Sport | 19:10 / 21.09.2019
12766
2 daqiqa o‘qiladi

Boltaboyev Gran-pri g‘olibi va jahon rekordchisi. Matniyozova finalda yutqazdi

Dzyudo bo‘yicha Toshkent-2019 Gran-pri turnirining 21 sentabr ikkinchi kungi bellashuvlar yakunlari o‘zbekcha final bilan nihoyalandi.

Erkaklar o‘rtasidagi -81 kg vaznda finalgacha yetib kelgan ikki o‘zbekistonlik dzyudochi Sharofiddin Boltaboyev va Kamoliddin Rasulov g‘oliblik uchun tatamiga tushdi. Unda Sharofiddin Boltaboyevning qo‘li baland keldi.

Shuningdek, Sh.Boltaboyev eng tezkor g‘alabaga erishgan dzyudochi sifatida jahon dzyudosi tarixiga ham kirdi. U ikkinchi davrada xitoylik raqibini ikki soniyada mag‘lub etgan edi.

Bronza medallari uchun avstriyalik Sh.Burchashvili Musa Sobirovga qarshi, belgiyalik S.Chouchi rossiyalik A.Azizovga qarshi tatamiga tushdi. Ushbu bahslarda Sh.Burchashvili va S.Chouchilar g‘olib bo‘ldi.

Gulnoza Matniyozova -70 kg vaznda ikkinchi o‘rinni egalladi.

Ayollar o‘rtasida -70 kg vaznda finalgacha yetib kelgan o‘zbekistonlik dzyudochi Gulnoza Matniyozova gretsiyalik E.Telsedouga yutqazdi va ikkinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

Uchinchi o‘rinlar niderlandiyalik H.Jager va E.Rodrigeslarga nasib etdi.

Bundan avval -73 kgda Hikmatullo To‘rayev Gran-pri g‘olibi bo‘lgan edi. Shunday qilib musobaqaning ikkinchi kunida o‘zbekistonlik dzyudochilar ikkita oltin ikkita kumush medalni qo‘lga kiritishdi, shuningdek, Musa Sobirov ham beshinchi o‘rindan joy oldi..

Mavzuga oid