Jamiyat | 15:48 / 10.09.2019
16927
9 daqiqa o‘qiladi

Sinov va umidlar maskani... Bolalar shifoxonasiga navbatdagi tashrif. Ular Sizning ko‘magingizni kutishmoqda

Kun.uz sayti hamda poytaxtdagi “Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish instituti”ning hamkorligi doirasidagi xayriya aksiyalar yana jonlanmoqda. Bu safar ham shifo umididagi bolalar holidan xabar olish uchun yo‘lga chiqdik.

Bu shifoxonada boshqalaridan farqlanadi. Ko‘zlariga mung ilashgan bolalar ham, ularni qo‘llab yonlarida turgan onalar ham, shifokorlarning bir imosiga mahtal bo‘lib, hovlida yurgan otalar ham hadik va umid bilan kun kechiradilar. Bu maskandagi yordam ilinjida tikilib turgan nigohlarga qarash juda og‘ir, o‘zidan orttirib ko‘mak berish uchun kelganlar kimnidir xursand qilishsa, o‘zlari bilmagan holda kimningdir ko‘nglini og‘ritib ham qo‘yishadi. Sababi – hammaga madad bo‘lishning iloji yo‘q. Shuning uchun ham bu yerda har qanday yordam – kattasi ham, kichigi ham qadrli. Har qancha homiy bo‘lsa, beqiyos o‘rni bor. 

Bugun ham bir qancha bemorlar haqidagi lavhalarni e'tiboringizga havola qilamiz. Ishonamizki ularning murakkab taqdiri sizlarni befarq qoldirmaydi.

Birinchi bemorimiz Yoqutxon Ahmatova 14 yoshda, Toshkent viloyati Bekobod tumanidan. 2017 yilda oqqon kasalligiga chalingan bo‘lsa, o‘tgan ikki yil davomida davolangan va sog‘ayib ketgani uchun uyiga javob berilgan. Ammo yaqinda, Yoqutxon barcha dugonalari bilan maktabga borishni rejalashtirib yurgan kunlarda kasallik yana qaytalanib qolgan.

– O‘tgan safar davolanayotganimizda sochlarim to‘kilib ketgandi. Shu bois uyalganimdan opajonimning to‘yiga ham bora olmadim. Bir ukam bor, rosa men bilan maktabga borishni orzu qiladi. Biror marta ukam bilan birga yetaklashib darsga borish nasib qilmadi. Hozir ham dugonalarim har kuni telefon qilishadi: “Yoqutxon, qachon kelasan, seni sog‘indik” deyishadi. “Men yaqinda boraman, kutinglar” deyman, keyin boshimni yostiqqa burkab yig‘layman. Iltimos, bizga yordam beringlar, meni davolataman deb ota-onam juda qiynalib qolishdi-, deydi qizgina.

Yoqutxon qo‘shiqlar aytarkan. Bizga mungli bir qo‘shiqdan parcha aytib berganida suratga olish jarayonidagi barcha ishtirokchilar ko‘zyoshlarini tiyib tura olmadilar.

Plastik karta raqami: 8600 5729 4947 9138 “Oriyentfinans” bank, otasi Baxtiyor Ergashev nomida.

Shifo ilinjidagi keyingi bolajon, 7 yoshli Farog‘at Xolmahmadova Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidan kelgan. Oilaning daromadi haminqadar, ona farzandini parvarishlab shifoxonada yotibdi, yolg‘iz otaning topgani ro‘zg‘ordan ortmaydi. Farog‘atning qarindosh-urug‘lari, ayniqsa amakisi qarab turgani yo‘q. Leykoz kasalligi badavlat insonlarni ham gandiraklatib qo‘yadigan bir dardki unga chalingan o‘rtahol oila ne kuyga tushishini anglash qiyin emas.

– Hech kimning boshiga bunday kun tushmasin, dushmanimga ham buni ravo ko‘rmayman, bolalarimiz kasal bo‘lishmasin-, deydi onasi Sohiba Sultonova ko‘zyoshlarini tiya olmay. Bor umidimiz Allohdan, yaxshi insonlar qo‘llari bilan bizga ko‘mak berishiga ishonamiz.

Plastik karta raqami: 8600 0609 4471 8718 “Xalq Banki”, 4728 3300 0011 8941 Viza karta, onasi Sohiba Sultonova nomida.

