisida hududlarga investitsiyalarni jalb etish mavzusida ma’ruza qildi. Uning so‘zlarini Kun.uz muxbiri keltirib o‘tdi.

«Islohotlar hech qachon oson o‘tmaydi. Ayniqsa boshlang‘ich bosqichda doimo ziddiyatlarni keskinlashtiradi. Bu, ayniqsa, o‘zgarishlarni kechiktirgan, amalga oshirish vaqti ancha avval o‘tib ketgan choralarni endigina ro‘yobga chiqara boshlagan jamiyatlarga xos. Shu jumladan, afsuski, O‘zbekistonga ham.

Misol uchun, moliya bozoridagi vaziyatni olaylik. Har bir iqtisodchi yaxshi biladiki, milliy valutaning kursini sun’iy ravishda baland ushlab turish zararli. Bu – eksportga putur yetkazadi, importga yo‘l ochib beradi. Bu  – aksioma.

Har bir hukumat buni o‘z vaqtida devalvatsiya qilib olib kelishi – mamlakat iqtisodiyotini sog‘lomlashtirishga qaratilgan bir qadam. Uzoqqa borib o‘tirmaylik, qo‘shni Qozog‘istonda qisqa davr mobaynida uch marotaba yirik devalvatsiya bo‘ldi.

Birinchisi 1999 yilda bo‘lgan inqirozda – Rossiya ular uchun muhim – tenge 84 tengedan 138ga ko‘tarildi. O‘n yildan so‘ng, butun jahon inqirozi bo‘layotgan paytda 122 tengedan 144ga ko‘tarildi. Besh yil avval, BRIKS tashkilotidagi inqiroz oqibatida 155dan 185ga ko‘tarildi. Bu – ulardagi moliyaviy tizimning ancha sog‘lomlashishiga [xizmat qildi] va iqtisodiyot bilan mutanosiblikni to‘g‘riladi.

Bizda esa ko‘p yillar mobaynida mutasaddi shaxslarning moliyaviy savodsizligi – shunday deb aytaylik – oqibatida aksincha siyosat olib borildi va moliyaviy tizim mamlakat iqtisodiyotining rivojlanish omili bo‘lish o‘rniga unga to‘siq bo‘lib qoldi.

Oqibatda, O‘zbekiston kishi boshiga tushadigan yalpi mahsulot ulushi bo‘yicha dunyoning ikkinchi yuztaligidagi davlatlar orasidan o‘rin topdi... O‘zbekiston! Buyuk tarixga, dunyodagi eng mehnatkash aholiga ega O‘zbekiston bir yuz... yigirma nechanchi ham o‘rinda. Hech tushunib bo‘lmaydi!

Buning sababi bitta – vaqtida islohotlar o‘tkazilmagan. Shuning natijasida bizda ishchi kuchimizning uchdan biri – qishloq xo‘jaligida. Bu – qoloqlikning birinchi ko‘rsatkichlaridan biri.

Millionlab hamyurtlarimiz chetda ish qidirib yurishga majbur bo‘ldi.

Barcha sohalarda – sanoatda, qishloq xo‘jaligida, xizmat ko‘rsatishda bizdagi mehnat unumdorligi nihoyatda past. Masalan, Janubiy Koreya bilan qiyoslasak, bu sohalarning har birida bizda mehnat unumdorligi o‘n barobarga past.

Aytgancha, iqtisodchilarimiz ham mehnat unumdorligi ko‘rsatkichiga kam e’tibor beradi. Vaholanki, bu – mahsulot tannarxining asosi. Maoshlar ham shunga bog‘liq. Bir xillar aytadi, nega maosh ko‘tarilmaydi? Chunki mehnat unumdorligi past.

Mahsulot tannarxi mehnat unumdorligiga bog‘liq bo‘lganidan keyin bizga chetdan kirib kelaveradi. Biz raqobatbardosh bo‘la olmaymiz va oxir-oqibat milliy daromadga ham bu katta ta’sir ko‘rsatadi.

Ochig‘ini aytaylik, buni hammamiz tushunishimiz kerak, uch yil oldin prezidentimiz jasorat bilan mamlakat rivojida burilish yasamaganida, bizning jamiyatimiz, iqtisodiyotimiz halokat yoqasiga borib qolgan edi.

Bugun iqtisodiy siyosatimizga chuqur va puxta o‘ylangan dovyuraklik... Ko‘p yillar biz asta-sekin, o‘zbek modeli... deb yurdik. Bu – noto‘g‘ri bo‘lgan siyosat. Mana bugun bu to‘g‘rilanmoqda», – deb ta’kidladi Senat raisining birinchi o‘rinbosari.

Sodiq Safoyevning ushbu ma’ruzasidan boshqa xabarlar:

Mavzuga oid