«Vatanparvar»ning Navoiydagi tizimidagi ziddiyatlar: Xatirchi tuman bo‘limi jamoasi viloyat tashkiloti raisidan norozi
Kun.uz tahririyatiga «Vatanparvar» tashkilotining Xatirchi tuman o‘quv sport texnika klubi jamoasi murojaat yo‘llab, viloyat tashkiloti raisi tomonidan o‘zlariga nisbatan nohaqlik qilinayotgani, buning ortidan klub boshlig‘i Akmal Po‘latov ham ishdan olingani, ular bundan norozi ekanliklarini bildirishgan.
Ushbu murojaatni o‘rganish maqsadida Xatirchi tumanida bo‘lib, «Vatanparvar» tashkilotining tuman o‘quv sport-texnika klubi jamoasi bilan suhbatlashib, ularning e'tirozlarini tingladik.
«Tashkilotga ishga kelganimizda bu yerlar tashlandiq ko‘rinishda, qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun kimyoviy o‘g‘itlar saqlanadigan ombor edi. Bir necha yillar davomida rahbarimiz boshchiligida shu yerlarni obod qildik. Eski binolarni buzib, yangi, zamonaviy bino barpo etdik. Ko‘p qismini jamoamiz hashar qilib, o‘z kuchi bilan amalga oshirdi. Bu yer ko‘rkam go‘shaga aylandi, tashkilot ishlari ham joyiga tushdi.
Tashkilot hududidagi bo‘sh yerda issiqxona tashkil qilib, yetishtirgan limonimiz hosilga kirgan. Ammo shuncha xayrli ishlarni o‘zboshimchalik bilan qilingan, degan vaj bilan «Vatanparvar» tashkilotining Navoiy viloyat tashkiloti raisi tomonidan turli bosimlar boshlandi va boshlig‘imizni ham ishdan bo‘shatdi. Jamoa fikri umuman so‘ralmadi. Hamma ish joyida bo‘lsa, bir tashlandiq joyni mehnatimiz bilan shunday zamonaviy holatga keltirgan bo‘lsak», — deydi tuman O‘STK jamoasi vakillari.
Ularning e'tirozlari asosida klub hududini ko‘zdan kechirdik. Bu joyning avvalgi tashlandiq holati va hozirgi ahvolini isbotlovchi fotosuratlar bilan tanishdik. Haqiqatan ham yillar davomida jamoat tomonidan katta obodonlashtirish ishlari amalga oshirilganiga guvoh bo‘ldik.
Ayni vaqtda «Vatanparvar» tashkilotining Navoiy viloyat tashkiloti tomonidan klub rahbarligidan olingan A.Po‘latov bilan ham uchrashib, u bilan suhbatlashdik.
«To‘g‘risi, bizga nisbatan nega bunday bo‘layotganini bilmayman. Ishimni bir necha yildan buyon vijdonan bajarib kelayotgandim. Bu joyni obodonlashtirib, ko‘rkam maskanga aylantirishning o‘zi bo‘lgani yo‘q. Issiqxona tashkil qilib, limon yetishtirdik. Axir, u payti butun respublikamizda yerdan unumli foydalanish maqsadida issiqxonalar tashkil etilayotgan edi. Hosilga kirgandan keyin xodimlarga taqsimlashni yo‘lga qo‘ydik. Bir donasini ham sotmaganmiz. O‘sha hosildan viloyatdagi rahbarimizga olib borib, shunday ishlarni yo‘lga qo‘yganimizni aytgandim. U esa bizni o‘zboshimchalikda aybladi. Shundan keyin menga nisbatan asossiz intizomiy choralar ko‘rildi. Qurilishlarni ham noqonuniy qilgan, deb prokuraturaga ham berdi. Moliyaviy ahvolimizni ham tekshirtirdi. Birorta kamchiligimiz, kamomadimiz yo‘q. Ammo asossiz ayblovlar bilan baribir ishdan oldi. Men ishdan ketganimga emas, shuncha yil davomida qilgan ishlarimizga achindim. Oxirida menga aytgan rahmati shu bo‘ldi. Menga nisbatan nohaqlik qilindi, bu o‘zaro ziddiyatga, aynan menga qarshi qilinayotgan uyushtirilgan fitnaga o‘xshaydi», — deydi A.Po‘latov.
Mazkur holat yuzasidan «Vatanparvar» tashkilotining Navoiy viloyat tashkiloti raisi J.Dostonov bilan suhbatlashdik.
«A.Po‘latovning o‘zboshimchalik bilan qilgan ishlari ko‘p. Intizomiy jazolari bor. Bu ish bilan tegishli tashkilotlar shug‘ullanyapti. Jumladan, prokuratura organlariga ham berganmiz», — deydi J.Dostonov.
Xo‘sh, A.Po‘latov haqiqatan ham noqonuniy ishlar bilan shug‘ullanganmi?
O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, haqiqatan ham «Vatanparvar» tashkilotining Navoiy viloyat tashkiloti raisi J.Dostonov bergan ma'lumotlar asosida Xatirchi tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv olib borgan. Biroq, Xatirchi tuman O‘STKda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmagani bois O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingan.
Prokuratura xulosasiga ko‘ra, A.Po‘latovga nisbatan «Vatanparvar» tashkilotining Navoiy viloyat tashkiloti raisi J.Dostonov tomonidan qo‘yilayotgan ayblar asossiz bo‘lib chiqqan.
Shunday ekan, A.Po‘latovning ishdan olinishiga haqiqatdan ham o‘zaro ziddiyatlar sababmi? A.Po‘latovning lavozimidan ozod etilishi qay darajada qonuniy bo‘lgan?
Bu holatlar «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi va tegishli tashkilotlar tomonidan jiddiy o‘rganib chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
18:45 / 15.07.2024
Navoiyda ayol o‘z turmush o‘rtog‘ining qotiliga aylandi
14:48 / 08.07.2024
Xatirchida yosh qiz o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilardan biri 1 yilda 12 marta radarga tushgani ma’lum bo‘ldi
21:02 / 06.07.2024
Xatirchida qoidabuzarligi ortidan 9 yashar bolaning umriga zomin bo‘lgan BYD'larning haydovchilari qamoqqa olindi
09:34 / 06.07.2024