O‘zbekiston | 12:12 / 23.09.2019
104369
18 daqiqa o‘qiladi

Talabalarga stipendiyalar to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risidagi qaror loyihasi e'lon qilindi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalari talabalariga stipendiyalar to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Respublika oliy ta'lim muassasalarining kunduzgi shaklida davlat granti va bir yillik o‘qitish qiymatining stipendiyali miqdorini to‘lagan, to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalarni (xorijiy talabalardan tashqari) stipendiya bilan ta'minlash tizimi joriy etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, oliy ta'lim muassasalariga ega bo‘lgan boshqa vazirlik va idoralar talabaning har oyda to‘lanadigan bazaviy stipendiya miqdorini to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitishning qiymati miqdoriga o‘z xohishiga ko‘ra kiritilishini inobatga oladilar.

Bunda, o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt qiymati miqdoriga kiritilgan har oyda to‘lanadigan stipendiya summasi talabaga uning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan qat'iy nazar to‘lanishi belgilanadi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalarida o‘qitishning kunduzgi shaklida davlat granti va bir yillik o‘qitish qiymatining stipendiyali miqdorini to‘lagan, to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan hamda nomli davlat stipendiyalariga tavsiya etilgan (xorijiy talabalardan tashqari) Oliy ta'lim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari belgilanadi.

Bunda, davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalarga to‘lovni qaysi ko‘rinishda (stipendiyali yoki stipendiyasiz) amalga oshirganidan qat'iy nazar, quyidagi rag‘batlantirish to‘lovlari tayinlanadi:

barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a'lo” baho (reyting ko‘rsatkichi 86 balldan kam bo‘lmagan) bo‘lgan talabalarga navbatdagi o‘quv semestri davomida bazaviy stipendiyaning 15 foizi miqdorida;

o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a'lo” hamda “a'lo” va “yaxshi” baho bo‘lgan yoki jamoat ishlarida faol yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabaga navbatdagi o‘quv semestri davomida tayinlangan jami stipendiyaga nisbatan 50 foizgacha miqdorda;

iqtidorga ega, xalqaro yoki respublika yoki oliy ta'lim muassasasi miqyosida talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan fan (ta'lim yo‘nalishi) olimpiadalari g‘olibi bo‘lgan talabaga bazaviy stipendiya miqdoriga nisbatan bir o‘quv yili davomida quyidagi tartibda alohida moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari tayinlanadi:

xalqaro miqyosdagi olimpiada g‘olibiga – 50 foiz;

respublika miqyosidagi olimpiada g‘olibiga – 25 foiz;

oliy ta'lim muassasasi miqyosidagi olimpiada g‘olibiga – 15 foiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi va Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyalarini oluvchi talabalarga stipendiyalar tayinlash va to‘lashning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.

Bunda, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab nomli davlat stipendiyalarini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar talabalarning davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotganidan qat'iy nazar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

2019/2020 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalarining davlat granti asosida ta'lim olayotgan bitiruvchi bosqich talabalari uchun stipendiyalarning bazaviy miqdorlari belgilanadi va talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab stipendiyalarga quyidagi tabaqalashtirilgan koeffitsiyentlar qo‘llangan holda amalga oshiriladi:

reyting bo‘yicha eng yuqori ballar (86 — 100 ball) — 1,0;

reyting bo‘yicha yuqori ballar (71 — 85 ball) — 0,75;

reyting bo‘yicha o‘rtacha ballar (55 — 70 ball) — 0,5.

Oliy ta'lim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari 

T/r

Talabalar toifasi
(xorijiy talabalardan tashqari)

Miqdori
(bir oyda so‘m)

1.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi stipendiatlariga

1 692 702

2.

Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyalari stipendiatlariga

1 128 468

3.

Oliy ta'lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyaning bazaviy miqdori

400 000

4.

Barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a'lo” baho (reyting ko‘rsatkichi 86 balldan kam bo‘lmagan) bo‘lgan talabalarga tayinlanadigan stipendiyaning miqdori

460 000

5.

O‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a'lo” yoki “a'lo” va “yaxshi” baho bo‘lgan yoki jamoat ishlarida faol yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga tayinlanadigan stipendiyaning miqdori

690 000 gacha

6.

Iqtidorga ega, halqaro, respublika va oliy ta'lim muassasasi miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari g‘olibi bo‘lgan talabaga alohida tayinlanadigan qo‘shimcha stipendiyaning miqdori:

xalqaro miqyosdagi olimpiada g‘olibi

respublika miqyosidagi olimpiada g‘olibi

oliy ta'lim muassasasi miqyosidagi olimpiada g‘olibi

 

 

 

200 000

100 000

60 000

7.

