Sport | 13:17 / 23.09.2019
55787
11 daqiqa o‘qiladi

Kuper aybdormidi? Faqat Kupermi?

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2022 saralashini sharmandali mag‘lubiyat bilan boshladi. Tarixda biror marta O‘zbekistonga gol ura olmagan Falastin O‘zbekistonni yengdi. Xuddi qit'a o‘rtamiyonasini mag‘lub etgandek osongina yengdi. Bu sharmandali holatga aybdor sifatida bosh murabbiy iste'foga chiqarib yuborildi. Xo‘sh, aybdor kim? Faqat murabbiymi?

Hamma!

Millatning bosh jamoasiga aloqador har qanday inson Falastinga uchralgan mag‘lubiyatda aybdor edi. Sezib turibsiz, bu shunchaki uch ochko yo‘qotish emas, milliy jamoada jiddiy o‘zgarishlarga olib kelgan juda alamli mag‘lubiyat edi.

Bu sharmandali mag‘lubiyatda hamma aybdor edi: Toshkentdan boshqa yerga chiqmagan, O‘zbekiston chempionati o‘yinlarini diqqat bilan tomosha qilmagan, legioner futbolchilarning o‘yinini tomosha qilish tugul poytaxtdan boshqa viloyatga borib futbol ko‘rmagan Kuper ham, juda ko‘p variant bo‘laturib mana shu davri o‘tgan murabbiyni olib kelgan oldingi rahbariyat, milliy jamoaga javobgar bugungi odamlar va turgan gapki maydonda harakat qilgan futbolchilar ham.

Biz asosan Kuperni aybladik, chunki u futbolimizga chindan mos kelmadi, o‘zbek futbolining o‘z odami bo‘la olmadi, bunga harakat ham qilgani yo‘q. Masalan, u katta ehtimolki, «Navbahor» stadionini «So‘g‘diyona» stadionidan farqlay olmasdi. Yoki u «Andijon», «Buxoro» va «Dinamo» kabi jamoalar tarkibida kimlar o‘ynashini aytib bera olmasdi. Vaholanki, milliy jamoa bosh murabbiyi mamlakat futbolini hammadan yaxshi bilishi kerak edi.

Masalan, Qatar murabbiyi Feliks Sanches asosiy hujumchisi Ali al Muoz qaysi ovqatni yoqtirishigacha bilsa kerak, chunki bu murabbiy Qatar futbolida 2006 yildan buyon ishlab keladi. Xullas, Kuper o‘zbek futbolining ichiga kira olmadi. Shu bois, natijalar keskin yomonlashuvida katta aybdor baribir murabbiy bo‘lib qolaveradi.

Ammo natijani futbolchilar yaratishini ham unutmaylik. Axir, Kuper Falastin bilan o‘yin oldidan Farrux Sayfiyevga o‘z qanotidan uyushtirilayotgan barcha hujumlarni o‘tkazib yuborishni ko‘rsatma bermagandir? Yoki murabbiy Odil Ahmedovga ikki metrdan turib bo‘sh qolgan darvozaga gol urmaslikni ko‘rsatma bermagan. Kuper markaziy himoyaning asosiy vakili Anzur Ismoilovga ham hujumchini qarshiliksiz o‘tkazib yubor demagani, Eldor Suyunovga qanotdan to‘p darvoza yaqiniga uzatilsa, hujumchi bilan birga yugurib, to‘pni o‘tkazib yubor deb aytmagani aniq.

Falastin bilan o‘yinda meni bir narsa ranjitdi: futbolchilar go‘yoki maydonda murabbiyning ko‘rsatmalaridan arazlab o‘ynayotgandek taassurot uyg‘ondi. Axir futbolchi uchun asosiy vazifa vatan uchun o‘ynash emasmi? Qo‘pol qilib aytganda, millatning bosh jamoasi uchun o‘ynayotganda murabbiy senga yoqmasa, uning kimligi, qanday ko‘rsatma berayotgani ikkinchi darajali bo‘lib qolmaydimi? Kuperga O‘zbekistonni jahon chempionatiga olib chiqish ko‘pi bilan odamlarga nimanidir isbotlash uchun kerak edi, lekin bizgachi? Biz hech qachon mundialda o‘ynamaganmiz va o‘sha o‘lib-tirilayotganimiz yo‘llanma bizga kerak.

