Jahon | 13:00 / 22.09.2019
48142
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda Xitoy ekspansiyasiga qarshi namoyish o‘tkazildi. O‘nlab kishilar qo‘lga olindi

Foto: Reuters

Qozog‘istonning ikkita yirik shahrida odamlar «Xitoyning iqtisodiy ekspansiyasi»ni to‘xtatishni talab qilib ko‘chalarga chiqishdi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, politsiya 57 kishini qo‘lga olgan

Qo‘shni davlat Xitoy - Qozog‘istonning asosiy savdo sheriklaridan biri hisoblanadi, investitsiyalar ulushi bo‘yicha ham xitoyliklar yetakchi, ammo ushbu davlatning ayrim zavodlarini Qozog‘istonga ko‘chirish bo‘yicha rejasi qozog‘istonliklarning noroziliklariga sabab bo‘lgan.

Namoyish ishtirokchilaridan biri Frans press muxbiriga bergan intervyusida hukumatni mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga xitoylik investorlarga ustunliklar berayotgani uchun tanqid qilgan. Reyter jurnalisti Nur-Sulton shahrida politsiya qozoqchada «Xitoy ekspansiyasini to‘xtating» deb yozilgan plakat ko‘targan shaxsni qo‘lga olganiga e'tibor qaratgan.

Bundan avvalroq ayni vaqtda Fransiyada istiqomat qilayotgan quvg‘indagi bankir va milliarder Muxtor Ablyazov qozog‘istonliklarni namoyish uyushtirishga chorlagandi. Ablyazov qozoq muxolifatidagi muhim figuralardan biri hisoblanadi, u Qozog‘istonni 2009 yilda tark etgandi.

2017 yilda Olmaota tumanlararo maxsus sudi Ablyazovni jinoiy uyushma tuzish va «BTA Bank» mablag‘larini o‘g‘irlashda aybdor deb topgan, u mol-mulki musodara qilinib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Sud uzoq yillardan buyon xorijda yashayotgan Ablyazov ishtirokisiz o‘tgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy byuroning ma'lumotlariga ko‘ra, uning davlatga yetkazgan zarari 7,5 milliard dollardan ortiqroqni tashkil etadi.

Foto: Reuters

«Bir necha marta prokuratura tomonidan ogohlantirish bo‘lganiga qaramasdan, ayrim fuqarolar taqiqlangan ekstremistik tashkilot chaqiriqlariga uchishdi», deyiladi Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma'lumotida. Bu orqali Ablyazov tomonidan tuzilgan, mamlakatda taqiqlangan «Qozog‘iston demokratik saylovi»harakati nazarda tutilgan.

Shanba kungi miting hukumat ruxsatisiz o‘tkazildi, ammo huquq himoyachilarining so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda mitinglarga ruxsat olish deyarli imkonsiz ish: hukumatda rad qilishning turli sabablari topiladi.

Shu haftada Olmaota va Nur-Sulton shaharlarida 4-5 sentabr kuni o‘tkazilgan namoyishlarda ishtirok etgani uchun bir qancha fuqarolar 10-15 kunlik muddatlarga qamaldi. O‘shanda ham namoyishchilar Xitoyning Qozog‘istondagi loyihalariga qarshilik qilib chiqishgandi.

Mavzuga oid