Jamiyat | 16:20 / 25.08.2019
8748
2 daqiqa o‘qiladi

«Ziyorat turizmini yo‘lga qo‘yishda tahoratxonalar masalasini hal qilish kerak» ─ Abdulaziz Oqqulov

O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun avvalambor hojatxonalar va u yerdagi tahoratxonalar masalasini hal qilish lozim. Bu haqida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abdulaziz Oqqulov Senatning 21-yalpi majlisiga bergan hisobotida to‘xtalib o‘tdi.

«Ziyorat maqsadida keladigan sayyohlar uchun turistik joylarda tahorat olish uchun to‘liq sharoitlar bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Aeroport va vokzallarda bu masala hal etilgan. Yo‘l yoqasidagi namunaviy loyihalarni qilganda ham tahorat uchun sharoitlar qilinishi nazorat ostiga olinmoqda. Shuningdek, ziyoratga kelgan sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni tayyorlash masalasi ham bor. Singapur agentligi tomonidan mutaxassislarni jalb qilgan holda iyul-avgust oylarida mehmonxona xodimlari shu yo‘nalishda tayyorlandi», deydi Abdulaziz Oqqulov.

Oqqulovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ziyorat uchun sharoit yaratilgan musulmon davlatlar o‘rtasida 29-o‘rindan 18-o‘ringa ko‘tarilgan.

«Ziyorat turizmini rivojlantirish uchun muhim rol o‘ynaydigan tahoratxonalar masalasini hal etish faqatgina Turizmni rivojlantirish qo‘mitasiga bog‘liq emas. Bu borada mahalliy hokimliklar ham o‘z mas'uliyatini oshirishi lozim», deya ta'kidlagan Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Mavzuga oid