Kar-soqov, ko‘zi ojiz hamda 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga stipendiya belgilangan stipendiyaga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda nazarda tutiladi

 

Izoh: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining stipendiyalar miqdorini oshirish to‘g‘risida farmoni qabul qilinishi munosabati bilan oliy ta'lim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari o‘zgargan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining buyrug‘i bilan oliy ta'lim muassasalari talabalari stipendiyalarning jadvalda ko‘rsatilgan miqdorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

2019/2020 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalarining davlat granti asosida ta'lim olayotgan bitiruvchi bosqich talabalari uchun stipendiyalarning bazaviy miqdorlari

T/r

Talabalar toifasi
(xorijiy talabalardan tashqari)

Miqdori
(bir oyda so‘m)

1.

Oliy ta'lim muassasalari talabalari

752 312

2.

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalar

816 426

3.

Davlat ta'minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-onalar vasiyligisiz qolgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalar

717 882

4.

Baynalmilal burchini bajarishda yarador bo‘lish, kontuziya, jarohatlanish yoki kasallanish oqibatida nogiron bo‘lib qolgan sobiq harbiy xizmatchilar sirasiga kiruvchi talabalar

852 716

5.

Sobiq baynalmilalchi jangchilar sirasiga kiruvchi talabalar

816 426

6.

Oliy o‘quv yurtlarida matematika, amaliy matematika va informatika, axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi mutaxassisliklari bo‘yicha ta'lim olayotgan talabalar

818 758

7.

Kar-soqov va ko‘zi ojiz talabalarga stipendiya belgilanganga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda nazarda tutiladi

 

Izoh: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining stipendiyalar miqdorini oshirish to‘g‘risida farmoni qabul qilinishi munosabati bilan oliy ta'lim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari o‘zgargan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining buyrug‘i bilan oliy ta'lim muassasalari talabalari stipendiyalarning jadvalda ko‘rsatilgan miqdorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

Oliy ta'lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalarida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturada ta'lim olayotgan talabalarga to‘lanadigan stipendiyaning bazaviy miqdori 400 000 (to‘rt yuz ming) so‘m etib belgilanadi.

Mazkur stipendiya (talabalarni rag‘batlantirish bilan bog‘liq to‘lovlardan tashqari) to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olib, to‘lovlarni stipendiyasiz miqdorda amalga oshirayotgan bakalavriat va magistratura talabalariga to‘lanmaydi.

Oliy ta'lim muassasalari talabalariga stipendiya tayinlashni stipendiya komissiyasi quyidagi tartibda amalga oshiradi:

a) Davlat granti asosida o‘qitishning kunduzgi shaklida ta'lim oluvchi talabalarga:

birinchi bosqich talabalariga stipendiya to‘lovi o‘quv yilining 1-semestri mobaynida bazaviy stipendiya miqdorida belgilanadi;

avvalgi semestr natijalariga ko‘ra fanlar bo‘yicha o‘zlashtiruvchi talabalarga stipendiya to‘lovi stipendiyaning bazaviy miqdorida belgilanadi;

avvalgi semestr natijalariga ko‘ra barcha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a'lo” (reyting ko‘rsatkichi 86 balldan kam bo‘lmagan) bo‘lgan talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdori 15 foizga oshirilgan holda belgilanadi;

2019/2020 o‘quv yilining 2-semestridan boshlab avvalgi semestr natijalariga ko‘ra o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 30 foiz va undan ortiq fanlar bo‘yicha “qoniqarli” baho (reyting ko‘rsatkichi 55-70 ball bo‘lgan) bo‘lgan talabaga navbatdagi semestr uchun stipendiya tayinlanmaydi;

oliy ta'lim muassasalarida 2019/2020 o‘quv yilida bitiruvchi bosqich talabalari uchun stipendiya to‘lovlari o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab tabaqalashtirilgan koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda amalga oshiriladi.

b) Oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishning kunduzgi shaklida ta'lim oluvchi talabalarga tegishli o‘quv yili uchun o‘qitish qiymatining stipendiyali miqdorini to‘lagan talabalarga o‘quv yili mobaynida ularning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan qat'iy nazar stipendiyaning bazaviy miqdori to‘lanadi.

