O‘zbekiston | 14:38 / 02.10.2019
11163
3 daqiqa o‘qiladi

Chorva hayvonlarini sug‘urta qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Aholi xonadonlarida va chorvachilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatadigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sug‘urta qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Belgilanishicha, aholi xonadonlarida va chorvachilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatadigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlari “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatining hududiy filiallari hamda boshqa sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urta qilinadi.

Nizomga ko‘ra, sug‘urta shartnomasi quyidagi sug‘urta tavakkalchiliklari asosida tuziladi:

qoramollar, qo‘ylar, echkilar, otlar, tuyalar, cho‘chqalar, parrandalar va mo‘ynali hayvonlar uchun - yong‘in, bo‘ron, dovul, sel, suv toshqini, yashin urishi, zilzila, qattiq sovuq tushishi natijasida muzlab qolishi, elektr toki urishi (ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmasa), zaharli o‘tlar yoki moddalardan zaharlanish, transport vositalarining urib ketishi, portlash, ko‘chki, yirtqich hayvonlar hujumi, suvga yoki jarlikka qulash, o‘g‘irlanish (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan bo‘lsa), o‘tkir predmetlardan zarar ko‘rish yoki nobud bo‘lish, kasalliklar oqibatida nobud bo‘lishi, hayvonlar o‘lishi muqarrar bo‘lganda yoki kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida davlat veterinariya xizmati xodimi va mahalla fuqarolar yig‘ini vakili ishtirokida majburan so‘yilish;

asalarilar uchun - yong‘in, bo‘ron, dovul, sel, suv toshqini, yashin urishi, zilzila, qattiq sovuq tushishi natijasida muzlab qolishi, kasalliklar oqibatida nobud bo‘lish, o‘g‘irlanish (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan bo‘lsa);

baliqlar uchun - bo‘ron, dovul, sel, suv toshqini, zilzila, kasalliklar oqibatida nobud bo‘lish, mazkur joyga xos bo‘lmagan darajada havoning sovuq kelishi, muz ko‘chishi, portlash, baliqxo‘r qushlar (chayka, baklan) tomonidan zarar yetishi, uchinchi shaxs tomonidan qasddan qilingan harakat, o‘g‘irlik (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan bo‘lsa).

Chorva hayvonlarining sug‘urta qiymatiga nisbatan sug‘urta pulining eng yuqori miqdori quyidagicha belgilanadi:

qoramol, ot, tuya, cho‘chqa, qo‘y va echkilar uchun 80 foiz;

mo‘ynali hayvonlar uchun 60 foiz;

parranda, baliq va asalari uchun 50 foiz.

Jismoniy shaxslarga tegishli chorva hayvonlarining sug‘urta qiymati bozor narxlaridan kelib chiqib, sug‘urtalovchi va sug‘urta qildiruvchining kelishuviga asosan sug‘urta shartnomasida belgilanadi.

Mavzuga oid