O‘zbekiston | 12:51 / 05.09.2019
27800
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident ayrim sport federatsiyalari faoliyatini tanqid ostiga oldi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 sentabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 
 
«Bugungi kunda yozgi Olimpiadaga tayyorgarlik ahvoli bizni mutlaqo qoniqtirmaydi. Hozirgacha Tokio Olimpiadasida qatnashish uchun bor-yo‘g‘i 3 ta sport turi bo‘yicha 4 ta litsenziya qo‘lga kiritilgan, xolos. Shuning uchun, Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rishda mavjud quyidagi muammolarni hal etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tizimli choralarni ko‘rishimiz zarur.

Qator sport federatsiyalari va hokimliklar Olimpiya sport terma jamoasini shakllantirishga va yuqori natijalarni ta'minlaydigan sportchilar uchun shart-sharoit yaratishga yetarli darajada e'tibor bermagan. Jumladan, navbatdagi Olimpiadaga qatnashish uchun chim ustida xokkey, ot sporti, voleybol bo‘yicha litsenziyalarni qo‘lga kiritish imkoniyati boy berib bo‘lindi. Xuddi shunday holat davom etsa, futbol va suv polosi bo‘yicha ham litsenziyalarni olish masalasi shubha ostida qolishi mumkin.

Yengil atletika sport turlari bo‘yicha o‘tgan Rio Olimpiadasida 16 ta sportchimiz ishtirok etgan bo‘lsa, Tokio Olimpiadasi bo‘yicha atigi 6 ta litsenziyani olish mo‘ljallanmoqda. Yengil atletika federatsiyasi rahbari Andrey Abduvaliyevga savol – nega avvalgi Olimpiada bilan taqqoslaganda litsenziyalar soni keskin kamayishiga yo‘l qo‘yilgan? Og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov  litsenziyalar 5 tadan 4 tagacha kamaygani, yetakchi sportchilarning doping mojarosiga aralashib qolganini qanday tushuntirib beradi?

O‘tgan Rio Olimpiadasi kabi, Tokioda ham yutuqlarni faqat yakkakurash sport turlari hisobiga qo‘lga kiritamiz, degan fikr bilan ish yuritish – bilib qo‘yinglar, bu mutlaqo noto‘g‘ri yondashuvdir. Ta'kidlash kerak, so‘nggi 6 ta Olimpiya o‘yinlarida suzish, stol tennisi, o‘q otish kabi sport turlari bo‘yicha biron-bir marta hatto kuchli 10 talikka ham kirmaganmiz», - dedi davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin IWF o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Rustam Jangaboyevni sportdan vaqtincha chetlatgandi. Undan avval Ruslan Nuriddinov doping sababli og‘ir atletikadan chetlashtirildi.

Mavzuga oid