Jahon | 11:23 / 03.09.2019
73781
3 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun abonentlarga noma'lum raqamlardan qo‘ng‘iroq qilinayotganining ehtimoliy sababi tushuntirildi

Foto: Fotolia

Oxirgi kunlar ijtimoiy tarmoqlarda mobil aloqa foydalanuvchilariga noma'lum raqamlardan qo‘ng‘iroq qilinib, so‘ngra aloqa uzilib qo‘yilayotgani, bu telefon orqali firibgarlikning yangi turi ekanligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Bu shunday ko‘rinish olgan: foydalanuvchiga noma'lum raqamdan qo‘ng‘iroq keladi, 2 soniyadan keyin esa aloqa uzilib qo‘yiladi. AiF.ru nashri axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis Aleksandr Baranov bilan buni kim nima maqsadda amalga oshirayotganini hamda bunday holatda o‘zini qanday qilib xavfsizlantirish mumkinligi haqida suhbatlashdi.

Nima uchun noma'lum raqamlardan qo‘ng‘iroqlar qilinmoqda?

Ko‘rinishicha, buni firibgarlar amalga oshirib, ular abonent o‘tkazib yuborilgan qo‘ng‘iroqni ko‘rib, o‘sha raqamga o‘zi qayta qo‘ng‘iroq qilishini maqsad qilishgan. Baranovning tushuntirishicha, bunday firibgar firmalar aloqa operatori bilan bitim tuzib, uning shartlariga ko‘ra firibgarlarning raqamlariga kelib tushuvchi har qanday qo‘ng‘iroq pullik bo‘ladi. Ya'ni agar abonent qayta qo‘ng‘iroq qilsa, uning hisobidan ma'lum summa yechib olinadi. Bunday firmalar abonentlar raqamlarini ochiq manbalardan yoki abonentlar bazasini sotib olish orqali olishlari mumkin.

Firibgarlardan qanday himoyalanish mumkin?

Kontaktlaringizga kirmaydigan bunday raqamlarga qo‘ng‘iroq qilmaslik lozim. Agar bu firibgarlar emas, zarurat yuzasidan boshqa bir odam qo‘ng‘iroq qilgan bo‘lsa, u albatta qayta qo‘ng‘iroq qiladi. Agar siz firibgarlar qo‘ng‘iroq qilganidan gumon qilsangiz, raqamni internetdan izlab, u haqida axborot olishingiz mumkin. Shuningdek, nomaqbul raqamni “qora ro‘yxat”ga kiritib qo‘yish mumkin, biroq bu uncha samarali chora emas, chunki firibgarlar o‘z raqamlarini muntazam o‘zgartirib turishadi.

Agar pul yechib olingan bo‘lsa, uni qaytarish mumkinmi?

Mutaxassisning fikricha, nazariy jihatdan pullarni qaytarish mumkin, biroq buni amalga oshirish murakkab va ma'lum xarajatni talab qiladigan jarayondir, chunki bunda abonentning o‘zi qayta qo‘ng‘iroq qilgan.

“Firibgar firma qo‘ng‘iroq qilganini isbotlash juda qiyin bo‘ladi. Odatda, ular huquqiy tomondan yaxshi himoyalangan. Albatta, oldiga maqsad qo‘yib, to‘laqonli sud jarayoni o‘tkazilsa, unda pullar qaytarilishiga erishish mumkin, biroq buni har kim ham istayvermaydi. Bu murakkab texnik ekspertizani jalb qilgan holda kechuvchi sud jarayoni bo‘lib, mo‘maygina pulga aylanadi”, deb tushuntirgan mutaxassis.  

Mavzuga oid