«Vazirlar Mahkamasi qarori Konstitutsiyaga zid edi» - Akmal Saidov maktablarga qabulni pullik qilmoqchi bo‘lganlarni tanqid qildi
6 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Kun tartibidagi dastlabki masala — «Ta'lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni yangi tahrirdagi loyihasining birinchi o‘qishdagi muhokamasi qizg‘in kechdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati – Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining raisi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov Toshkentdagi maktablarda pullik qabulni joriy qilish to‘g‘risidagi qaror borasida so‘z yuritarkan, xalq ta'limi vazirini tanqid qildi.
«...vazir janoblari Konstitutsiyaning 41-moddasini o‘qishi kerak. Hatto Toshkentdagi 81ta maktabda 10 mln so‘mdan pul olib o‘qitamiz deb, Vazirlar Mahkamasining qarorini qabul qilishdi. Odamlar navbatda turgandi. Bir marta gapirgandim, bekor qilishdi. Konstitutsiya degan narsa bor. O‘ylashimcha, birinchi rahbarlarning o‘zi Konstitutsiyani yaxshilab o‘qib olishi kerak. Ta'limdagi pullik va bepul masalasi hamon ochiq turibdi. Bu judayam katta masala», dedi Akmal Saidov.
Saidov shuningdek, ta'lim sohasidagi korrupsiya masalasiga to‘xtalib o‘tdi.
«Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqda eng ko‘p muhokamalar oliy ta'limda kontrakt uchun to‘lanadigan pulning miqdori to‘g‘risida ketyapti. Bizda eng katta muammo afsuski, ta'lim tizimimizda korrupsiyaviy ongni shakllantirdik. Bog‘chadan boshlab... Bog‘chadagi bolangizning tarbiyachisiga tug‘ilgan kuni, yangi yil, 8 martda sovg‘a qilmasangiz, aytadi, anavi bunday sovg‘a qilibdi, deb. Keyin maktabda, oliy ta'limda boshlanadi», dedi u.
Shuningdek, parlament a'zolari «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi, «Bola huquqlari kafolatlarining yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va ko‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihalarini ham birinchi o‘qishda atroflicha muhokama qilishdi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 469-qaroriga muvofiq Toshkentdagi 81ta maktabda 1-sinfga qabul uchun tajriba sifatida yangi tizim joriy qilinmoqda. Unga ko‘ra boshqa mikrohududdagi maktablarning 1-sinfiga hujjat topshirganlar va maktab yoshiga yetmagan bolalar qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinishi, buning uchun eng kam ish haqining 10 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik yig‘im undirilishi belgilangandi.
Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ham Facebook’dagi sahifasida talab yuqori bo‘lgan poytaxt maktablarida yangi o‘quv yilidan bolalarni 1-sinfga qabul qilishning yangi tizimi joriy etilishi borasida tushuntirish bergandi.
Shunga qaramay bu tartib ijtimoiy tarmoqda ko‘pchilikning noroziliklariga sabab bo‘lib kelgan, keyinroq 19 iyun kuni Sherzod Shermatov maxsus matbuot anjumani tashkil qilib, jurnalistlarning savollariga javob qaytargandi. Matbuot anjumani davomida vazir poytaxtning 81ta maktabida joriy etilayotgan yangi tartib O‘zbekiston Konstitutsiyasiga zid emasligini bildirgandi.
Avgust oyi boshida Xalq ta'limi vazirligi Toshkentdagi 81ta maktabga qo‘shimcha kvota bo‘yicha pullik qabul amalga oshirilmasligini ma'lum qildi.
Mavzuga oid
12:08 / 21.12.2024
Zagrebdagi maktabda pichoqli hujum: bir bola halok bo‘ldi, yaralanganlar bor
19:39 / 19.12.2024
Namanganda maktab direktori xizmat xonasini qimorxonaga aylantirdi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
15:00 / 07.06.2023