O‘zbekiston | 13:09 / 29.08.2019
32140
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda jazoni ijro etish muassasalari turlarida o‘zgarish yuz berdi

Foto: TASS

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. 

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

45-moddaning (Jazoni ijro etish muassasalarining turlari) ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Jazoni ijro etish muassasalari jumlasiga quyidagilar kiradi:

jazoni ijro etish koloniyalari, shu jumladan davolash huquqi asosidagi koloniyalar;

tarbiya koloniyalari;

turmalar;

mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalar».

Shu vaqtgacha jazoni ijro etish muassasalariga quyidagilar kirgan:

jazoni ijro etish koloniyalari;

tarbiya koloniyalari;

turmalar.

Quyidagi mazmundagi 52-1-modda bilan to‘ldirildi:

«52-1-modda. Mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalar

Mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalar bemor mahkumlarni saqlash va ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangandir»;

54-modda (Mahkumlarni jazoni o‘tash uchun jo‘natish):

quyidagi mazmundagi ikkinchi - to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirildi:

«Ushbu muddat davomida mahkum:

qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan bir marta qisqa muddatli uchrashish;

o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan, o‘n besh daqiqa davom etadigan bir marta telefon orqali so‘zlashish huquqiga ega.

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar sud hukmi bilan belgilangan rejimning turiga muvofiq jazoni ijro etish muassasalariga jo‘natiladi.

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarni jo‘natish ushbu Kodeksning 58-moddasi talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi»;

ikkinchi qismi beshinchi qism deb hisoblanadi;

59-moddaning birinchi qismidagi «Ixtisoslashgan davolash muassasalarida» degan so‘zlar «Davolash huquqi asosidagi koloniyalarda va mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalarda» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

60-modda (Mahkumlarni ko‘chirish) quyidagi mazmundagi sakkizinchi qism bilan to‘ldirildi:

«Jazoni o‘tash joyiga borayotgan yoki bir jazoni ijro etish muassasasidan boshqa jazoni ijro etish muassasasiga ko‘chirilayotgan mahkumlarni vaqtincha saqlash uchun jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari huzurida tranzit-jo‘natish uchastkalari tashkil etilishi mumkin. Mahkumlar tranzit-jo‘natish uchastkalarida rejimining turi sud hukmi bilan belgilangan jazoni ijro etish muassasasida o‘zining jazoni o‘tashiga oid shartlar asosida, ushbu Kodeksning 58-moddasi talablariga rioya etgan holda saqlanadi. Mahkumlarni tranzit-jo‘natish uchastkalarida saqlashning eng ko‘p muddati ko‘pi bilan 20 sutkani tashkil etadi»;

69-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Jismoniy kuch ishlatilishi natijasida mahkumning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan har bir holat to‘g‘risida prokurorga darhol xabar beriladi».

Mavzuga oid