Jamiyat | 12:30 / 26.09.2019
12527
3 daqiqa o‘qiladi

«Xalq banki» Bo‘ka filiali boshqaruvchisining birinchi o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: Tabyldy Kadyrbekov

Departamentning Bo‘ka tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tekshirish o‘tkazilgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar bermoqda.

Unda AT “Xalq banki” Bo‘ka filiali boshqaruvchisining 1-o‘rinbosari Z.X. tumandagi “M-B” dehqon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan muhr, shtamp va boshqa hujjatlarini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritib, akasi V.X. bilan oldindan til biriktirib, soxta shartnomalar tuzib va bank hujjatlarini soxtalashtirib, jami 7 mlrd. 1 mln. so‘m tovar aylanmasini amalga oshirib, 1 mlrd. 3 mln. so‘m soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelganligi aniqlangan. 

Shuningdek, Z.X. mansab vakolatini suiiste'mol qilib, onasi va amakisi nomiga 15 mln. so‘mdan jami 30 mln. so‘m imtiyozli kredit rasmiylashtirib, mazkur pul mablag‘larini “M-B” dehqon xo‘jaligi hisob-raqamiga o‘tkazib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, Z.X. va boshqalar 317,7 mln. so‘m pul mablag‘larini moliyaviy yordam sifatida turli xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga o‘tkazib naqdlashtirib olganligi, AT “Xalq banki”ning lotereyalarini olish uchun “M-B” dehqon xo‘jaligi hisobidan 141,4 mln. so‘mni o‘tkazib, lotereyalarni bozorlarda naqd pulga sotganligi aniqlanib, jami 459,1 mln. so‘m naqd pul mablag‘larini bank muassasasiga topshirmasdan, avtomashina sotib olish uchun olingan kredit to‘lovlarini to‘lashga va turar joy sotib olishga sarflab, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirganlar. 

Mazkur holatlar yuzasidan Z.X. va boshqalarga nisbatan JKning 167-moddasi, 168-moddasi, 179-moddasi, 209-moddasi va 243-moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid