Jamiyat | 11:14 / 02.09.2019
25442
6 daqiqa o‘qiladi

«Gaz bor, suv bor, elektr bor. Bitta shumi muammo? Bo‘ldi, hal qilamiz». Xonqa hokimi tumandagi muammolarga izoh berdi

Yaqinda tahririyatimizga Xorazm viloyati Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Murojaat namunali uylarda yashovchi fuqarolar e'tirozi va tuman markazida amalga oshirilishi rejalashtirilgan «snos» masalalari bo‘yicha edi.

Tumandagi «Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi bir guruh fuqarolarning aytishicha, ular namunali uylarga 2017 yilning oktabr oyida ko‘chib kelishni boshlashgan. O‘sha vaqtda farzandlari uchun bolalar maydonchasi qurilishi ham belgilangan. Shundan buyon tuman hokimligi va bir nechta tashkilotga bu haqda murojaat qilishgan.

«Har safar majlisda dardimizni aytsak yozib olishadi. Lekin bundan foyda yo‘q. Nolimaymiz, uylarimiz, yashash sharoitimiz yaxshi. Ammo farzandlarimiz beton yotqizilgan ko‘chada o‘ynashmoqda. Yiqilib qattiq jarohat olishmoqda. Yaqinda birining qo‘li sindi, boshqasining oyog‘i jarohatlandi.

Yana ko‘chamizning bir necha o‘n metrdagi yo‘liga shag‘al tashlangan, biroq ish oxirigacha yetkazilmagan. Asfalt qoplanmagan. Shunday qolib ketdi. Kamiga biz yashaydigan hududda na mahalla guzari, na sartaroshxona va na boshqa aholi uchun zarur bo‘lgan maskanlar bor. Hokimiyatga borsangiz muammolar hal bo‘lmaydi», - dedi mahalla oqsoqoli fuqarolar nomidan.

Bundan tashqari, ismini oshkor qilmaslikni so‘rab tuman markazida yashovchi bir necha fuqaro tuman markazida rejalashtirilayotgan «snos» va ta'mirga muhtoj bozor masalasida hokimlikdan izoh olib berishni so‘rashdi.

Yuqoridagilarga tushuntirish olish maqsadida tuman hokimi Omanboy Jumanazarov bilan bog‘landik.

«Mahallangizda bolalar maydonchasini quraman degan tadbirkor bormi? Agar shunday tadbirkor bo‘lsa, yer ajratib berardik, masala tez hal bo‘lib o‘yingoh qurar edi.

Mahallangizda yo‘llar tuzatilgan, gaz bor, suv bor, elektr bor. To‘g‘rimi? Yo‘llaringiz betonlashtirilgan, asfaltlangan. Shahardan kam joyi yo‘q. Bitta muammo shumi? Uni ham qilib beramiz», deydi tuman hokimi.

Mahalla raisi bunday gaplar doim takrorlanishini aytib, o‘z e'tirozini bildirdi.

«Ota-onamiz o‘n farzandni tarbiyaladi. U paytlar boshqa edi. Men akamning yirtilgan kiyimini yamab kiyardim. Mendan keyin ukam kiydi. Otam hammamizni bir vaqtda kiyintira olmasdi. Siz ham uch farzandni shunday kiyintira olmasangiz kerak?

Muammoni hal qilish uchun iqtisodiy va boshqa taraflardan yordam olishimizga  ozgina muddat kerak bo‘ladi. Mahallangizdan birorta tadbirkor chiqsa, muammo tezda hal bo‘lardi», - deydi unga javoban hokim.

Shundan so‘ng murojaatchi fuqaro barcha sharoitlar yetarli ekanini ta'kidladi, lekin yuqoridagi muammolar tez orada barham berilishida hokimdan tashabbus ko‘rsatishni iltimos qildi.

Hokim oxirigacha bitkazilmagan yer masalasiga to‘xtalib, unga tutash hududda qurilish ishlari boshlangani, agar o‘sha yer asfaltlansa ham tezda yomon holatga kelishini aytdi. Qurilish ishlari yakunlangach, u yerda qolib ketgan yo‘l ham ta'mirlanishini tushuntirdi. Bolalar o‘yingohi masalasida alohida yer ajratilishini hokim shaxsan nazoratiga oladigan bo‘ldi.

Hokim bozor muammosiga to‘xtalar ekan, rastalar yetarli ekanini aytib, fuqarolarga alohida ajratilgan maxsus joylarda mahsulotini sotayotgan sotuvchilardan savdo qilishni tavsiya berdi. Bozorning ayrim joylarida qurilish ishlari rejalashtirilgani va bu ham mablag‘ masalasi hal etilgach, o‘z o‘rniga tushib ketishi bildirildi.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, tuman markazidagi Al-Xorazmiy ko‘chasi atrofida 154ta uy «snos»ga tushgan. Vazirlar Mahkamasi qarori bo‘yicha o‘sha uylarda yashovchi fuqarolarga ogohlantirish xatlari berilgan. Hozirda baholovchi tashkilotlar tomonidan uyni baholash ishlari amalga oshirilmoqda. Keyin mulklari uchun kompensatsiya puli to‘lanadi. Kelishuv shartnomasi tuzilgach, ularga yer ham ajratiladi. Agar fuqaro rozi bo‘lmasa, o‘sha yerning o‘zida quriladigan uylardan ham belgilangan bahoda olishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun avval belgilangan hujjatlashtirish ishlari tugashi talab etiladi.

Prezident xalq bilan amaldorlar qanday ishlashi lozimligi, ularning dard-u tashvishi bilan kuyib yashash kerakligi, ularning muammolari ijobiy yakun topishida tashabbus ko‘rsatishlarini talab qilmoqda. Tan olish kerak, xalq va amaldorlar o‘rtasidagi ko‘rinmas devor sekin-astalik bilan yo‘qolib bormoqda. Ba'zi mansabdor shaxslar bu siyosat mazmunini anglab yetgan bo‘lsa, anglab yetmayotganlari ham bisyor, afsuski.

Agar mansabdor shaxs bir mummoni hal qilaman deb chin dildan urinsa, bunga albatta erishmoqda. Bahona qilaman desa, bunga ham erishmoqda. Lekin bir narsani barchamiz ununtmasligimiz kerak. Inson manfaatlari barchasidan ustun turadi. Tuman hokimidan ham yuqoridagi muammolar bartaraf etilishida o‘z hissasini qo‘shishini kutib qolamiz.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Zafarbek Solijonov jurnalist,
Mirrahimov Mirvohid tasvirchi

Mavzuga oid