Yaxshi insonlar ko‘magidan umid qilayotgan yana bir bemor Muslima Baxtiyorova endigina ikki yoshga to‘ldi. Yosh oilaning yagona ovunchog‘i bunday murakkab dardga chalinib qolishi ota-onani g‘amga cho‘mdirgan. Ona qizaloq bilan, otasi Ilhom Ahmedovning yelib yugurgani dori-darmonlarga yetmaydi. Oila dorixonalardan anchagina qarz bo‘lib qolgan. Yaqinlarining ko‘magi ham ko‘pga bormaydi.

– Qizginamning bu holga tushishi bizni juda shoshirib qo‘ydi. Avvaliga bunday kasallik deb o‘ylamagandik, endi esa qanday yo‘l tutishni bilmay boshimiz qotgan. Bola kasal bo‘lmasin ekan, ayniqsa mana bunday og‘ir kasallikdan juda qiynalib ketdik-, dedi biz bilan suhbatda Muslimaning onasi Zarnigor Ahmedova.

Plastik karta raqami: 8600 0417 9003 7411 “Agrobank”, 4187 8200 0025 2542 Viza karta, otasi Ilhom Ahmedov nomida.

Navbatdagi bemorimiz taqdiri ko‘pchilikni o‘ylantirishi tabiiy. 11 yoshli Sevara Safarboyeva Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanidan kelgan, shifoxonada onasi bilan birga davolanmoqda. Ayni o‘ynab-kuladigan, maktabga boradigan kunlarida ko‘zidagi mung bilan kasallikka qarshi kurashayapti.

– O‘zim maktabda hovlibon bo‘lib ishlayman, maoshim juda kam, ro‘zg‘orga ham yetar-yetmas. Ammo bu kasallik qarshisida butunlay ojiz qoldik... Dadasi ko‘p yillar oldin vafot etgan, farzandlarimni yolg‘iz o‘zim katta qilayapman. Boshimga tushgan shuncha dardlar yetmasmidi...- yig‘lab so‘zlaydi Sevaraning onasi Rohatoy Abillayeva.

Endigina 40 yoshni qoralagan onaning ko‘zlarida dard, sochlarida oq... Bolaga taskin bo‘lishning o‘zigina kamlik qiladi. Qimmatbaho dorilar doimo kerak, qarzlar esa ortgandan ortib ketgan. Saxovat ilinjidagi insonlarning savob ishlash imkoniyati har qachongidan ham katta.

 Plastik karta raqami: 8600 0423 1449 1670 “Agrobank”, onasi Rohatoy Abillayeva nomida.

Aksiyamizning bugungi qismidagi so‘nggi bemor Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidan kelib davolanmoqda. 16 yoshli Xurshidbek Hojiyev ham oqqon degan murakkab dard bilan olishib toliqqan. Ayni yigit yoshiga kirgan, o‘rtoqlari bilan hayotning ilk pillapoyalarida orzular qiladigan paytida kasallik Xurshidbekni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Hozir u buvisi bilan ijara uyda yashab davolanmoqda.

– Nabiramning ahvolini ko‘rish juda og‘ir, umuman bu kasallikka chalinganlarning ko‘ziga qarash qiyin. Ijara pullarini to‘lash, dori-darmonlar olishga ancha qiynalib qoldik. Yaxshi insonlar ko‘magiga muhtojmiz-, deydi Xurshidbekning buvisi Xursanoy aya.

Plastik karta raqami: 8600 3329 9738 1862 “Ipotekabank”, otasi Rohatoy Isroiljon Burayimov nomida.

Shifokor Sapura Ibragimova bemorlar borasida shunday fikrlar bildirdi:

– Bemorlarimizga davlatimiz tomonidan qulay sharoitli shifoxona qurilgan, shinam palatalar ishga tushirilgan, yeguliklar ta'minlanadi, bolajonlarimiz o‘ynashlari uchun xonalar ajratilgan. Zarur dori vositalari ta'minoti ham yo‘lga qo‘yilgan. Ammo davolanish rejalari, uslublari muntazam o‘zgarib turadi, yangi-yangi dorilarga ehtiyoj seziladi, ajratilgan dorilar yetarli bo‘lmay qoladi. Shu bois ko‘pchilik bemorlarimiz homiylar ko‘magiga muhtoj bo‘lib qoladilar.

Aziz yurtdoshlar, bag‘rikeng insonlar! Sizning saxovatli qo‘llaringiz shu paytgacha ham ko‘pchilikka ko‘mak bergan, bundan keyin ham muhtojlarga suyanchiq bo‘ladi. Bugun e'tiboringizga havola etilgan qorako‘zlar taqdiri ham saxiy insonlar yordamida yaxshi tomonga o‘zgarishi mumkin. Ulkan savoblar sizni kutayapti.

Abror Zohidov, tasvirchi Abdusalim Abduvohidov.


Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzuga oid