Jamiyat | 20:05 / 02.09.2019
82540
4 daqiqa o‘qiladi

«Har oy 8 million so‘m kredit to‘laymiz». «Straus House»dan norozilar soni ortmoqda

Joriy yilning 26 avgust kuni “«Straus House»dan aholi nega norozi?” nomli maqola e'lon qilingan edi. Unda “Straus House” MChJ bilan 2019 yil yanvar – aprel oylarida tuyaqush yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolab, to‘lovni amalga oshirgan, biroq bugungi kunga qadar pulni ham tuyaqushlarni ham ololmayotgan fuqarolarning muammolari haqida so‘z yuritilgandi.

Mazkur maqola e'lon qilingandan so‘ng, aynan ushbu masala yuzasidan tahririyatga murojaat yo‘llovchilar soni keskin ko‘paydi. Bu safar tuyaqush jo‘jalarini xarid qilish uchun to‘lovni bank kreditlari orqali amalga oshirgan fuqarolarning so‘zlarini tingladik.

Toshkentlik Baxodir Alimov joriy yilning 4 aprel kuni «Straus House» MChJ bilan 12 bosh tuyaqush jo‘jalari uchun shartnoma imzolab, jo‘ja va uning ozuqa yemi uchun “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida TIF “Milliy bank”ning Markaziy amaliyot bo‘limidan 30400000 (o‘ttiz million to‘rt yuz ming) so‘m kredit rasmiylashtirgan. Shartnoma bo‘yicha 90 kunda (4 iyulgacha) yetib kelishi lozim bo‘lgan jo‘jalar va ularning yemidan hanuzgacha darak yo‘q. Bank krediti esa foizlari bilan to‘lab kelinmoqda.

Andijon viloyatidagi ko‘p tarmoqli “Evro Osiyo Biznes Starj” mas'uliyati cheklangan jamiyati ham yaxshi niyatlar ila faoliyat yo‘nalishini yana bittaga ko‘paytirish maqsadida «Straus House» MChJ bilan 100 bosh tuyaqush jo‘jalari uchun shartnoma tuzadi. Bu maqsad uchun imtiyozli asoslarda yillik 8 foiz bank kreditini rasmiylashtiradi va olingan 200 mln. so‘mlik kredit mablag‘larining 160 mln. so‘mini tuyaqush hamda 40 mln. so‘mini uning yemi uchun «Straus House» MChJga to‘laydi.

Shartnoma 2019 yil 21 yanvarida tuzilib, to‘lovlar may oyida to‘liq amalga oshirilgan bo‘lsa-da, shu kungacha jo‘jalardan ham ularning yemidan ham darak yo‘q. Bu vaqt orasida 4 gektar yer olib, uni tuyaqush boqish uchun maxsus vositalar yordamida tayyorlashga ham bir necha million so‘m mablag‘ sarflangan. Bankdan olingan kredit uchun tadbirkor to‘laydigan har oylik foiz miqdori 8 mln. so‘mni tashkil etmoqda. Pullar o‘z vaqtida qaytarilmasa tadbirkorning holi ne kechishini tasavvur qilish qiyin emas.  

Voqealarning bu taxlit rivojlanishi o‘zlarini tuyaqush biznesida sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan qahramonlarimizning hafsalasini pir qilgan. Ular shu vaqtgacha kredit uchun foiz to‘lash evaziga ko‘rgan zararlariga rozi, faqat «Straus House»ga to‘lagan pullari qaytsa bo‘ldi.

Ma'lum bo‘lishicha, ko‘p sonli fuqarolarning shikoyatlariga asosan «Straus House» MChJ vakillarining xatti-harakatlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi departamentning Yunusobod tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

KUN.UZ nashri mazkur organlar bilan bog‘lanib, holat yuzasidan axborot olishga urinib ko‘radi. Voqealar rivojini biz bilan kuzatishda davom eting.

 

Bahodir Ahmedov

Mavzuga oid