O‘zbekiston | 09:43 / 21.09.2019
59411
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga qachon tashrif buyurishi ma'lum bo‘ldi

Foto: RIA Novosti / Aleksey Nikolskiy

Joriy yilning 20 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining birinchi o‘rinbosari – moliya vaziri Anton Siluanov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar qilmoqda.

Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat rahbarlarining davlat tashriflari, oliy darajadagi boshqa uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosi, shuningdek, ularni belgilangan muddatlarda va to‘laqonli bajarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan zarur chora-tadbirlar muhokama qilindi.

“O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil boshida Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirilajak tashrifiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator hujjatlar, jumladan, strategik jihatdan muhim investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga doir chora-tadbirlar belgilab olindi”, - deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, uchrashuv chog‘ida eng muhim sohalar, xususan, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha fikr almashilgan.

Tomonlar o‘zaro manfaatdorlik va ishonch tamoyillariga asoslangan munosabatlarning yuksak darajasi, shuningdek, uni yanada kengaytirish bo‘yicha ulkan salohiyat mavjudligini qayd etgan.

Bundan oldin, Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga borishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid