Jamiyat | 18:08 / 29.08.2019
7932
4 daqiqa o‘qiladi

Xorijda faoliyat yuritgan kardioxirurgiya sohasidagi tajribali mutaxassislar hududlardagi muassasalarda xizmat qilishmoqda

Bugungi kunda O‘zbekiston kardiologiyasi jahon ilm-fani bilan hamqadam odimlamoqda. Jahon ilm-fani yangiliklari bo‘lgan noyob operatsiyalar nafaqat Toshkent shahrida, balki viloyatlardagi kardiologiya muassasalarida ham amalga oshirilmoqda.

Jumladan, o‘tgan yilning dekabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qarshi filiali o‘z faoliyatini boshlagan edi. 120 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur markazda reabilitatsiya va yurak ishemik kasalliklari, surunkali yurak yetishmovchiligi va aritmologiya, arterial-gipertenziya, rentgen-endovaskulyar jarrohlik, kardiojarrohlik, qabul-diagnostika kabi bo‘limlar, kunlik 100 qatnovga mo‘ljallangan zamonaviy poliklinika faoliyat yuritmoqda.

Filialning kadrlar salohiyati ham jahondagi nufuzli klinikalardan qolishmaydi. Bu yerda mahalliy shifokorlar bilan bir qatorda, Rossiya, Germaniyadagi yetakchi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritgan yetuk olimlar va tajribali mutaxassislar ish olib boryapti. Xususan, uzoq yillar A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir xirurgiya markazida faoliyat yuritgan tibbiyot fanlari nomzodlari Xurshid Fozilov, Oleg Po‘latov, Berlin universitetining Sharite klinikasi malakali shifokori Adham Jalilov kabi vatandoshlar yurtga qaytib, ushbu markazda xalqimizga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

Ularning mehnatlari davlatimiz tomonidan ham yuksak qadrlanmoqda. Jumladan, kuni kecha malakali kardiolog Xurshid Fozilov O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan Prezident Farmoniga ko‘ra «Shuhrat» medali bilan mukofotlandi.

– Ushbu mukofot men va men kabi hamkasblarim faoliyatiga bo‘lgan yuksak baho, deb hisoblayman, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qarshi filiali direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Xurshid Fozilov. – A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir xirurgiya markazida yetti yil ishlaganman. O‘zbekistonga kelib bu yerda tibbiyot sohasida yaratilgan zamonaviy sharoitlarni ko‘rib, to‘g‘risi, juda hayratlandim. Ayniqsa, filialimizdagi imkoniyatlar dunyoning taraqqiy etgan tibbiyot markazlaridan aslo qolishmaydi. Shu tufayli bu yerda jahon tibbiyotidagi eng murakkab amaliyotlar muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Kelgusida tibbiyotimizning bunday yutuqlarini yanada rivojlantirishga munosib ulush qo‘shishni asosiy maqsad qilganmiz.

«Shuni alohida ta'kidlash lozimki, ayni paytda markazda oyiga statsionar sharoitda 400 nafar bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Shuningdek, ambulator sharoitda murojaat qiladigan kunlik qatnovlar soni 100 nafardan ziyodni tashkil etadi.  Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 800 nafarga yaqin bemorlarga yuqori texnologiyaga asoslangan tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Jumladan, 500 nafarga yaqin bemorda koronaroangiografiya, 120 nafar bemorda koronar qon tomir va uyku arteriyalarni stenlash, 100 nafardan ortiq bemorda aortokoronar shuntlash, 50 nafardan ziyod bemorda doimiy elektrokardiostimulyator o‘rnatish va orttirilgan yurak nuqsonlarida klapanlarni protezlash kabi eng murakkab kardioxirurgik amaliyotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Ushbu yutuqlar xalqimizga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish barobarida, tibbiyot turizmini rivojlanishga ham hissa qo‘shadi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining telegramdagi kanali xabarida.

Mavzuga oid