Stipendiya to‘lash uchun stipendiya komissiyasi tavsiya etgan talabalarning ro‘yxatlari oliy ta'lim muassasasi rektorining (filial direktorining) yoki uning vazifalarini bajaruvchi shaxsning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

O‘zlashtirayotgan talabalarga stipendiya tayinlash o‘quv yilida ikki marotaba o‘tkaziladi va stipendiya har bir o‘quv semestri oyining birinchi kunidan boshlab to‘lanadi.

Toshkent davlat yuridik universitetida o‘zlashtirayotgan talabalarga stipendiya tayinlash o‘quv yilida ikki marotaba o‘tkaziladi va stipendiyalar yakuniy nazorat natijalari e'lon qilinganidan so‘ng, har bir o‘quv semestri oyining birinchi kunidan boshlab tayinlangan holda to‘lanadi.

O‘quv semestri uchun o‘zlashtirish natijalari bo‘yicha uzrsiz sabablarga ko‘ra akademik qarzga (bir yoki undan ko‘p fanlar bo‘yicha 55 % dan kam reytingga) ega bo‘lgan oliy ta'lim muassasalarining talabalari keyingi o‘quv semestri oyining birinchi kunidan boshlab stipendiya olish huquqidan mahrum bo‘ladilar.

Belgilangan tartibda akademik qarzini bartaraf etgan (tegishli fanlar bo‘yicha 55 va undan ko‘p foiz to‘plagan) talabalarga stipendiya akademik qarzni bartaraf etish muddati tugaganidan keyingi oyning 1-kunidan boshlab, bazaviy stipendiya miqdorida keyingi o‘quv semestriga qadar tayinlanadi.

Qayta o‘zlashtirish uchun ularga taqdim etilgan bir oylik muddat mobaynida akademik qarzini bartaraf etmagan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazariy o‘qishning keyingi semestriga (kursiga) o‘tkazilgan hamda keyinchalik akademik qarzini bartaraf etgan (tegishli fanlar bo‘yicha 55 va undan ko‘p foiz to‘plagan) Toshkent davlat yuridik universiteti talabalariga stipendiya akademik qarz bartaraf etilgandan keyin keladigan oyning birinchi sanasidan boshlab, bazaviy stipendiya miqdorida, akademik qarz bartaraf etilgan o‘quv semestrining oxiriga qadar tayinlanadi.

Kasalligi yoki tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanadigan boshqa uzrli sabablarga ko‘ra akademik qarzga ega bo‘lgan talabalar akademik qarzlarini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda bartaraf etgunlariga qadar stipendiyadan mahrum etilmaydilar.

Hujjat bilan tasdiqlangan uzrli sababga ko‘ra baholashning (reyting nazoratining) biror-bir turini topshirmagan Toshkent davlat yuridik universiteti talabalariga qayta o‘zlashtirish uchun akademik qarzdorlarga taqdim etiladigan davr uchun stipendiya baholash (reyting nazoratini)ni muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda to‘lanadi.

O‘quv rejasi asosida amalga oshirilgan malaka amaliyotlari va ta'tillar davrida talabalarning stipendiya olish huquqi saqlanadi.

Pensiya oladigan talabalarga stipendiya umumiy asoslarda tayinlanadi.

Talabalarga akademik ta'til davrida stipendiya to‘lanmaydi. Talaba akademik ta'tildan qaytganidan keyin unga stipendiya to‘lash bazaviy miqdorida joriy o‘quv semestrining oxiriga qadar tiklanadi.

Ilgari ma'muriyat tashabbusi bilan oliy ta'lim muassasasidan chetlatilgan talabalar o‘qishga tiklanganda mazkur o‘quv semestri uchun stipendiya bazaviy miqdorida tayinlanadi.

Homiladorlik va tug‘ish ta'tili davri uchun talabalarga stipendiya qonun hujjatlarida belgilangan muddatlar mobaynida umumiy asoslarda to‘liq miqdorda to‘lanadi.

Agar homiladorlik akademik ta'til davrida yuzaga kelgan bo‘lsa, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik to‘g‘risida yagona namunadagi ma'lumotnoma taqdim etilganda akademik ta'til to‘xtatilishi hamda homiladorlik va tug‘ish ta'tili rasmiylashtirilishi kerak.

2 yoshgacha bolasi bo‘lgan va o‘qishni ta'limning kunduzgi shaklida davom ettirayotgan talaba ayollarga stipendiya umumiy asoslarda to‘liq miqdorda to‘lanadi. Bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarishlash ta'tilida bo‘lish davrida stipendiya to‘lanmaydi. Bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarishlash bo‘yicha nafaqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘lanadi.

