Jamiyat | 16:00 / 21.09.2019
31638
8 daqiqa o‘qiladi

Yana «snos» haqida. Zangiota tumani hokimining o‘ziga xos qarori tovon puli bermaslikka sabab bo‘lmoqda

So‘nggi vaqtlarda «snos» mavzusi ko‘plab nashrlar tomonidan keng yoritilmoqda. Bunga, albatta, bir tomondan ulkan bunyodkorlik ishlari sabab bo‘layotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan buzilish munosabati bilan belgilangan tovon puli va yer maydoni ajratishga doir qonun hujjatlari talablari bajarilmasligi yoxud paysalga solinishi fuqarolarning bu mavzudagi murojaatlari soni ortishiga olib kelmoqda. Zangiota tumanidan bo‘lgan murojaatlardan biri ham aynan shu haqda bo‘ldi.

«22 iyun kuni hokimlik vakillari, shu jumladan Zangiota tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mavlonov Avaz ham keldi va shu uchrashuvda «Do‘koning buziladi, narxlatib qo‘ygin», deb og‘zaki aytishdi. O‘sha vaqtda qo‘ni-qo‘shnilarning uylari buzilishi boshlangandi. Men ular taklif qilgan baholovchiga, ya'ni Appraisal Group firmasiga do‘konim va novvoyxonamni baholatdim. Barcha hujjatlarimni taqdim etgach, 3 kun ichida baholab berishdi. 25 iyunda tayyor bo‘lgan baholash xulosasini barcha hujjatlarim bilan birga hokimlikka topshirdim. Ular menga shu kuni ogohlantirish xatini berishdi. Unda 7 kun ichida baholash natijasini hokimlikka topshirish so‘ralgandi. 8 iyulda esa, bo‘ldi, bu yerlar buziladi, deb gaz tarmog‘idan uzib ketishdi», - deydi avtobus bekatini xarid qilgan tadbirkor Dilxush Hamidov.

Dilxush Hamidov

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir do‘kon, novvoyxona va kichik tamaddixona, somsaxonadan iborat manzilda 10 ish o‘rni yaratilgan edi. Gaz tarmog‘idan uzilgani bois, ularning faoliyati to‘xtab qolgan. Shu bilan birga, hokimlik tadbirkorga «snos» qilingani uchun binoga tovon puli berilmasligi, faqat yer maydoni ijara asosida foydalanish uchun berilishini bildirgan. Uni qiynayotgan masala shundaki, shu vaqtgacha soliq to‘lab kelgan, qolaversa, 1994 yilda barpo qilingan, egalik huquqi bilan sotilgan bino buzilishga kelganda noqonuniy binoga aylanib qolmoqda. Bino tarixiga nazar tashlansa, u ushbu tadbirkorgacha 1 marta sotilgan. 1994 yilda bu joyda do‘kon qurgan shaxs uni 2007 yilda boshqa bir fuqaroga sotgan. Tadbirkorning aytishicha, u bu mulkni 2017 yilda xarid qilgan, barchasi qonuniy tartibda, notarius orqali rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari, ijara asosida tavsiya qilinayotgan yer maydoni ham serqatnov yo‘l yoqasidan emas, balki tuman markazining ichkari hududidan, xaridorlar kam bo‘lgan joydan tavsiya etilmoqda.

Ushbu suhbatdan so‘ng, tadbirkorda paydo bo‘lgan va javobsiz qolayotgan savollar bo‘yicha izoh olish maqsadida hokim o‘rinbosari Avaz Mavlonov bilan uchrashdik.

Avaz Mavlonov

«Bekat-do‘kon Hamidov Dilxushga tegishli bo‘lib, bundan 12 yil avval, 2007 yil 6 yanvarda imzolangan 24-sonli qarorning uchinchi bandida yo‘l kengayishi yoki obodonlashtirish tadbirlari rejalashtirilsa, mulk egasi binoni o‘z hisobidan buzib olishi shart, deb belgilab qo‘yilgan. Qarorda ushbu shart mulk egasi o‘zgarishidan qat'i nazar o‘z kuchida qolishi ta'kidlangan.

