O‘zbekiston | 14:17 / 04.09.2019
61661
9 daqiqa o‘qiladi

«Imomlar o‘zi aytganiga avvalo o‘zlari amal qilishi kerak» - Toshkent shahar yangi bosh imom xatibi bilan suhbat

Shu yilning 25 avgust kuni Toshkent shahriga yangi bosh imom-xatib tayinlandi.

Unga ko‘ra, shu paytga qadar Andijon viloyat bosh imom xatibi sifatida ishlab kelgan Nuriddin domla Xoliqnazarov ushbu vazifada ish boshladi.

Kun.uz yangi reja va maqsadlar haqida eshitish, qaysidir ma'noda yaqindan tanishish maqsadida poytaxtning bosh imom-xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov bilan suhbat tashkil qildi.

Assalomu alaykum domla, avvalo mas'uliyatli vazifa bilan tabriklaymiz va omad tilaymiz.

- Domla, endilikda katta bir hududda ish boshlayapsiz va shaxsiy fikringizni so‘ramoqchiman, bugungi kunda jamiyat hayotida dinning o‘rni qay darajada deb hisoblaysiz?

— Bismillahir rohmanir rohim. Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokotuh!

O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, bir necha kun avval mamlakatimiz poytaxti – Toshkent shahriga bosh imom-xatib qilib tayinlandim. Bu men uchun kutilmagan bir xabar bo‘lganini aytib o‘tmoqchiman. Muftiy hazratlari yig‘ilish qilib, e'lon qilganlarida buni o‘zim ham hayrat va ajablanish bilan qabul qildim.

Lekin Allohning marhamati bilan menga diniy xodim o‘laroq Toshkent shahrida xizmat qilishlik baxti nasib etgan ekan, men eng avvalo Allohdan mazkur xizmatimda o‘zi yordamchi bo‘lishini tilayman.

Bu albatta, juda mas'uliyatli va sharafli vazifa, uning mas'uliyatini men qalban his qilib turibman.

Islom dini ota-bobolarimizdan, qon-qonimizga singib ketgan Allohning katta ne'mati. Alhamdulillah, hammamiz asl fitrat ila musulmon bo‘lib dunyoga kelamiz, so‘ng quloqlarimizga azon va iqomat aytiladi.

Ota-bobolarimiz zaminimizga Islom dini kirib kelgandan so‘ng to hozirga qadar uni saqlash uchun ko‘p jonfidoliklarni, istilolarni ko‘rdi. Bu istilolarda diniy ulamolarimiz ham ko‘pgina qiyinchiliklarni ko‘rishdi. Jumladan, Sobiq ittifoq zamoni, dahriylik davrida «Din – afyundir» degan shior bilan katta yo‘qotishlarni ko‘rdik.

Alhamdulillah, mustaqillikka erishganimizdan keyin Alloh diniy qadriyatlarimizni bizga katta ne'mat qilib berdi.

Dinning o‘rni, hayotimizdagi ahamiyati shundaki, biz mo‘min-musulmon o‘laroq har bir amal, har bir ishimizda xohlaymizmi-yo‘qmi dinga murojaat qilamiz, din orqali tarbiyalanamiz. Faqat bir narsani tushunish kerakki, dinga amal qilishda, avvalo uning mohiyatini o‘rganib olishimiz kerak.

Din o‘zi nima? Nima uchun Alloh taolo bizga dinni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni yubordi?

Avvalo, bularning sababini bilib olishimiz kerak.

Birinchi navbatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vassallamni butun olamlarga rahmat o‘laroq kelganligini unutmasligimiz kerak. Alloh taolo Qur'onda «Biz sizni olamlarga rahmat qilib yubordik», deya marhamat qilgan.

Payg‘ambarimiz ham aytadilarki, «Men butun axloqlarni butun go‘zallikka yetkazishlik uchun yuborilganman».

Dinimiz mana shunday odob, axloq va taqvo ustiga qurilgan dindir. Shuning uchun, barchamiz, avvalo, dinimizning mohiyatini to‘la anglashimiz kerak. Kimki musulmon o‘laroq dinining ahamiyati va mazmunini to‘g‘ri anglar ekan, u insondan hech yomonlik chiqmaydi. Bu haqda Payg‘ambarimiz tilidan aytilgan, hammamizga mashhur hadis bor: «Chin musulmon shunday kishiki, boshqalarga uning tilidan ham, qo‘lidan ham ozor yetmasin».

Din bizning ong va shuurimizga ana shu odob va tushunchada kirib borishi kerak.

- Dinning ahamiyati haqida gapirdik, ayting-chi, bugun biz muqaddas dinimiz Islomga qanchalik amal qilyapmiz? Bu borada yutuq va kamchiliklarimiz nimadan iborat?

- Alhamdulillah, bugun dinimizga e'tiqod qilish, diniy ibodatlar uchun hamma sharoitlar yaratilgan.

Dinimizning asl mohiyati bu – ilm. Ilm va aqidasiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi.

Ahli sunna val-jamoa e'tiqodimizda inson o‘z aqidasini to‘g‘ri tushunishi, bunga esa ilm bilan kirib borishi kerakligi birinchi navbatdagi vazifalardan qilib belgilab qo‘yilgan.

Bizning qilayotgan ibodatlarimizdan ko‘zlangan eng oliy maqsad esa bandachilik, ya'ni, Allohning oldida o‘zini banda bilish kabi xislatlarni ko‘paytirishimiz kerak.

Kishilar dinimizda faqat harakatlar ustiga o‘tirib olishi kerak emas. Masalan, namoz o‘qish, ro‘za tutish bular hammasi odatlarning gultoji, lekin din bu faqat shu odatlarning o‘zidan iborat tushuncha emas.

Alloh taolo Qur'oni Karimda buyurgan buyruq nima bo‘ldi? – «Allohga ibodat qiling, unga hech kimni sherik qilmang!». Alloh taolo ibodatda Allohdan boshqasini sherik qilmang, deya buyruq berib, orqasidan «Va ota onangizga yaxshilik qiling!», deydi.

Qarang, boshqa hech qanday buyruq bermayapti Alloh taolo. Ibodatdan keyingi eng birinchi topshiriq bu – ota-onaga yaxshilik qilish.

Demak, mo‘min-musulmon kishining ibodatdan tashqari ishi yaxshilik qilish.

Ibodat amalida bir narsaga e'tibor berishimiz kerak, asrlardan beri bizlar, alhamdulillah, Ahli sunna val-jamoadanmiz, Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhi mazhabida, Motrudiya aqidasidamiz. Mana shu mazhabdagi amallarimiz hammasi go‘zal va eng mo‘'tadil. Ammo so‘nggi vaqtlarda yoshlarimizning ibodatlarida boshqa mazhablarga, boshqa yurtdagi odatlar yoki bemazhablarga taqlidini ko‘rib qolmoqdamiz. 

Bular esa bizni xavotirga solmoqda. Aslida biz qadimdan Hanafiy mazhabiga amal qilib kelganmiz va shuning uchun ham kishilar orasida kelishmovchiliklar kuzatilmagan. Yoshlarimizning ibodat jarayonidagi ko‘plab taqlidlarini eng xatarli ish degan bo‘lardim. Yoshlar o‘z mazhabiga sadoqatli bo‘lishi, biz buni o‘rgatishimiz kerak.

- Dinning jamiyatdagi o‘rni haqida gapirdik. Endi mana shu dinimizning qonun qoidalari, amallarini mo‘min-musulmonlarga yetkazib beruvchi imomlar haqida gaplashsak. Xo‘sh, imomlarimizning bugun jamiyatda o‘rni qanday, ular oilalarda diniy tarbiyani mustahkamlash borasida o‘z vazifalarini ado eta olyaptilarmi?

Albatta, shaxsan o‘zim ham shu qatordagi kishi sifatida imomlar haqida biror salbiy fikrni eshitsam qalbim titraydi. Imomatchilik bu juda og‘ir, mas'uliyatli va sharafli vazifa. Arablarda bir maqol bor: «Imamuna - amamuna» ya'ni, imomlarimiz bizning peshvolarimiz. Imom har bir narsada peshvo bo‘lishi kerak. U o‘zining gap-so‘zi, yurish-turishida va birinchi navbatda oilasida namunali bo‘lishi kerak. Odamlarga kamtarlik, tavozeni targ‘ib qilayotgan imom dastlab o‘zi kamtar bo‘lmog‘i kerak.

Qadimdan bir hikoya keltiriladi, mazhabboshimiz imomi A'zamning oldilariga bir kishi kelib farzandining ko‘p asal yeyayotganidan shikoyat qiladi, bir nasihat qilib qo‘ying, deya iltimos qiladi. Holbuki, o‘sha asal shikoyat qilib kelgan kishining bolasiga ziyon keltiradi, kasali bor ekan.

Mazhabboshimiz mayli, keyin nasihat qilaman, deya bir kunni belgilaydilar.

Oradan bir muddat o‘tgach o‘sha bolaga sen shu asalni yemagin, sog‘ligingga zarar keladi, degan ma'noda nasihat qiladilar. Shunda haligi yosh bola o‘sha kundan asal yeyishni to‘xtatadi. Ota-ona hayron bo‘lib, hazrat, nega shuni avvalgi kelganimizda aytmadingiz, desa, imomi A'zam men ham asalni ko‘p yer edim, sen aytganingdan keyin men o‘zimni shu narsadan tiydim-da, keyin bolangga aytdim, shunda mening so‘zlarim bolangga ta'sir qildi, degan ekan.

Hozirgi imomlarimiz avvalgi imomlardan farqli. Imomlar o‘z qavmi, odamlar uchun mas'ulligini, vazifaliligini unutmasliklari kerak.

Toshkent shahrining bosh imom-xatibi suhbat davomida shuningdek, masjidlarda o‘qilayotgan mav'izalar, ularda siyrat qolib ko‘proq suratga e'tibor qaratilayotgani, yangi vazifaga kirishgandan keyingi reja va maqsadlari haqida fikrlarini bildirdi.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid