O‘zbekiston | 18:54 / 17.09.2019
39928
8 daqiqa o‘qiladi

Fatvo va uning odoblari, fatvo beruvchining mas'uliyati haqida Homidjon domla bilan suhbat

Azaldan xalqimiz ilmga, xususan diniy ilmlarga rag‘bat bildirib kelgan. Keyingi yillarda mo‘min-musulmonlarning dinni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi yanada ortib bormoqda. O‘z o‘rnida davlatimiz tomonidan musulmonlarning diniy ehtiyojlarini qondirish uchun bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham bunga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Kun.uz tahririyati O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Fatvo bo‘limi boshlig‘i Homidjon Ishmatbekov bilan fatvo masalasi, uni so‘rash odoblari, fatvo beruvchining mas'uliyati haqida suhbat uyushtirdi.

Fatvo nima va uning qanday turlari bor?

Fatvo arabcha so‘z bo‘lib, savolga javob berish degan ma'noni bildiradi. Ushbu so‘z Qur'oni karimda ham keladi: odamlar Yusuf alayhissalomning oldiga kundalik iqtisodiy, maishiy turmush tashvishlari bo‘yicha savol so‘rab kelganda, u kishi bu savollarga javob bergan. Keyinchalik bu so‘z diniy-ilmiy istilohga (atama sifatida — tahr.) aylangan va dinga oid savol-javobga nisbatan ishlatiladi. Demak, bugungi kunda berilgan savollarga diniy nuqtai nazardan javob berish fatvo hisoblanadi.

Ulamolar diniy fatvoni bir necha turga bo‘lishgan. Birinchisi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan so‘ralgan savollar va ularga berilgan javoblar. Bu savol-javoblar shariatimizning joriy etilishi uchun bo‘lgan. Sahobalar tahorat, savdo-sotiq va boshqalar haqida savol berganda, Alloh taolo ul zoti bobarakotga Qur'ondan oyat nozil qilgan yoki o‘zlariga bildirilgan ilhom — hadislar orqali javob berganlar va bu shariatimizga kirgan. Buni “Fatvoi tashri'iy”, ya'ni shariatni joriy qiluvchi fatvolar deyiladi. Bu faqat Payg‘ambarimiz alayhissalom davrlariga xos sanaladi.

Keyigisi fuqaholarning fatvosi. Ya'ni mazhabboshilar, mujtahid ulamolarning asarlari, xususan bizning hanafiy mazhabimizdagi yozilgan kitoblardagi masalalar hammasi fatvo. Ular oyatdan, hadisdan istinbot qilib chiqarishgan. Masalan, tahorat oyatidan uning farzlarini — to‘rtta farzi bor — chiqarganlar. Buni Payg‘ambarimiz alayhissalom to‘rtta farzi bor deb aytmaganlar, balki ulamolarimiz istinbot qilib chiqarib, musulmonlarga bayon qilib berganlar.

Kitoblar masalasiga qarab boblarga ajratilgan: namoz bobi, nikoh bobi, taloq bobi kabi. Ulardagi masalalar bayoni fatvo hisoblanadi. “Fatvoi qozixon”, “Fatavoi olamgiriya” va boshqa yuzlab fatvo kitoblarini keltirish mumkin. Bular savol-javob tarzida bo‘lmay, balki egallagan ilmlariga tayanib bayon qilib berishgan.

Uchinchisi, juz'iy masalalarga fatvo. Endi bu savol-javob tarzida bo‘ladi. Bir odam kelib olimdan savol so‘raydi va unga javob beriladi.

Fatvoni kim so‘raydi va kimdan so‘raladi?

Diniy ilmga ega bo‘lmagan, Qur'oni karim, hadisi shariflarni ko‘rib yoki biror bir shar'iy masala kitoblarini o‘qib undan hukmini ololmaydigan avom odam diniy masalaga duch kelganda o‘zidan bilimi yuqori, fatvo berishga salohiyati bor, ilmli kishidan, olimdan so‘raydi. Ya'ni ilmi yo‘q kishi ilmli odamdan so‘raydi.

Fatvo berish o‘ta nozik masala bo‘lganidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bir nechta hadislarida fatvo berishda ehtiyot bo‘lishga chaqirganlar. Ulardan birida shunday deyiladi: “Fatvo berishga jur'atlirog‘ingiz do‘zaxga kirishga jur'atlirog‘ingizdir”. Qaysi banda do‘zaxga kirishdan qo‘rqmayman deya oladi. Hech kim aytmaydi, Alloh asrasin. Ilmi bo‘lmasa, ilmsiz fatvo berish o‘zini do‘zaxga tashlash bilan barobardir. Vaholanki, sahobalardek ilmli zotlar ham shu hadisni bilgani uchun ehtiyot bo‘lishgan. Garchi bilsalar-da yuqoridagi hadis hurmatidan boshqa bir sahobaga so‘rash uchun yuborganlar.

Fatvo beruvchining sifatlari qanday bo‘ladi?

Fatvo beruvchi kishi, avvalo, Qur'on ilmini yaxshi bilishi, hatto yodlagan bo‘lishi kerak. Chunki masalaga javob, birinchi, Qur'ondan olinadi. Keyin, Payg‘ambar alayhissalotu vassalom hadislarini bilishi, ulamolarning fatvo kitoblarini o‘qigan bo‘lishi, ularda har bir masalada nima deyilganini bilishi lozim. Eng muhim nuqtalardan biri zamonasini, uning urf-odatlarini, odamlarning ijtimoiy va boshqa jihatlarini bilishi zarur.

Qaysi tashkilot yoki muasssasa rasman fatvo berish huquqiga ega?

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi O‘zbekistonda fatvo chiqaruvchi yagona tashkilot hisoblanadi. Omma uchun kerak bo‘lgan, muhim va dolzarb masalalarga fatvoni O‘zbekiston Musulmonlari idorasi e'lon qiladi. Musulmonlari idorasida ulamolar kengashi bor va unga Muftiy hazratlari raislik qiladi. O‘zbekiston xalqi uchun umumiy fatvolar beriladi. Undan tashqari, idora tarkibida fatvo bo‘limi ham bor. Unda fuqarolarning murojaatlariga, savollariga javoblar beriladi. Bu yerda musulmonlar yozma, og‘zaki yoki telefon orqali, shuningdek, idoraning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalariga savollar bilan murojaat qilishlari mumkin. Fatvo bo‘limi muayyan fatvo berish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, Musulmonlar idorasining viloyatlardagi vakilliklari, madrasalar, masjid imomlarining ham 50 ga yaqin saytlarida savol-javob rukni bor.

Fatvo so‘rash odoblari nimalar?

Fatvo so‘raguvchi odam, avvalo, bilmagan narsasini bilishni va unga amal qilishni niyat qilib so‘rashi kerak. Olimni mot qilish yoki bir olimdan so‘ragan narsini qani bu nima der ekan deb so‘rash odobsizlik hisoblanadi. So‘raguvchi odam so‘ragan savoliga javob olganidan keyin shu bilan qanoat qiladi. O‘zi kutgan javobni beradigan odamni qidirib yurmaydi. Yana eng e'tiborli jihatlardan biri fatvo so‘raguvchi faqat o‘z yurtining olimlaridan so‘raydi. Ulamolarning shunday odobi bo‘lganki, ilm talabida shaharma-shahar kezib, bir joyga borganda, u yerning aholisi boshqa mazhabda bo‘lsa va savol so‘rasa javob bermagan va o‘zlarining olimlaridan so‘rash kerakligini aytgan. Shuningdek, fatvo so‘rovchi kishi fatvo beruvchidan dalil so‘ramaydi. Bu ham fatvo so‘rovchi odoblaridandir.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Fatvo bo‘limi tavsiyasiga ko‘ra, yurtimiz musulmonlari o‘zlari duch kelgan masalalar yuzasidan ushbu ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarga savol yo‘llab javob olishlari, shuningdek, Fatvo hay'atiga yo‘llangan savollarga berilgan javoblar bilan batafsil tanishishlari mumkin.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi
Operator: Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid