O‘zbekistonlik olimlar Yevropa tibbiy onkologiya jamiyatining xalqaro kongressida ilk bor ma'ruza qilishdi
Barselona shahrida bo‘lib o‘tayotgan Yevropa tibbiy onkologiya jamiyati kongressida O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda. O‘z yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro miqyosdagi ushbu nufuzli tadbir dunyoning yuzdan oshiq davlatidan o‘ttiz ming nafardan ziyod taniqli onkolog olimlar, shifokorlarni bir davraga jamlagan.
«Mazkur xalqaro kongress tashkilotchisi Yevropa tibbiy onkologiya jamiyati (ESMO) o‘z safiga onkologiya, gematologiya, patomorfologiya, kimyo va nur terapiyasi kabi sohalar bo‘yicha olimlari va malakali shifokorlarni jamlagan dunyodagi yetakchi tashkilotdir. Uning qatorida mamlakatimiz olimlari va shifokorlari ham borligi ilm-fanimiz va tibbiyotimizning o‘ziga xos salohiyatidan dalolatdir. O‘zbekiston onkologlari ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga 2017 yili a'zo bo‘lgan.
Mazkur xalqaro tashkilot tomonidan tashkil etilgan xalqaro kongressning kun tartibi juda qiziqarli va mazmunli ruhda o‘tmoqda. Jumladan, yirik xalqaro tadbir doirasida zamonaviy onkologiyaning dolzarb masalalari bo‘yicha qator anjuman, muloqot va mahorat darslari tashkil etilyapti. Ularda olimlar, shifokorlar, mutaxassislar, yosh tadqiqotchilar keyingi yillarda ilm-fan va texnologiyalar bo‘yicha erishilayotgan muhim ixtirolar, ilmiy-amaliy yangiliklar, shu bilan birga, tibbiyot oldida turgan ustuvor vazifalar bo‘yicha tajriba almashmoqda.
Mazkur nufuzli xalqaro kongress doirasidagi anjumanlarda O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari ham ilk bora so‘zga chiqib, mamlakatimiz onkologiya xizmatining bugungi holati, erishilayotgan natijalar va istiqboldagi vazifalar yuzasidan taqdimot o‘tkazishdi. Olimlarimizning ushbu chiqishi xorijlik mutaxassislar tomonidan qizg‘in kutib olindi va yurtimizda onkologiya xizmatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarga ijobiy baho berildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov o‘z chiqishida ta'kidlaganidek, dunyoda har yili 15 millionga yaqin birlamchi saraton holati aniqlanadi. O‘zbekistonda esa 100 mingdan ortiq bemor onkologik kasalliklar bo‘yicha hisobda turadi. Ushbu muammoning dolzarbligini hisobga olgan holda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarori doirasida hamda davlatimiz rahbarining bevosita boshchiligida so‘nggi uch yil ichida tibbiyotning barcha bo‘g‘inlari kabi onkologiya xizmatini tubdan takomillashtirish, bu yo‘nalishda xalqimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni jahon andozalari darajasiga olib chiqish borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda onkologik kasalliklarni tashxis qilish va davolashning zamonaviy standartlari klinik amaliyotga tatbiq etilgan.
Shu bilan birga, onkologik kasalliklarni davolashda yuqori texnologiyali operatsiya usullaridan ham samarali foydalanilyapti. Buyrak saratonida videolaporaskopik nefrektomiya, buyrak rezeksiyasi, qovuq saratonida radikal tsistektomiya, bachadon saratonida gisterektomiya, to‘g‘ri va yo‘g‘on ichak saratonida laparoskopik rezeksiya kabi zamonaviy operatsiyalar bunga misoldir. Shuningdek, nur terapiya sohasida braxiterapiya, stereotaktik radiojarrohlik nur terapiyasi kabi yangicha uslublar kirib kelgani inson salomatligini saqlashda muhim omil bo‘layotir. Keyingi yillarda onkologiya muassasalarini davlat budjetidan dori-darmon bilan ta'minlash ko‘rsatkichi yaxshilandi va 90-95 foizga yetkazildi.
Tibbiyotimizning bunday muhim yutuqlarida xalqaro aloqalar rivojlanib borishining o‘rni beqiyos. Hozirgi kunda olimlarimiz va shifokorlar bu yo‘nalishda dunyoning tibbiyoti taraqqiy etgan qator yirik ilmiy-amaliy markazlari bilan hamkorlik qilmoqda. Har yil ellik nafardan ko‘proq onkolog mutaxassislar Rossiya, AQSh, Koreya, Turkiya, Polsha, Hindiston, Belarus va boshqa xorijiy davlatlarning yetakchi ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida malaka oshirib kelmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
Mavzuga oid
11:00 / 15.10.2024
O‘zbekiston va Vengriya saraton kasalligini davolash sohasida hamkorlik qiladi
20:54 / 05.06.2024
“Dalillarga asoslangan harakat” – O‘zbekistonda ilk marta bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazilmoqda
08:32 / 29.05.2024
O‘zbekistonga rossiyalik pediatriya va onkologiya sohasi mutaxassislari yuboriladi
19:11 / 23.05.2024