Belgilangan tartibda bir oliy ta'lim muassasasi (fakultet)dan boshqasiga, shuningdek ta'limning sirtqi shaklidan kunduzgi shakliga o‘tkazilgan talabalarga stipendiya ular tomonidan baholash (reyting nazorati) natijalari bo‘yicha, o‘quv rejalaridagi tafovutlar bartaraf etilganidan keyin tayinlanadi.

Akademik qarz mavjud bo‘lmaganida stipendiya akademik ma'lumotnoma (reyting daftarchasi)da ko‘rsatilgan, avvalgi o‘quv joyidagi baholash (reyting nazorati) natijalari bo‘yicha tayinlanadi va yangi o‘quv joyiga qayd etilgan paytdan boshlab oliy ta'lim muassasasi rektorining (filial direktorining) yoki uning vazifalarini bajaruvchi shaxsning buyrug‘i asosida to‘lanadi.

O‘qishini bir oliy ta'lim muassasasidan boshqasiga ko‘chirayotgan talabalarga yozgi ta'til vaqtida stipendiya to‘lash ularning dastlabki ta'lim olgan oliy ta'lim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.

Oliy ta'lim muassasalarida har bir fan bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “a'lo” va “yaxshi” baho bo‘lgan, iqtidorli, jamoat ishlarida faol, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi” tashkil etiladi.

Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish, yuqorida keltirilgan toifadagi talabalarni qo‘llab-quvvatlash oliy ta'lim muassasasi Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan ichki tartib-qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Jamg‘arma mablag‘laridan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalarga to‘lovni qaysi ko‘rinishda (stipendiyali yoki stipendiyasiz) amalga oshirganidan qat'iy nazar, quyidagi rag‘batlantirish to‘lovlari tayinlanadi:

barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a'lo” baho (reyting ko‘rsatkichi 86 balldan kam bo‘lmagan) bo‘lgan talabalarga navbatdagi o‘quv semestri davomida bazaviy stipendiyaning 15 foizi miqdorida;

o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a'lo” hamda “a'lo” yoki “a'lo” va “yaxshi” baho bo‘lgan yoki jamoat ishlarida faol yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabaga navbatdagi o‘quv semestri davomida tayinlangan jami stipendiyaga nisbatan 50 foizgacha miqdorda;

iqtidorga ega, xalqaro, respublika va oliy ta'lim muassasasi miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari g‘olibi bo‘lgan talabaga bazaviy stipendiya miqdoriga nisbatan bir o‘quv yili davomida quyidagi tartibda alohida moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari tayinlanadi:

xalqaro miqyosdagi olimpiada g‘olibiga – 50 foiz;

respublika miqyosidagi olimpiada g‘olibiga – 25 foiz;

oliy ta'lim muassasasi miqyosidagi olimpiada g‘olibiga – 15 foiz.

Jamg‘armaning manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

a) davlat granti asosida ta'lim olayotgan talabalarni rag‘batlantirish uchun — budjet mablag‘lari hisobidan, bir moliya yili uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasida yillik stipendiya to‘lovlariga rejalashtirilgan mablag‘larning 10 foizi miqdorida qo‘shimcha ravishda ajratiladi hamda akademik stipendiyalarga ajratilgan stipendiya to‘lovlarining iqtisod qilingan qismidan tashkil topadi;

yil yakuniga ko‘ra jamg‘armaning qoldiq mablag‘lari budjetga qaytarilmaydi va oliy ta'lim muassasasi tomonidan belgilangan maqsadlarga yo‘naltiriladi;

b) to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalar uchun — to‘lov-kontrakt mablag‘lari hisobidan, daromadlar va xarajatlar smetasida tegishli moliya yili uchun rejalashtirilgan tushumlarning 2 foizi miqdorida belgilanadi.

Oliy ta'lim muassasalarida o‘qitish qiymatining stipendiyali miqdorini to‘laydigan bitiruvchi kurs talabalari iyul va avgust oylari uchun belgilangan bazaviy stipendiya summasi (qismlarga bo‘lib to‘langanda – oxirgi o‘quv semestridagi) to‘lov miqdoridan chegirib qolinadi.

Bunda, chegirib qolinayotgan stipendiya summasi oliy ta'lim muassasalarida oxirgi o‘rnatilgan davrdagi stipendiyaning bazaviy miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi.

Talabalarning stipendiyalaridan ushlab qolishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Talabalarga stipendiya to‘lovlarini to‘g‘ri tayinlash va to‘lash ustidan nazorat qilish oliy ta'lim muassasasining stipendiya komissiyasi zimmasiga yuklanadi.

Mavzuga oid