O‘zbekiston | 20:00 / 13.09.2019
12116
3 daqiqa o‘qiladi

2030 yilgacha O‘zbekistonning 61 foiz aholisi shaharlarda yashaydi - Jahon banki mutaxassisi

Bugun, 13 sentabr kuni, Radisson Blu mehmonxonasida Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiya agentligi mutaxassislari O‘zbekistonda urbanizatsiya jarayonlari mavzusida tadbir o‘tkazishdi. Unda xalqaro va mahalliy ekspertlar o‘z mulohaza va takliflarini bildirishdi. Jahon bankining shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi Rozanna Nitti O‘zbekistonda urbanizatsiyaning ahamiyati haqida gapirdi.

«O‘zbekistonning 70 foiz aholisi ishlash qobiliyatiga ega. 1996-2016 yillarda YaIM 16,5 foizga oshdi. Ushbu ko‘rsatkichlar iqtisodiyot rivojlanayotganidan darak beryapti. Demak, taraqqiyotni jadallashtirishda ko‘proq shaharlar qurishga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Bunda bir qator muammolar bor, ya'ni fuqarolarni ishsizlik qiynaydi va hududlardagi infrastrukturaviy imkoniyatlar kam. Hozir O‘zbekiston aholisining 51 foizi shaharlarda yashaydi. Har yili ta'lim maskanlaridan 500 ming bitiruvchilar chiqadi. Bu shuncha ishchi kuchi va shunga yarasha ish o‘rni yaratish kerakligini anglatadi. Shu jihatlarni hisobga olib, 2030 yilgacha O‘zbekiston aholisining 61 foizi shaharlarda istiqomat qilishi uchun hozirdan harakatlar olib borilyapti. O‘zbekiston hukumati oldida ushbu rejani amalga oshirishda qanday yo‘nalishdan borishi ko‘ndalang masala bo‘lib turibdi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, Urbanizatsiya agentligi vakili Alisher Xoldorovning so‘zlariga ko‘ra, niderlandiyalik xalqaro ekspert ko‘magida O‘zbekistonni 2030 yilgacha urbanizatsion rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Uning asosiy maqsadi shaharlarni kompleks rivojlantirish orqali aholi yashash sharoitlarini oshirish va iqtisodiy o‘sishni ta'minlashdir. Konsepsiya loyihasi shu yilning 9 iyulida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Loyiha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

Respublika shaharlarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha izlanishlar o‘tkazilganda, 26ta shahar va tuman bosh rejalari ko‘rib chiqildi. Ularning 14tasi (Toshkent shahri, Olmaliq, Ohangaron, Angren, Bekobod, Nurafshon, Chirchiq, Yangiyo‘l, Chortoq, Kogon, Namangan, Guliston, Yangiyer, Xovos va Marhamat tumanlari) bo‘yicha tegishli xulosalar berildi.

Mavzuga oid