Jahon | 08:46 / 28.08.2019
6295
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliya Buyuk Britaniyaning Amazoniya uchun yordamini qabul qilishga rozi bo‘ldi 

Foto: REUTERS

Braziliya tashqi ishlar vaziri Erenstu Arauju hukumat nomidan Buyuk Britaniyaning Amazoniyadagi o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurash uchun ajratgan yordamini qabul qilishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Globo nashri xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha, Arauju 27 avgustda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab bilan telefon orqali muloqot o‘tkazib, uning davomida Londonning 10 mln funt sterling (12 mln dollar) miqdoridagi yordami taklifini oldi.

Shuningdek, Braziliya hukumati matbuot kotibi Otaviu Regu Barrus mamlakatining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan Amazoniyadagi yong‘inlar va o‘rmonlar kesilishiga qarshi moliyaviy yordamini Braziliya bu mablag‘larni o‘zi mustaqil ravishda boshqarishi sharti bilan qabul qilishga tayyorligini ma'lum qilgan.   

Avvalroq Braziliya Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yong‘inlarga qarshi kurash uchun taklif qilgan, “Katta yettilik”ning 20 mln yevrolik yordamini qabul qilishdan bosh tortgandi. Bunga esa Braziliya prezidenti va Makron o‘rtasidagi ziddiyat sabab bo‘lgan. 

Ma'lum qilinishicha, yanvardan avgustgacha yong‘inlar oqibatida Amazoniya o‘rmonlarining Braziliyada joylashgan 1,8 mln gektari yo‘q bo‘lgan. Bundan tashqari, o‘rmonlar noqonuniy kesilishi oqibatida ularning maydonlari har yili minglab kilometrlarga qisqarib bormoqda.  

Amazoniya o‘rmonlari “sayyoramiz o‘pkasi” deb ataladi, chunki u yerda sayyoramizdagi umumiy kislorodning 20 foizi ishlab chiqariladi.

O‘tgan hafta Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru Amazoniya o‘rmonlarini o‘chirish uchun armiyani jalb qilishga ruxsat beruvchi farmonni imzoladi. Ayni vaqtda  yong‘inlarga qarshi tadbirlarda 43 mingdan ko‘proq harbiy ishtirok etmoqda. 

Mavzuga oid