O‘zbekiston | 07:29 / 21.09.2019
60543
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident DXXga tarixiy davr arxiv hujjatlarini maxfiylikdan chiqarish bo‘yicha topshiriq berdi

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi tashkil etildi.

Belgilanishicha, 2020 yil 1 yanvardan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, mulkchilik shakllaridan qat'iy nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatida shakllanadigan boshqaruv (ish yuritish)ga oid, ilmiy-texnikaviy va boshqa hujjatlarning arxiv saqloviga topshirilishida hamda o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinishida ularning elektron va Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi hujjatlarining sug‘urta nusxalari talab etiladi.

Agentlik:

a) 2020 yil 1 iyungacha O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda davlat arxivlarida saqlanayotgan tarixiy davr (1917 yilgacha) arxiv hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish bo‘yicha choralarni ko‘radi;

b) 2020 yil 1 iyungacha Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda quyidagi davlat xizmatlarini Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishini joriy qiladi:

o‘qiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv ma'lumotnomasini berish;

ish stajini tasdiqlash haqidagi arxiv ma'lumotnomasini berish;

ish haqini tasdiqlash haqidagi arxiv ma'lumotnomasini berish;

arab alifbosida yaratilgan turkiy, forsiy va arabcha hujjatlardagi axborotlar bo‘yicha annotatsiya ma'lumotlarini tayyorlab berish;

arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish);

v) uch oy muddatda:

doimiy saqlovga olinadigan hujjatlar tarkibini optimizatsiya qilish;

Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismini doimiy saqlash huquqi berilgan vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlar ro‘yxatini qisqartirish;

arxiv ishi jarayonlarini to‘liq qamrab oluvchi va interaktiv qidiruv imkoniyatlari mavjud bo‘lgan “Arxiv ishi” yagona axborot tizimi yaratish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;

g) 2021 yil 1 yanvargacha davlat arxivlarida saqlanayotgan fondlarni xatlovdan o‘tkazib, ular haqida tegishli ma'lumotlarni qamrab olgan ma'lumotlar bazasini yaratadi.

Belgilanishicha, mazkur bandda ko‘rsatilgan arxiv ma'lumotnomalarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.

Agentlikning 2020 yil 1 yanvardan boshlab arxiv ishi sohasidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlarini qisqartirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Mavzuga oid