Yevropaning 4 davlatiga qizamiq qaytdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti butun dunyoni ogohlikka chaqirmoqda
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, qizamiqdan xoli hudud deya e'lon qilingan Yevropaning 4 davlatida ushbu kasallik yana qayta avj olgan, deb yozmoqda BBC nashri. Bular: Albaniya, Gretsiya, Chexiya va Buyuk Britaniya.
«Biz yana ortga qaytyapmiz, tutgan yo‘limiz o‘zini oqlamadi», deydi JSST immunologiya departamenti xodimi Keyt O’Brayyen.
Aytish joizki, qizamiq yo‘talish, toshma va isitma keltirib chiqaruvchi o‘ta yuqumli, hayot uchun xavfli kasallikdir.
Bu kasallikdan himoyalanish uchun MMR (qizamiq, qizilcha va tepki uchun emlash) vaksinasining 2 ta dozasi yetarli bo‘ladi. Bu vaksina Buyuk Britaniyada yosh bolalar uchun tekinga tarqatiladi..
JSST ga ko‘ra, qaysidir davlat hududida 12 oy davomida qizamiq tarqalishi kuzatilmasa, bu uning qizamiqdan xoli hudud sifatida e'tirof etilishi uchun asos bo‘ladi.
O’Brayyen xonimning ta'kidlashicha, kasallikdan xoli hudud maqomini yo‘qotgan to‘rt Yevropa davlatining hammasida uni bartaraf etish imkoniyati, emlash qamrovi "juda yuqori".
«Ayni vaziyat barchamiz uchun ogohlantiruvchi signal bo‘lishi lozim. Qamrovning mamlakat hududida keng bo‘lishining o‘zi yetarli emas, har bir jamiyat, har bir oila farzandlar uchun ijobiy natija qayd etishga harakat qilishi kerak», deydi Keyt O’Brayyen.
Ayni paytda butun dunyo bo‘yicha qizamiq xavfi kuchayib bormoqda. Hatto AQShda ham qizamiq kamayishi jarayoni juda sekin kechyapti.
JSST ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning o‘zida 365 mingga yaqin qizamiqqa chalinish holati ro‘y bergan. Bu 2018 yil birinchi yarim yilligiga solishtirganda, 3 baravar ko‘p deganidir.
Keyt O’Brayyen xonimning fikricha, bunga asosiy sabab vaksinalar haqida noto‘g‘ri ma'lumot tarqatish bo‘lishi mumkin. Shuning uchun u ijtimoiy media kompaniyalari va jamiyat rahbarlarini xalqni «aniq, ishonchli, ilmiy asoslangan ma'lumotlar» bilan ta'minlashga chaqirdi.
Hozirda qizamiq bilan kasallanish darajasi Kongo Respublikasi, Madagaskar va Ukrainada eng yuqori hisoblanadi.
Dunyo bo‘ylab qizamiq bilan kasallanish holatlari soni 2016 yilgacha, kasallik qaytadan avj olgunga qadar muntazam ravishda kamayib borgan.
JSST rasmiylariga ko‘ra, kasallikning tarqalish sabablari har bir mamlakatda turlicha. Ayrim davlatlarda aholini bepul vaksinalar bilan emlash yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan, boshqalarida esa kasallik va uning oldini olish bo‘yicha ishonchli manbalar sezilarli darajada kam.
Mavzuga oid
18:52 / 08.11.2024
Har yili dunyoda 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda - JSST
17:48 / 01.11.2024
Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi
17:08 / 30.10.2024
Dunyoda silga chalinish holatlari oshdi – JSST
00:26 / 27.10.2024