Prezident qarori: O‘zbekistonda hokimlarning yordamchilari soni yana bittaga ko‘paydi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha mas'uliyatini yanada oshirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari faoliyatining investitsiyalar jalb qilishni va eksportni rag‘batlantirish bilan birgalikda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayoniga ilmiy izlanish natijalarini va zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy qilish orqali mahalliy xomashyo hamda sanoat kooperatsiyasi negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirish eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan birn etib belgilandi.
Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalariga hokimning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimi joriy etilmoqda. Hokim yordamchisining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
respublika import hajmi va nomenklaturasini chuqur tahlil qilish asosida hamda hududdagi mavjud resurslarni hisobga olgan holda hududda mahalliylashtiriladigan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va materiallarning aniq ro‘yxatini shakllantirish;
xorijiy kompaniyalar va tashkilotlarning takliflari va salohiyatini o‘rganish asosida import o‘rnini bosadigan mahsulotlarning eng ko‘p talab qilinadigan turlarini o‘zlashtirish bo‘yicha xorijiy sheriklarni sanoat kooperatsiyasiga keng jalb etishga doir takliflar ishlab chiqish;
hududiy mahalliylashtirish dasturlari loyihalarini shakllantirish, ularning amalga oshirilishini tashkil etishda, shuningdek hamkorlar topish, uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda loyiha tashabbuskorlariga doimiy ravishda amaliy yordam ko‘rsatish;
hududiy mahalliylashtirish dasturidagi loyihalarda belgilangan maqsadli parametrlarga erishishning tizimli monitoringini olib borish;
monitoring natijalari bo‘yicha aniqlangan tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga kiritib borish;
hududda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining hajmi va texnik parametrlari yuzasidan axborotlarni elektron kooperatsiya portaliga joylashtirib va yangilab borish;
hududdagi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga respublikada ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining turlari, texnik tavsiflari va sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida batafsil ma'lumot berish orqali hududiy sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish va muntazam ravishda hududiy sanoat yarmarkalarini tashkil etish.
Belgilanishicha, hokim yordamchisi:
belgilangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari va viloyat hokimining o‘rinbosari - viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i bilan hamkorlikda ishlarni amalga oshiradi;
mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining o‘rinbosariga tenglashtiriladi;
bitta shtat birligidan iborat o‘zining alohida kotibiyatiga ega bo‘ladi.
Hokim yordamchisi rahbarligida mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi ishchi guruh tashkil etiladi va uning namunaviy tarkibi tasdiqlanadi.
Mavzuga oid
12:22 / 23.12.2024
Kurash trenerlari va hakamlarini xorijiy davlatlarga “eksport” qilish yo‘lga qo‘yiladi
20:23 / 10.12.2024
Yog‘-moy mahsulotlari eksportiga ruxsat berilishi mumkin
11:18 / 27.11.2024
Milliy simfonik orkestri xodimlari maoshi oshiriladi
09:55 / 15.10.2024