Sergeli tumanida innovatsion bog‘chalar ochildi: Shahnoza Mirziyoyevaning mualliflik loyihasidan reportaj
Toshkentning Sergeli tumanida innovatsion tipdagi ikkita maktabgacha ta'lim tashkiloti ochildi.
Qumariq mavzesi va 5A dahasida mazkur bog‘chalarning qurilishi orqali tumanning maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish potensiali 83 foizdan 89 foizga yetdi. Shuningdek, 100 kishi uchun qo‘shimcha ish o‘rni yaratildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«So‘nggi yillarda Sergeli tumanining rivojlanishi va yangi qurilayotgan uylarga aholining ko‘chib kirishi natijasida ta'lim muassasalariga ehtiyoj ortib bormoqda.
Biryo‘la 2ta MTTning ochilishi esa yana 600 nafar bola sifatli maktabgacha ta'lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishini anglatadi. Shuningdek, qisqa muddatli guruhlar ham ochilib, ularda 240 nafar bola qamrab olinadi», deya ma'lumot berdi Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin 19 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida.
Vazirning aytishicha, ushbu innovatsion MTTlar Koreya Respublikasi modeli negizida Maktabgacha ta'lim vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Mirziyoyeva muallifligida loyihalashtirilgan bo‘lib, bolalarning yaxshi ta'lim olishi uchun barcha imkoniyatni berishga qodir.
«Sharq mentalitetida ota-ona televizor yoki mashina sotib olmasligi mumkin. Lekin bolalarining – kichik fuqarolarning baxtli bo‘lishi uchun hamma narsaga tayyor bo‘ladi», deydi Agrippina Shin.
Vazir ochilish marosimida ishtirok etayotgan nuroniylarga ham murojaat qilib, MTTlarga mehmon sifatida emas, ta'lim va tarbiyaga mas'ul shaxslar sifatida tez-tez kelib turishlarini so‘radi.
Shuningdek, «Nuroniy» jamg‘armasi raisi Shuhrat Jalilov o‘z nutqida 2017 yilda maktabgacha ta'lim yoshidagi 2,5 million bolaning 687 ming nafari MTTlarga qamrab olingani, 2019 yilda esa qamrov 1 million 100 nafardan ko‘proqni tashkil qilganini ta'kidlab o‘tdi.
«Hozirgi kunda 34 mingga yaqin aholi yashayotgan bu hududlarda bundan 3 yil oldin hech kim yashamagan. Lekin hozir aholi ko‘chib kelgani sayin ularning ehtiyojlarini qondirish uchun yangi maktablar, yangi MTTlar qurib foydalanishga topshirilyapti», deydi Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Davron Hidoyatov.
19 sentabr kuni ikkala MTTda ham vazir Agrippina Shin boshchiligida ekskursiya tashkil qilindi.
Qumariq turar-joy mavzesidagi 42-sonli MTT to‘liq kun quvvatida 390 nafar bola, qisqa muddatli guruhlarda 120 nafar bolani qamrab oladi. 5A dahasida joylashgan 44-sonli MTT esa to‘liq kun guruhlarida 210 nafar, qisqa muddatli guruhlarda esa 120 nafar bolaga mo‘ljallangan.
Har ikkala MTTda ham yirik javonlar o‘rniga mobil modullar o‘rnatilgan. Bu maydonni o‘zgartirish va uni turli mashg‘ulotlarga moslashtirish imkonini beradi.
O‘yin va o‘quv qurollari, har bitta jihoz bolalar qo‘li yetadigan qilib joylashtirilgan, o‘yinlarning aksariyati barmoqlarning mayda motorikasini rivojlantirishga mo‘ljallangan.
Guruh va koridorlarda nutq va yozish, bilimni rivojlantirish, ijod, qurilish, konstruksiyalash, matematika, syujyet o‘yinlari, kutubxona kabi ko‘plab rivojlantirish markazlari joylashgan.
Shuningdek, MTTlarda psixolog va logoped xonalari ham loyihalashtirilgan bo‘lib, ularda bolalar bilan individual va guruh tarzida ishlash mumkin.
Davlat rahbarining 5ta tashabbusini amalga oshirish doirasida ham mazkur MTTlarda bolalarni sog‘lomlashtirish va badiiy mashg‘ulotlarga jalb etishga alohida e'tibor qaratiladi.
Ma'lumot uchun, ushbu bog‘chalarga qatnash uchun oylik to‘lov bir nafar bolaga 186 ming so‘mni, 2 nafar bola uchun 264 ming so‘mni tashkil qiladi.
Qonunchilikka muvofiq, tarbiyalanuvchilar umumiy sonining 15 foizi MTTga bepul qatnovchilardan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu imtiyoz kam ta'minlangan oilalar farzandlariga taqdim etiladi.
Mavzuga oid
20:27 / 13.12.2024
Toshkentda umumiy ovqatlanish shoxobchasida yong‘in chiqdi
09:53 / 03.11.2024
Toshkentda Spark bilan to‘qnashgan Matiz ag‘darilib ketdi
10:35 / 03.10.2024
9 yoshli qizning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda - Toshkent shahar IIBB
14:28 / 20.09.2024