Jamiyat | 16:00 / 25.08.2019
18154
2 daqiqa o‘qiladi

6 yoshli bolalarning barchasi majburiy 1 yillik maktabgacha ta'lim guruhlariga qamrab olinishi kerak - MTV

Ayni paytda Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan 6 yoshli bolalarni majburiy bir yillik maktabgacha ta'limga qamrab olish loyiha dasturi doirasida Toshkent shahri va Farg‘ona viloyati hududlarida 6 yoshli bolalardan iborat jami 494ta guruh tashkil etildi. Ularda 11 ming 403 nafar bola qamrab olingan. Bu haqida Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan o‘tkazilgan «Avgust kengashi» anjumanida ma'lumot berildi.

«Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida 6 yoshli bolalar 100 foizga bir yillik majburiy ta'limga qamrab olingan», deya bu yo‘nalishdagi ishlar bo‘yicha ma'lumot berdi Maktabgacha ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sanjarbek Obidov.

Uning ta'kidlashicha, namunaviy guruhlarda kitob o‘qishga qiziqtiruvchi metodlar, rivojlantiruvchi o‘yinlar davlat budjeti tomonidan bepul ravishda ta'minlangan.

«27 avgust kuni mazkur guruhda ta'lim olgan bolalarga davlat namunasidagi sertifikat beriladi va ular umumta'lim maktabining 1 sinfiga borganda boshqa bolalar bilan o‘zlashtirishdagi farqlari o‘rganiladi», deydi Sanjarbek Obidov.

Uning ta'kidlashicha, 2021 yilgacha respublika bo‘yicha 6 yoshli bolalarni 100 foiz bepul maktabgacha ta'lim guruhlari bilan qamrab olish reja qilingan.

Mavzuga oid