Jahon | 09:17 / 22.09.2019
7863
2 daqiqa o‘qiladi

Eron tashqi ishlar vazirining AQSh bo‘ylab harakatlanishi yana cheklab qo‘yildi

Foto: RIA Novosti / Ilya Pitalev

AQSh hukumati Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning Nyu-York bo‘ylab harkatlanishini yana cheklab qo‘ydi. Bu haqda tvitterda uning o‘rinbosari Abbos Araqchi ma'lum qildi.

Avvalroq Eron prezidenti Hasan Ruhoniy va uning delegatsiyasi, jumladan Zarif Nyu-Yorkda o‘tadigan BMT Bosh assambleyasi sessiyasiga vizalari yo‘qligi sababli borisha olmayotgani ma'lum qilingandi. Biroq 19 sentyabrda Eronning BMTdagi missiyasi rahbari Ruhoniy va Zarif Bosh assambleyada ishtirok etish uchun AQSh vizasini olishganini ma'lum qilgan. 20 sentyabrda Zarif Nyu-Yorkka kelgan.

Araqchi 21 sentyabrda Zarifning Eronning BMTdagi doimiy vakolatxonasida intervyu berayotgani suratini e'lon qilgan. Xona studiya ko‘rinishiga keltirilgan.

“Uning AQSh vizasi studiyaga borishga ijozat bermagani sababli, studiya Eronning Nyu-Yorkdagi vakolatxonasiga kelishiga to‘g‘ri keldi”, deb izoh qoldirgan Araqchi.

Avvalroq AQSh Eron iqtisodiyotining muhim tarmoqlariga qarshi keskin sanksiyalar kiritgandi. Iyul oxirida sanksiyalar ro‘yxatiga Zarif ham kiritilgan. 

AQSh Zarifning iyuldagi tashrifi vaqtida ham uning Nyu-York bo‘ylab harakatlanishini cheklab qo‘ygandi. U faqat BMT binosi, Eronning tashkilotdagi vakolatxonasi, Eronning BMTdagi vakili qarorgohi va Jon Kennedi nomidagi aeroport orasida harakatlana olgan.

Mavzuga oid