To‘g‘ri, mulk egasi o‘zgargan, ammo u ham bekat-do‘konni xarid qilishida ushbu shart bilan tanishtirilgan. Biz tadbirkor faoliyatini to‘xtatmasdan yangi joy taklif qilganmiz, ammo Dilxush Hamidov qonunni yaxshi tushunmasligi bois, ko‘proq talablarni qo‘ymoqda. Hokim qarorida esa, barchasi aniq yozib qo‘yilgan. Shu bilan birga, tadbirkorlik faoliyatini davom ettirishi uchun teng qiymatdagi yer taklif etilgan», - deydi Avaz Mavlonov.

Hokim o‘rinbosari tadbirkor ko‘proq talablarni qo‘ymoqda, degan so‘zlariga izoh berar ekan, bekat-do‘konning noqonuniy qurilgan qismi uchun ham tovon puli so‘rayotganini bildirdi.

«Vazirlar Mahkamasining davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzilayotgan va olib qo‘yilayotgan yer maydonlari uchun tovon puli to‘lashni tartibga soluvchi 97-son qarori mavjud. Tovon puli va yer uchastkasi ushbu qarorga muvofiq to‘lanadi va beriladi», deya ta'kidladi hokim muovini.

Keling, hokimlik vakilining izohlaridan so‘ng, tadbirkor taqdim etgan hujjatlar bilan tanishsak. Zangiota tuman hokimining 2007 yil 6 yanvardagi 24-son qarori 1-bandida «Eshonguzar» qo‘rg‘oni hududida joylashgan Ahad Mo‘minovga qarashli bekat do‘kon binosining tashqi maydoni 91,56 kv.m. hajmida mulkiga egalik huquqi berilsin va Davlat kadastr ro‘yxatidan o‘tkazilsin, deya ta'kidlangan. Shu bilan birga, uning 2-bandida liter 0001 bekat-do‘kon -72,53 kv.m. hajmidagi binosiga egalik huquqi berilsin», deyiladi. 

Ammo, ayni qarorning 3-bandida «Yo‘l kengayishi yoki obodonlashtirish tadbirlari rejalashtirilsa, mulk egasi binolarni o‘z hisobidan buzib olishi shartligi, ushbu shart mulk egasi o‘zgarishdan qat'i nazar o‘z kuchida qolishi qayd etilgan.

Vazirlar Mahkamasining 97-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 31-bandida shunday deyilgan: «Yer uchastkalarini olib qo‘yishda obektlarni buzishga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat beriladi. Jismoniy va yuridik shaxslarga noqonuniy qaror chiqarilishi oqibatida yetkazilgan zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda, tegishli davlat organlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi va keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinadi».

Nizomning mazkur bandini o‘qir ekanmiz bir savol paydo bo‘lmoqda. Mahalliy hokimlik organi biror qarorni chiqarishda yuqoridagi kabi shartni aniq belgilab qo‘ygan holda qaror chiqara oladimi? Huquqiy jihatdan bu mumkinmi?

Bu savolga javob izlar ekanmiz, viloyat Adliya boshqarmasining mazkur masala bo‘yicha tuman hokimiga qonun buzilishi holatlarining oldini olish yuzasidan yo‘llagan ogohnomasi diqqatimizni tortdi. Unda ta'kidlanishicha, D.Hamidovga qarashli mazkur bekat do‘kon binosiga egalik huquqi berilgan va bu huquq qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ogohnomada, shuningdek tuman hokimligiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 avgustdagi PF-5495-son Farmoni talablariga rioya etilib, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat berilishi lozimligi ko‘rsatilgan.  

Vakolatli organning ushbu talabi Zangiota tuman hokimligi tomonidan hozircha ta'minlanayotganicha yo‘q.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Tolib Rahmatov

Mavzuga oid