Jahon | 01:47 / 24.09.2019
30810
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda aviazarbalar to‘ydagi 40 kishining hayotini olib ketdi

Foto: Reuters

Afg‘onistonning Gilmand viloyatida hukumat kuchlarining jangarilarga qarshi amaliyoti vaqtida tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Ular amaliyot olib borilayotgan joy yaqinidagi to‘y mehmonlari bo‘lgan. Aviazarbalar oqibatida 40 kishi, asosan ayollar va bolalar halok bo‘lgan, 9 kishi jarohat olgan. Bu haqda viloyat kengashi vakili Abdulmajid Oxunzodaga iqtibos keltirgan holda 1TV telekanali xabar berdi. 

Voqea 22 sentabr oqshomida maxsus kuchlar “Tolibon” jangarilari xudkushlarni tayyorlagan uyda operatsiya amalga oshirishi vaqtida yuz bergan. Ta'kidlanishicha, ushbu uy oldida to‘y o‘tayotgan bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, aviazarbalar natijasida 14 nafardan 22 nafargacha jangari yo‘q qilingan.  

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani viloyat rahbariyatiga voqea yuz bergan Musa-Qal'a uyezdiga tinch aholi halok bo‘lishi tafsilotlarini o‘rnatish uchun tergov guruhi jo‘natishni buyurgan. Bu haqda G‘anining matbuot kotibi Sodiq Sodiqiy ma'lum qildi.

“Prezident G‘anining harbiy amaliyotlar o‘tkazilishi vaqtida qo‘shimcha ehtiyotkorlikka chorlovlariga qaramay, tinch aholi halok bo‘lganidan qayg‘udamiz va larzaga keldik”, deb aytgan Sodiqiy tvitterda.

Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzoy Gilmanddagi voqeani “genotsid” deb atagan.

“Afg‘onlar va bolalarning o‘ldirilishi ayni vaqtda genotsid darajasida. Men afg‘onlarni birlashib, mamlakatga egalik qilish huquqini qaytarishga hamda tinchlik va qadr-qimmatni tiklashga chaqiraman”, deb yozgan Karzoy tvitterda.

Mavzuga oid