Sport | 13:30 / 27.08.2019
25118
3 daqiqa o‘qiladi

Ektor Kuper O‘zbekistondagi bir yillik faoliyati bo‘yicha xulosalari bilan o‘rtoqlashdi

Foto: Tribuna.uz

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper ushbu lavozimda ish boshlaganiga bir yildan oshdi.

Argentinalik mutaxassis bugun O‘FA majlislar zalida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ushbu o‘tgan davr xulosalari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda Tribuna.uz muxbiri.

«Men optimist murabbiyman. Albatta, bir yil – ancha katta muddat, lekin juda ham ko‘p deb ayta olmaymiz. Terma jamoa murabbiylarida doim vaqt muammosi bor. Kam vaqt ichida natija ko‘rsatishi kerak.

Bir yillik faoliyatim bo‘yicha hamma narsadan mamnunman. Ba'zi o‘zgarishlar, masalan rahbariyatdagi o‘zgarishlarga qaramay, biz o‘z yo‘nalishimiz bo‘yicha ketishga harakat qilamiz.

Ba'zida o‘xshamasligi mumkin, lekin o‘zimning xulosam ijobiy. Futbol ham xuddi siyosat yoki iqtisodiyotdek. Hammaga yoqish qiyin, barchaning o‘z fikri bor. Lekin hozirgacha qilgan ishlarimizdan, o‘yinchilarning ishga bo‘lgan munosabatidan mamnunman. Umumiy qilib, bir yillik ishimni ijobiy deb baholayman.

Albatta, hamma narsadan qoniqdim, deb ham ayta olmayman. Optimistik ruhda ishlashda davom etishimiz kerak. Optimist degani biz hammani yutib tashlaymiz, bizda hammasi zo‘r, degani emas, muammolar doim hammada bo‘ladi. Lekin men salbiy narsalarni gapirishni xohlamayman.

Ertaga yig‘inimiz boshlanadi, o‘yinchilar bilan ko‘rishamiz. Ular bilan rejalar, muammolar haqida gaplashib olamiz. Xatolardan to‘g‘ri xulosa qilib ishlashga, g‘alabalardan zavq olib ishlashga harakat qilishimiz kerak. Men g‘alaba qozonishni xohlayman.

Bu yilni o‘tgan yilgidan ijobiyroq baholayman. Hali ham ishlashimiz kerak bo‘lgan ko‘p narsalar bor. Barchaga imkoniyat berishga harakat qilamiz. Ammo barchaga yoqish qiyin. Biz bilan birga ishlayotgan odamlar bizga yordam berishyapti.

Agar tanlagan yo‘limizda xatolik bo‘lsa, biz darrov o‘zgartirish kiritamiz. Sizlarga kafolat berishim mumkin, ishlamaydigan qaysar odam emasman – xatoni ko‘rsam, o‘zgartirish kiritaman. Hamma takliflarga tayyorman, oldin albatta tahlil qilishimiz kerak», – deb xulosa qildi Kuper.

Mavzuga oid