Polda o‘tirgan o‘quvchilar. Hokimlik va maktab direktorining izohi turlicha, haqiqatni kim aytadi?
Bugun, 12 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 2-umumiy o‘rta ta'lim maktabining 4 sinf o‘quvchilari stol-stulsiz polda o‘tirgani aks etgan surat tarqaldi.
Keng muhokamalarga sabab bo‘lgan mazkur surat 10 sentabr kuni «Navoiy Kanal» ijtimoiy kanalida «Zarafshon shahriga yangi maktab qurilgan, stol-stul berilmadi, eski SSSR davriga qaytayapmizmi?» izohi bilan e'lon qilingan.
Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati mazkur masala vazirlik vakolatiga kirmasligini ma'lum qilib, viloyat matbuot xizmati bilan bog‘lanishni tavsiya qildi.
Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati tomonidan ma'lum qilinishicha, mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida 10 sentabr kuni Zarafshon shahar xalq ta'limi bo‘limida ishchi guruh tuzilgan va 2018 yil «Obod mahalla» dasturi doirasida qo‘shimcha bino qurilgan 2ta umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘rganilgan.
Telegramdagi kanalda e'lon qilingan suratdagilar 2-umumiy o‘rta ta'lim maktabi 4-sinf o‘quvchilari bo‘lib, suratda 3 sentabr kuni o‘quvchilar kitoblarni olishga kelgan payt tasvirlangani haqida xulosa qilingan.
«Zarafshon shahrida 12ta umumiy o‘rta ta'lim maktabi mavjud. So‘nggi 2 yil ichida 5ta umumta'lim maktabi «Obod mahalla», «Obod qishloq» dasturi doirasida mukammal ta'mirlandi. O‘quvchilar soni ko‘p bo‘lgani uchun 2018 yilda 3ta maktabga qo‘shimcha binolar qurilib foydalanishga topshirildi.
Viloyat hokimining 2019 yil 15 iyuldagi F-47-sonli farmoyishiga ko‘ra, 2019 yilgi «Obod qishloq», «Obod mahalla» va «Obod markaz» davlat dasturlariga kiritilgan jami 27ta umumta'lim maktablarini zaruriy jihozlar bilan jihozlash xarajatlari uchun dastlabki 1,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va 14ta umumta'lim maktabiga zaruriy jihozlar yetkazib berildi.
Shuningdek, mazkur maktabning (Zarafshon shahridagi 2-umumiy o‘rta ta'lim maktabi nazarda tutilmoqda – tahr.) yangi qurilgan qo‘shimcha binosi 2019 yil 3 sentabr kunining ikkinchi yarmida vaqtinchalik (yangi o‘quv jihozlari yetkazib berilguniga qadar) Zarafshon shahrida joylashgan, bugungi kunda faoliyati to‘xtatilgan kasb-hunar kollejlardan yetarlicha parta, stol va doskalar bilan ta'minlandi. Maktabda o‘quv jarayonlari joriy yilning
4 sentabr kuni to‘liq jihozlangan holda boshlandi.
Yuqoridagilarga asosan viloyat xalq ta'limi boshqarmasi Zarafshon shahar 2-umumta'lim maktabi yangi qurilgan qo‘shimcha o‘quv binosiga jihozlar yetishmasligi yuzasidan yuborilgan murojaatni asossiz deb hisoblaydi», deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati bergan ma'lumotda.
Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati ushbu sinf xonalari jihozlangani ko‘rsatilgan suratlarni taqdim etdi.
Bu ma'lumot OAVda tarqalganidan keyin shov-shuvli suratni birinchi bo‘lib tarqatgan telegramdagi «Navoiy Kanal» kanali mualliflari hokimlik ma'lumotiga qarshi yana bir post qoldirishdi. Unda ushbu holat hokimlik ma'lumotida aytilganidek, 3 sentabr kuni emas, balki o‘qish boshlangan kunlarda ro‘y bergani ta'kidlangan.
«Bizni yolg‘onchiga chiqarish ham oson bo‘lib qoldi. Bu holat o‘quv kunlarida bo‘lganini isbotlovchi sabablarni aytaman. Ongni ishlatsa, 15 yoshli bola ham biladi bu o‘quv kunida bo‘lganini.
Birinchidan, yuborgan odam buni o‘quv kunlarida bir necha kun shunaqa o‘quv bo‘lganini aytgan. Ikkinchidan, bolalar kitob olishga borgan bo‘lsa, nega ularning oldida daftar va ruchka ham bor? (yaxshilab qarang) Oldilarida kitobni ko‘rmadim, faqat kundalikni ko‘rdim.
Uchinchidan, nega ular dam olish kunida formada? Maktabdan kitob olish uchun. To‘rtinchidan, siz farzandingizni biror marta dam olish kunida forma bilan maktabga yuborib kitob oldirtirganmisiz?
Boshqa faktlarni alohida rasm qilib ham kanalga tashlayman. O‘zimni 100 foiz haq deya olmayman, to‘g‘ri. Lekin tepada keltirganlarim asosli», deyiladi postda.
Shundan so‘ng Kun.uz muxbiri 2-umumiy ta'lim maktabi direktori Dilbar To‘xtayeva bilan telefon orqali gaplashdi.
«Bu maktabda mehnat qilayotganimga ikki yil bo‘ldi. Har yili o‘qish jarayonlari oldidan o‘quvchilarning harakatini bilish uchun nazorat yig‘ilishini o‘tkazish an'anaga aylangan. Bunda necha nafar bola maktabga kelishi, qanchasi o‘qishini boshqa bilim dargohiga ko‘chirganini aniqlaymiz. O‘quvchilar ham bir-biri bilan o‘zaro tanishadi, kutubxonaga kirib, kitob oladi.
Maktabimiz 1969 yili qurilgan. 50 yildan so‘ng «Obod mahalla» dasturi bo‘yicha 11 oy muddatda mukammal ta'mirlanib, 18 xonadan iborat qo‘shimcha blok bunyod etildi. Ushbu yangi xonalarga o‘quv ta'minotiga jihozlar buyurtma berganmiz. Ammo ular kelguniga qadar yangi o‘quv yiliga shahardagi faoliyati tugatilgan tibbiyot hamda kon-metallurgiya kasb-hunar kollejlaridan eski stol-stullar olib kelib, to‘ldirildi. 18ta xonadan ikkitasi to‘garaklar uchun ajratilgan. Birida faoliyat yuritilyapti. Ikkinchi xona esa loydan kulolchilik mahsulotlarini yasaydigan tandirga o‘xshash 8 million so‘mlik uskuna kelgunicha bo‘sh turibdi. Shu bois, stol-stol va boshqa jihozlar qo‘ydirmayapmiz. U yerda chizmachilik va ta'sviriy san'at fani o‘qituvchisi Lobar Jabborova o‘quvchilar uchun go‘zal san'at asarlari tayyorlashni o‘rgatish niyatida. Internetda tarqalgan surat o‘sha xonada olingan.
Aslida maktabimizda muhit sog‘lom. Biroq qaysidir o‘qituvchi 4-«B» sinf rahbari yoki boshqa hamkasbiga achchiq qilib, shaxsiy adovati tufayli bolalardan foydalanishga qaror qilgan, deb o‘ylayman. Bunchalik shov-shuv ko‘tarishdan nima naf ekanligiga hayronman», deydi maktab rahbari.
Ko‘rinib turibdiki, uch tomon vaziyat bo‘yicha uch xil fikr bildirmoqda. Viloyat hokimligi suratdagi o‘quvchilar maktabga kitob olish uchun kelganini aytmoqda, insayder bu surat o‘quvchilar maktabga darsga kelganida olinganini ta'kidlamoqda, maktab direktori esa o‘quvchilar o‘tirgan xona ataylab jihozlanmagani, bu yerda o‘quvchilarga hunarmandchilik sir-asrorlari o‘rgatilishi rejalashtirilganini bildirgan.
Bu chigal vaziyatda qaysi tomonning gapi to‘g‘riligini aniq aytib bo‘lmaydi.
Hokimlikning surat bo‘yicha talqini ko‘proq shoshilinch o‘ylab topilgan javobga ham o‘xshaydi, chunki suratdagi o‘quvchilar maktab formasida, qolaversa kitob tarqatish uchun ularni aynan shu xonadagi polga o‘tirgizib qo‘yishga qanday zarurat borligi tushunarsiz. O‘z navbatida hokimlik versiyasini rad etgan maktab direktorining javobi ham unchalik ishonarli emas, viloyat hokimligi tomonidan yo‘llangan suratlarda ayni vaqtda bu xona jihozlab bo‘lingani ko‘rsatilgan. Surat manbasi esa bu surat 3 sentabr, dam olish kunida emas, balki o‘qish boshlangan kunlarda yuz berganini, o‘quvchilar chindan shu holatda dars o‘tishganini ishonch bilan aytmoqda.
Balki uchala tomon ham haq bo‘lmasligi mumkin. Shunday ekan, vaziyatga oydinlik kiritish uchun qo‘shimcha tekshirish o‘tkazishga zarurat bor. Shu orqali haqiqat qaror topishi mumkin.
Mavzuga oid
16:39 / 28.12.2024
Putin rus tilini bilmaydigan migrant bolalarini maktabga qabul qilmaslik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
15:02 / 25.12.2024
Ayrim maktab xodimlariga ustamalar to‘lash takomillashtiriladi
12:08 / 21.12.2024
Zagrebdagi maktabda pichoqli hujum: bir bola halok bo‘ldi, yaralanganlar bor
19:39 / 19.12.2024