Kuper yo‘q joydan Ispaniyaning o‘rtamiyonasi bilan UYeFA kubogi finaliga chiqqan, dunyoning eng zo‘r musobaqasi Chempionlar Ligasida ham ikki martalab finalda o‘ynagan. Ya'ni, bu murabbiy O‘zbekiston bilan jahon chempionatiga chiqaman deb «o‘lib turgani yo‘q» edi. Mundialga chiqish bizga kerak va biz bu murabbiydan to‘g‘ri foydalanishimiz kerak edi. Afsuski bunday bo‘lmadi.

Albatta, futbolchilar bu gapdan xafa bo‘lishlari mumkin, lekin ular bizning inimizga aylanib qolgan. Bu gaplarni ular uchun kuyunganimiz sabab aytamiz. Jahon chempionatiga biz emas, ular chiqishadi. Biz milliy jamoadagi futbolchilar yaxshi o‘ynashini, jahon chempionatiga chiqishini, bu orqali kattaroq jamoalarga o‘tishini, ular bilan faxrlanib yurishni xohlaymiz. Qaysidir jurnalistga O‘zbekiston jahon chempionatiga chiqsa, tahririyati unga mukofot bermaydi. Mana shu ko‘z o‘ngimizda yulduzga aylangan yigitlarning muvaffaqiyat qozongani, yanada kattaroq nomga aylanishining o‘zi bizga mukofot.

Tanganing ikkinchi tomoni. Juda achchiq va qimmat tajriba

Biz milliy jamoaga xorijlik murabbiy kelishi kerak deb ko‘p yillardan beri gapirdik, yozdik. Bunday murabbiy futbol mentalitetining o‘zgarishiga sabab bo‘ladi deb o‘yladik, ammo Kuper bizga «yoqmay qolgani»dan keyin xorijik murabbiy olib kelishning yoqimsiz tomoni namoyon bo‘ldi. Xorijlik murabbiyni o‘zimizning murabbiylar kabi shunchaki «pattasini qo‘liga tutqazib» bo‘lmaydi. Unga «otning kallasidek» tovon puli to‘lash kerak.

Biz hali hech qachon bunaqa qiyin holatga tushmagandik. Endi xorijlik murabbiy olib kelishdan oldin yetti o‘lchab bir kesish kerak. Chunki O‘FA ham davlatning qo‘liga qarab qolgan tashkilot. Marketing katta pullar topib, O‘FA iqtisodiy mustaqil tashkilotga aylansa, boshqa gap, ammo hozircha bu tashkilot katta xarajatlarni o‘ziga ep ko‘ra olmaydi.

Yangi murabbiy muhitni yaxshilashi mumkin

Aftidan milliy jamoadagi muhit juda yomon ahvolga kelgan ko‘rinadi. Bunday holatda esa o‘zgarish zarur edi. Har bir futbolchiga alohida murabbiyning aytganini qilish kerak deb tushuntirib chiqqandan ko‘ra yaxshisi murabbiyni o‘zgartirish talab etilardi. Endi xorijlik murabbiyni olib kelishda moslashish jarayonini ham esdan chiqarmaslik kerak bo‘ladi. Mahalliy murabbiylar bilan ham muammo bo‘ladi, ammo ularni hal qilish osonroq.

Nega aynan Abramov?

Ko‘pchilik terma jamoga Vadim Abramov qaytarilishini kutmoqda. Chunki aynan Abramov qo‘l ostida milliy jamoa boshdan baland sakray olgan va chinakamiga futbol o‘ynagan. Ha, Avstraliyadan oltita gol o‘tkazib yuborganmiz, ammo o‘sha musobaqada O‘zbekiston o‘z tarixida ilk marta Osiyo Kubogi yarim finaliga chiqqandi. To‘g‘ri, Iordaniyani yutib, ammo bugun Iordaniya u yoqda tursin Falastin ham bizni yengib ketmoqda-ku?

