O‘zbekiston | 08:45 / 25.09.2019
4903
2 daqiqa o‘qiladi

Sodiq Safoyev Oksford markazining majlisida ishtirok etdi

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev joriy yil 23 sentabr kuni Britaniyaning Oksford shahrida bo‘lib o‘tgan Oksford islom tadqiqotlari markazi (OITM) Xalqaro akademik konsultativ qo‘mitasining 11 majlisida ishtirok etdi.

Mazkur tadbirda OITMning o‘tib borayotgan yildagi faoliyati yakunlari, ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari va xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish rejalari muhokama etildi.

Islom tadqiqotlari Oksford markazi direktori Farxan Nizomiy va boshqa ishtirokchilar O‘zbekistonning Al-Buxoriy, At-Termiziy, Beruniy, Ibn Sino va boshqa buyuk islom olami namoyondalarining ishlarini kataloglashtirish hamda nashr etish, ularning tadqiqotlariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar va simpoziumlar o‘tkazishdagi sa'y-harakatlariga ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

Shu kunning o‘zida Sodiq Safoyev Oksford universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari hamda tadqiqotchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Oksford universitetining Magdalen-kolleji prezidenti D.Kleri  respublikaning katta ilmiy va kadrlar salohiyatini qayd etib, energetika, suv resurslari va sog‘liqni saqlash sohasida o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari haqida so‘zladi.

Britaniya oliy o‘quv yurtlarining olimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish va hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida yaqin kelajakda universitet delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida ma'lum qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari Bodlian kutubxonasini borib ko‘rdi. Bu yerda chig‘atoy (eski o‘zbek) tilida yozilgan bebaho qo‘lyozmalar saqlanadi. Delegatsiya a'zolari Alisher Navoiy “Hamsa” dostonining asl nusxasini ko‘zdan kechirdi. Kutubxona vakillari bilan Movarounnahr olimlari qo‘lyozmalarini kataloglashtirish va faksimil nusxalarini yaratish masalasi muhokama etildi.

Mavzuga oid