Iqtisodiyot | 17:15 / 22.09.2019
16780
3 daqiqa o‘qiladi

60 millionlik biznes markaz, anor va kishmish eksporti - «Ochiq janub» forumiga qanday takliflar bilan kelishdi?

21-22 sentabr kunlari Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahrida «Ochiq maydon» ikkinchi xalqaro biznes forumi o‘tkazildi. Unda 20 mamlakatdan  170 dan ortiq investor va korxonalar qatnashib, turli xil takliflar bilan kelishdi. Bugun, 22 sentabr kuni qator delegatsiyalar Surxondaryo viloyat hokimi To‘ra Bobolov bilan uchrashuv o‘tkazishdi va qiziqarli takliflar bilan chiqishdi.

Xususan hindistonlik tadbirkorlar yangi barpo etilayotgan «Termiz city» hududida 60 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritib, biznes markaz qurish loyihasini taqdim etishdi. Surxondaryo viloyat hokimi dastlabki kelishuvlarga erishilgan bu loyiha amalga oshirilishi uchun har qanday yordamni ayamasligini aytdi. To‘ra Bobolov bu qurilishni amalga oshiradigan «Alok design built» korxonasi vakillaridan injyener va arxitektorlardan tashqari qolgan ishchilar o‘zbekistonlik bo‘lishini so‘radi. Korxona rahbari Alok Kumar bu taklifga rozi bo‘ldi.

Yana bir hindistonlik tadbirkor Surxondaryoda issiqxona uchun kerakli bo‘lgan jihozlarni ishlab chiqarish taklifini berdi. U viloyat hududida ushbu turdagi tovarlarga ehtiyoj qanchalik bo‘lishini bilish uchun ko‘rgazma o‘tkazishga ruxsat oldi.

Shu kuni To‘ra Bobolov O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonov hamrohligidagi Qandahor viloyati delegatsiyasini qabul qildi. Delegatsiya vakillarining aytishicha, qandahorlik rasmiylar O‘zbekistonga ilk marta kelishgan. Qo‘shni mamlakatning bu mashhur viloyati delegatsiyasiga Qandahor savdo sanoat palatasi raisi Yusuf Yusufi rahbarlik qildi.

Qandahorliklar O‘zbekistonda yetishtiriladigan qora kishmish eksportiga qiziqish bildirishlarini ma'lum qilishdi. Ularning aytishicha, O‘zbekiston bunday turdagi uzumni eng sifatli yetishtiradigan mamlakatlardan biri. Qandahorlik tadbirkorlar O‘zbekiston kishmishini Qandahor orqali Hindistonga ham eksport qilish mumkinligini aytishdi.

Shuningdek delegatsiya vakillari Qandahorning mashhur anorini O‘zbekistonda yetishtirish borasida taklif bilan chiqishdi. Surxondaryo hokimi bu loyihaga qiziqish bildirdi va qandahorlik tadbirkorlarga bu borada yordam berishini ma'lum qildi. To‘ra Bobolov qandahorlik mehmonlarga Sheroboddagi anorzorlarni ham tomosha qilishni taklif qildi. 

352 million dollarlik shartnoma

«Ochiq janub» biznes forumi doirasida investor va xorijiy korxonalar bilan umumiy qiymati 352,3 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 70 ta shartnoma imzolandi. Eng ko‘p shartnoma (65,76 million AQSh dollar) Oltinsoy tumani vakillari bilan imzolandi. Boysunlik tadbirkorlar esa 51 million dollarga teng shartnomalar imzolashdi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Mavzuga oid