Abramov davrida eng avvalo milliy jamoada kayfiyat zo‘r edi. Muxlislar injiq deb biladigan Maksim Shatskixni Abramov Qatardagi Osiyo Kubogiga kiyinish xonasidagi yetakchi sifatida olib ketgandi. Maks o‘shanda eng yaxshi holatida bo‘lmasa-da, Abramov undan yaxshi foydalana olgandi. Qatardagi chempionatdan keyin juda ko‘p futbolchilarimiz legionerga aylangan va jahon darajasiga ko‘tarilmagan bo‘lsa-da, kamida o‘zining iqtisodiy holatini yaxshilab olgandi.

Abramov vaqtida milliy jamoadagi ichki muhit juda yaxshi bo‘lganini futbolchilar ham aytgan. Demak, murabbiy chindan futbolchilarning ko‘nglini topib, millatning bosh jamoasida yaxshi kayfiyatni shakllantirgan. Muhammadrizo Xalatborining o‘sha qo‘shimcha vaqtda urgan goli sabab Eronga yengilganimizdan so‘ng Abramov iste'foga chiqarib yuborilgandi. O‘shanda futbolchilar murabbiyni ketkazmaslik uchun federatsiya rahbariyatiga murojaat ham qilishgan. Bizda yana qaysi murabbiyni futbolchilar shunday qadrlaganini ko‘rgansiz?

Abramov jahon chempionati saralashida biror marta to‘liq imkoniyat olmagan. U Yaponiya va Shimoliy Koreya bor guruhda (shimolliklar o‘sha vaqt jahon chempionati ishtirokchisi edi) birinchi o‘rinni olgan, Yaponiyani mehmonda ikkinchi tarkib bilan yenggan murabbiy hal qiluvchi bosqichdagi birinchi mag‘lubiyatdan keyinoq iste'foga chiqarilgandi. To‘g‘risi, bu katta xato bo‘lgan. Babayan Suriya-yu Xitoyga yutqazib yurgan vaqtda ham unga imkon berildi, lekin Eronga yutqazgan Abramov o‘sha kuniyoq ishdan haydalgandi.

Abramovning yana bir ustunligi uning zamonaviy fikrlashi, liberal qarashlarga ega ekanidadir. E'tibor bergan bo‘lsangiz, Shota Arveladze va Andrey Kanchelskis kabi xorijlik murabbiylar o‘zbek futboliga erkinlik nafasini olib kirishdi. Masalan, mahalliy murabbiylar futbol rahbariyatining qilgan ishlarini matbuot anjumanlarida tanqid qila olishmasdi, ammo Kanchelskis o‘yinlar vaqtida murabbiy galstuk taqib turishi shart qilib belgilangani ahmoqona qoida bo‘lganini bemalol ayta oladi.

Yoki bo‘lmasa, shuncha vaqt bizdagi aksar murabbiylar futbolchilik oson ish emas deb bir xil lentani aylantirib yurgan vaqtda Arveladze bemalol o‘zbek futbolchilarining orzusi yaxshi uy va mashina olish bilan tugashini ayta oladi.

Abramov mana shunday erkinlik tarafdori bo‘lgan murabbiy. U ham «Neftchi»da ishlab yurgan vaqtida chempionat tugashi arafasida davom etayotgan musobaqa formati o‘zgargani haqida keskin gapirgan va «mukofoti»ga litsenziyasidan ayrilgandi.

Xullas, Abramov ayni damda milliy jamoani tartibga keltirishi mumkin bo‘lgan murabbiydir. Chunki bizda kuchli futbolchilar bor, kadrlar borasida O‘zbekiston Osiyoda yetakchilardan va bunday sifatli futbolchilardan yaxshi jamoa tuzish uchun noodatiy qarashlar kerak. O‘z vaqtida mamlakatning eng zo‘r tayanch yarimhimoyachisini markaziy himoyada o‘ynatib, bundan samara chiqara olgan Abramov esa aynan mana shunday noodatiy murabbiy, menimcha...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid