O‘zbekiston | 15:44 / 28.08.2019
199258
3 daqiqa o‘qiladi

1 sentyabrdan boshlab O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori kiritilmoqda

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning 12 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori oshirilishi to‘g‘risidagi farmonini imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 maydagi “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–5723-son farmoniga muvofiq 2019 yilning 1 sentyabridan eng kam ish haqi miqdori (EKIH) o‘rniga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHEKM), bazaviy hisoblash miqdori va pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori kiritilmoqda.

MHEKM lavozim maoshi, ustama, qo‘shimcha pul, gonorarlar, qo‘shimcha ish uchun kompensatsiya to‘lovlari, oziq-ovqat, yo‘l va rag‘batlantiruvchi boshqa turdagi to‘lovlar, ish haqini hisoblashda qo‘llaniladigan chegara miqdor, qonunchilik bilan belgilangan chegirib qolish hamda ish haqi miqdoriga bog‘liq bo‘lgan boshqa to‘lovlar aniqlash maqsadida mehnat munosabatlari sohasida qo‘llaniladi.

MHEKM egalik shakli va mehnat munosabatlaridan qat'i nazar, belgilangan mehnat normalarini to‘liq bajargan ishchilar mehnatiga haq to‘lashning past chegarasi sifatida barcha ish beruvchilar uchun majburiy bo‘ladi.

Bazaviy hisoblangan summa soliqlar, yig‘imlar, jarimalar, davlat bojlari, stipendiyalar va taqdim etiladigan davlat xizmatlari uchun boshqa to‘lovlar miqdorini aniqlash, shuningdek, oilaning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovga muhtojligini aniqlashda qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 maydagi “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–5723-son farmoni 1-bandida:

ikkinchi xatboshidagi “577 170” raqami “634 880” raqami bilan almashtirildi (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori);

uchinchi xatboshidagi “202 730” raqami “223 000” raqami bilan almashtirildi (bazaviy hisoblash miqdori);

to‘rtinchi xatboshidagi “202 730” raqami “223 000” raqami bilan almashtirildi (pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori).

Mavzuga oid