O‘zbekiston | 18:44 / 20.09.2019
34080
3 daqiqa o‘qiladi

Iqbol Mirzo: «To‘ylarimiz mamlakatni urushsiz vayron qiladigan ahvolga kelib qoldi»

Bugun, 20 sentabr kuni, Oliy Majlis Senati binosida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining dastlabki majlisi o‘tkazildi. Unda senatorlar va deputatlar tomonidan qabul qilingan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori ijrosini ta'minlash masalalari o‘zaro muhokama qilindi. Anjumanda Komissiya raisi, senator Iqbol Mirzo qo‘shma qaror bo‘yicha xalqning munosabati, ushbu hujjatning ahamiyati haqida fikrlarini bildirdi.

“Ushbu qo‘shma qaror qabul qilingandan keyin ijtimoiy tarmoqda juda ko‘plab muhokamalar bo‘ldi. Asosiy ko‘tarilgan masala bu fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan erkinlik huquqlarini cheklab qo‘ymaydimi, degan munozaralardir. Bu cheklovlarni yoqtirmagan odamlar turli yo‘llar bilan nayrang qilishga harakat qilishdi. Yuristlarimiz bu fikrni keskin rad qilib, bu yerda insonning hech qanday huquqlari buzilmaganligini asoslab berishdi. Biz odamlarga to‘yini tartibli o‘tkazishlarini, ortiqcha dabdaba qilib kambag‘al odamlarning izzat-nafsiga tegmasliklarini, boshqalarning tinchini buzmasliklarini so‘rayapmiz, xolos. Ularni insofga qaytarmoqchimiz. Agar insofga chaqirish Konstitutsiyaga zid kelsa, buni alohida ko‘rib chiqish kerak.

Muhokamalarga sabab bo‘lgan ikkinchi masala -  to‘ylarga ichki ishlar xodimlari aralashuvi. Maqsad to‘y haqida ichki ishlar boshqarmalarini xabardor qilib qo‘yishdir. Ularning vazifasi to‘y kortejlari harakatlanayotganda xavfsizlikni ta'minlash, to‘yxonalarda tartibni saqlash hisoblanadi. Odamlar ichki ishlar xodimi to‘yxonalarga kirib mehmonlarni sanaydimi, degan fikrga borishyapti. Unday emasligini to‘g‘ri tushuntirishimiz kerak.

O‘tgan yili tuzilgan komissiya o‘z faoliyatini davom ettiradi. Har bir hududda vakillar bor. Bizga qo‘yilayotgan talab shuki, odamlarga ortiqcha vahimalarsiz, to‘g‘ri tushuntira olishimiz kerak. Boylar shunaqa dabdabadi to‘ylarni o‘tkazayotganligi uchun jamiyat ikkita tabaqaga ajralib qoldi. Bu urushsiz mamlakatni xonavayron qilish deganidir. To‘ylarimiz bizni shunaqa axvolga olib kelib qo‘ydi.

Iqbol Mirzoning ta'kidlashicha, senator va deputatlarning ushbu qarori xalq uchun juda zarur edi. Ba'zi odamlar boshqa muhim va hal qilinishi zarur bo‘lgan masalalar ham bor, qonun chiqaruvchilar bekorchimi, deb iddao qilishdi. Aslida, bu muammo ancha yillardan beri xalqni ezib kelyapti va u tartibga solinishga muhtoj.

Mavzuga oid