O‘zbekiston | 08:31 / 01.10.2019
27159
2 daqiqa o‘qiladi

1 oktyabrdan musiqa va san'at maktablari o‘qituvchilarining oyligi oshirildi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Bolalar musiqa va san'at maktablari rahbar, o‘qituvchi va konsertmeysterlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining bolalar musiqa va san'at maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalarini 2019 yil 1 oktyabrdan:

direktor va direktor o‘rinbosarlari uchun – 1,5 baravarga;

o‘qituvchilar va konsertmeysterlar uchun – 1,25 baravarga oshirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

a) bolalar musiqa va san'at maktablarida o‘quv-tarbiya jarayonini tubdan yaxshilash maqsadida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida:

ta'lim sifatini baholashning zamonaviy tizimini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishni nazarda tutgan holda o‘quv reja va dasturlarni qayta ko‘rib chiqadi hamda tasdiqlaydi;

b) bolalar musiqa va san'at maktablari:

rahbar xodimlari lavozimiga nomzodlarni tanlov asosida saralash amaliyotini joriy qilish va ularni rag‘batlantirishni kuchaytirish;

rahbar xodimlarining masofadan turib malakasini oshirish tizimini samarali tashkil etish va qamrovini kengaytirish;

o‘qituvchilari va konsertmeysterlariga nisbatan malaka talablari, ular faoliyatini baholash tizimi hamda ta'limning mazmun va sifatiga qo‘yilgan davlat talablarini takomillashtirish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarorni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun talab etiladigan zarur mablag‘larni 2019 yil uchun ajratadi hamda 2020 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutadi. 

Mavzuga oid