O‘zbekiston | 16:55 / 04.09.2019
53563
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vazirining yangi birinchi o‘rinbosari tayinlandi. U bungacha «Tashkent city» qurilishiga mas'ul edi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 avgustdagi PQ-4434-sonli Qaroriga muvofiq, Sherzod Saidjanovich Xidoyatov O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Sherzod Xidoyatov 2018 yil mayidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Tashkent city» xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida obektlarni qurish va ulardan foydalanish direksiyasi davlat unitar korxonasi direktori vazifasida ish yuritayotgan edi.

Sherzod Xidoyatov 1980 yilning 20 avgustida Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006 yilda Toshkent davlat texnika universitetini tugatgan.

Mehnat faoliyatini 1998 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining Tashkiliy-nazorat boshqarmasi umumiy bo‘limida nusxa ko‘chirish bo‘yicha nozirlikdan boshlagan. Turli yillarda bir qator korxona va tashkilotlarda mehnat qilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining Tashkiliy-nazorat boshqarmasida turli vazifalarda, «NORDLINK ALIMINIUM BUILDING MATERIALS» mas'uliyati cheklangan jamiyati xorij korxonasi direktorining o‘rinbosari, «DREAM PRODUCTION» mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasi direktori, «Toshkent transformator zavodi» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori, «DURABEL BETON» mas'uliyati cheklangan jamiyati direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2018 yil mayida Toshkent shahri hokimiga aylangan Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘rniga «Tashkent city» xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida obektlarni qurish va ulardan foydalanish direksiyasi direktori etib tayinlangan.

Biroz avvalroq, 2018 yil aprelidan buyon Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Botir Zokirov prezident farmoni bilan Qurilish vaziri lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.

Qurilish vazirligi 2018 yilning 2 aprel kuni  prezidentning «Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan tashkil etilgandi. O‘shanda vazirlikka Olmazor tumani hokimi bo‘lib turgan Abduqahhor To‘xtayev (2005-2011 yillarda Toshkent shahri hokimi bo‘lgan) yangi rahbar etib tayinlangandi. U 2019 yilning mayida lavozimdan ozod etilib, Toshkent shahrining Shayxontohur tumani hokimi lavozimiga o‘tkazildi.

Ma'lumot uchun, ayni vaqtda Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosaridan tashqari yana to‘rt nafar o‘rinbosari bor: Kozim Nosirovich To‘laganov, Shuhratxo‘ja Rahmatjonovich Hoshimov, Erkin Bo‘riyevich Iskandarov va Bahodir Abduqayum o‘g‘li O‘raqov.

Mavzuga oid