O‘zbekiston | 16:04 / 20.09.2019
19043
3 daqiqa o‘qiladi

Monopoliyaga qarshi qo‘mita maishiy texnikani O‘zbekistonga olib kirish bo‘yicha cheklovlarga qarshi chiqdi

Foto: O‘zstandart

Monopoliyaga qarshi kurashish ko‘mitasi «O‘zstandart» agentligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining «Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va iste'mol mahsulotlari muvofiqligini baholash bo‘yicha ishlarni takomillashtirish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasini o‘rganib chiqdi.

Qo‘mita matbuot xizmatining xabar berishicha, loyihada jismoniy va yuridik shaxslar, tadbirkorlik sub'yektlari manfaatlariga aloqador, shuningdek, raqobat muhitiga ta'sir ko‘rsatadigan bir qator holatlar nazarda tutilgan.

Xususan, loyihaning 2-bandida aytilishicha, mahsulotning muayyan turi (sinov turi) bo‘yicha akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyasi (markazi) sertifikatlash vaqtida yo‘q bo‘lsa, sertifikatlashtirish organi o‘z natijalarining obektivligini ta'minlaydigan sinov o‘tkazish joyi va shartlarini aniqlashi mumkin.

Qo‘mita vakillarining fikriga ko‘ra, sertifikatlash bo‘yicha organ xohishiga ko‘ra sinov laboratoriyasini tanlash, shuningdek, buyurtmachining ishtirokisiz sinov shartlarini aniqlash korrupsiyaga olib kelishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, qo‘mita buyurtmachi bilan kelishgan holda sertifikatlashtirish bo‘yicha organ tomonidan sinov o‘tkazish imkoniyati, joyi va shartlarini aniqlashni taklif qildi.

Bundan tashqari, loyiha bilan energiya iste'mol qiladigan mahsulotlarni respublika hududida erkin muomalaga chiqarish nazarda tutilgan. U 2-ilovaga ko‘ra 2020 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida bitta xizmat ko‘rsatish markazi bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi zavodning rasmiy vakillari (rasmiy dilerlar) tomonidan amalga oshirilishi kerak.

Ushbu choralar ishlab chiqaruvchi zavodning (tadbirkorlik sub'yektining) qo‘shimcha xarajatlariga, bozor ishtirokchilarining qisqarishiga olib kelishi va iste'molchilarning manfaatlariga ta'sir qilishi mumkinligidan kelib chiqib, qo‘mita ushbu bandni chiqarib tashlash to‘g‘risida taklif kiritdi.

Shu tariqa, Monopoliyaga qarshi kurashish ko‘mitasi yuqoridagi bandlarni qayta ishlash bo‘yicha tegishli tavsiyalarni ishlab chiquvchi - «O‘zstandart» agentligiga yubordi.

Bundan oldin, O‘zbekiston ishlatilgan mahsulotlar importini taqiqlab qo‘yishi mumkin ekani xabar qilingandi.

Mavzuga oid