Qattiq maishiy chiqindi poligonlaridan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma e'lon qilindi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Qattiq maishiy chiqindi poligonlarini loyihalashtirish va ulardan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.
Yo‘riqnomaga ko‘ra, qattiq maishiy chiqindi poligonlari istalgan kattalikdagi aholi punktlari uchun tashkil etilishi mumkin. Yer uchastkalaridan samarali foydalanilishini ta'minlash va qattiq maishiy chiqindilarni tashish xarajatlarini kamaytirish maqsadida aholi punktlari guruhlari uchun markazlashgan poligonlarni tashkil etish maqsadga muvofiq.
Poligon loyiha hujjatlariga quyidagilar kiradi:
atrof muhitga ta'sir ko‘rsatish bo‘yicha davlat ekologik ekspertiza xulosasi va ekologik normativlar;
yer uchastkasining poligon qurilishi uchun yaroqliligi xususidagi geologiya va gidrogeologiya xulosasi;
yer uchastkasining poligon qurilishi uchun yaroqliligi xususidagi sanitariya-epidemiologik xulosasi;
poligon qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlari.
Poligonlar qurilishi uchun mo‘ljallangan yer uchastkalari mahalliy davlat hokimiyati organlarining tegishli qarorlari asosida ajratiladi.
Poligonlar qurilishi uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan va o‘rmon fondi yerlariga kirmaydigan yer uchastkalari ajratiladi.
Yer ajratish hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Poligonlar shaharlar va boshqa aholi punktlarining tashqarisida joylashtiriladi.
Turar joydan poligon chegarasigacha bo‘lgan masofa kamida 500 metrni tashkil qilishi kerak. Bunda sanitariya-muhofaza zonasining aniq o‘lchamlari gazsimon tashlamalarning miqdorini hisobga olgan holda aniqlanadi.
Poligonlarning atrof muhitning turli obektlariga salbiy ta'siri darajasini aniqlash va eng kam ta'sir ko‘rsatuvchi yer uchastkasini tanlash uchun bir necha hududlarni muqobil variant sifatida ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.
Poligonlarni suv obektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil bo‘yi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalari, sifatli yer osti suvlari to‘planadigan manbalar tegrasi, kurortlarni muhofaza qilish zonalari, suvli qatlamlarning yemirilish joylari, shuningdek, fuqarolarning ommaviy dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlari hududiga joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Har bir yer uchastkasining atrof muhitga potensial ta'sirini o‘rganish natijalariga ko‘ra eng kam ta'sir ko‘rsatadigan maydon tanlanadi.
Quyidagi omillar mavjud bo‘lganda tanlangan yer uchastkalari atrof muhitga potensial ta'siri jihatidan poligon qurilishi uchun yaroqli hisoblanadi:
geologik sharoitlariga ko‘ra, gil yoki qum tuproqli yer uchastkalari;
yer uchastkasining geologik nuqtai nazardan barqarorligi, ya'ni unda yoriqlar mavjud emasligi;
yer uchastkasi ostida suv o‘tkazmaydigan qatlamning mavjudligi;
yer uchastkasi ostida 30 metrdan ortiq qalinlikdagi gil yoki og‘ir qum tuproqli suv o‘tkazmaydigan qatlamning mavjudligi;
yer uchastkasining suv havzalari va toshqin suvlar bosadigan hududlardan kamida 1000 metr uzoqda joylashganligi;
yer osti suvlarining sathi yer yuzasidan kamida 10 metr pastda joylashganligi, undan iste'mol qilish va sug‘orish uchun foydalanilmasligi.
Quyidagi omillar mavjud bo‘lganda atrof muhitga potensial ta'sirini inobatga olib, tanlangan yer uchastkasida poligon qurilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
suv o‘tkazuvchi bir necha qatlamlar, masalan, ochiq shag‘al konlari, yoriqlar mavjudligi;
yer osti suvlariga 10 metrdan kamroq sathda joylashganligi;
yer osti suvlaridan iste'mol va sug‘orish uchun foydalanilishi;
yer osti suvlari buloqlar ko‘rinishida oqib chiqadigan, 1000 metr radiusda suv havzasi yoki suv toshadigan hududlar mavjudligi;
aeroportlarga 15 kilometrgacha yaqin joylashganligi.
Poligonlar qurilishi uchun mo‘ljallangan yer uchastkalari kamida 15 yil foydalanish sharti bilan tanlanadi. Ushbu maydonlar to‘g‘ri to‘rtburchak shakliga yaqin va qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirishning maksimal balandligiga erishish mumkin bo‘lgan yerlardan tanlab olinadi.
Foydalanish muddati 15 yilga mo‘ljallangan poligon uchun talab etiladigan yer maydoni hisobi jadval bo‘yicha aniqlanadi.
Poligonlar qurilishi uchun tanlangan yer uchastkalarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan geologik va gidrogeologik tadqiqotlar amalga oshiriladi.
Geologik tadqiqotlarni o‘tkazishda qatlamlanish tartibi, poligonlar joylashgan yerdagi jinslar tarkibi va qalinligi, tuproqning filtratsiya koeffitsiyenti o‘rganiladi. Tadqiqot ishlarining minimal chuqurligi 4 metr bo‘lishi lozim. Turli jinslardan iborat tuproqli sharoitda suvga bardoshli qatlamgacha tadqiqot ishlarini olib borish hamda shu joydan boshlab 1 – 1,5 metr chuqurlikkacha tadqiqot o‘tkazish zarur bo‘ladi.
Gidrogeologik tadqiqotlar natijasida yer osti suvlarining sathi va oqimi aniqlanadi. Poligonlarni yer usti (jala va qor) suvlari oqimidan himoya qiladigan balandlik zovurlarini qurishda yog‘ingarchilik faolligi va ularning maydonda to‘planib qolishiga oid ma'lumotlar yig‘iladi.
Geologik va gidrogeologik tadqiqotlar natijasida quduqlar (shurflar) joylashishi rejasi, geologik (litogeologik) kesimlar rejasi, poligon qurilishi uchun mo‘ljallangan yer uchastkasining yaroqliligi xususida gidrogeologiya xulosasi tuziladi.
Shahar (tuman) sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tayyorlangan barcha materiallarni inobatga olgan holda, tanlangan yer uchastkasining poligon qurilishi uchun yaroqliligi xususida o‘z xulosasini beradi.
Loyihalashtirilayotgan yoki faoliyat ko‘rsatayotgan poligonlar uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda atrof muhitga ta'sir ko‘rsatishning ekologik normativlari ishlab chiqiladi va davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkaziladi.
Loyihalashtirilayotgan poligonning sig‘imini aniqlashda qattiq maishiy chiqindilarning kishi boshiga umumiy yillik to‘planadigan me'yori, xizmat ko‘rsatiladigan aholi soni, tashkilotlarda qattiq maishiy chiqindilarning yillik to‘planish me'yori, xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar soni, poligondan foydalanish muddati, joylashtiriladigan qattiq maishiy chiqindilarning zichlanish darajasi hamda poligonlarda ishlatiladigan texnika va mexanizmlar hisobga olinadi.
Poligonlar quyidagi asosiy qismlardan iborat bo‘ladi:
kirish yo‘li;
qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydoni;
xo‘jalik hududi;
sanitariya-muhofaza zonasi.
Kirish yo‘li qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydonini magistral yo‘l bilan bog‘lash maqsadida barpo etiladi. Kirish yo‘li ikki tomonlama harakatlanish uchun mo‘ljallangan bo‘lishi kerak. Qiyaliklarda qattiq maishiy chiqindilar ortilgan transport vositalarining harakatlanishi uchun ruxsat beriladigan qiyalik o‘lchami yuqoriga 7 foiz va pastga 10 foizdan oshmasligi lozim.
Yomg‘ir mavsumida yo‘llarni suv bosmasligi uchun poligonlar drenaj tizimiga ega bo‘lishi lozim. Drenaj tizimi orqali yig‘ilgan suvlar hovuzlarda to‘planib, qattiq maishiy chiqindilarni zichlashda foydalaniladi.
Ish xaritasi joylashuvining doimiy o‘zgarib turishi sababli, qattiq maishiy chiqindilarni doimiy yo‘l tizimidan ish xaritasiga yetkazadigan vaqtinchalik yo‘llar quriladi. Vaqtinchalik yo‘llar tuproq qatlamini zichlash usuli bilan yotqizilishi mumkin. Namlik sharoitidan kelib chiqib, ular mustahkamlaydigan materiallar – shag‘al, tosh, maydalangan beton, qurilish qorishmasi yoki g‘isht bilan qoplanishi mumkin.
Qattiq maishiy chiqindilarni 2 qavat (qatlam) balandlikda joylashtirilishida xizmat ko‘rsatilishini ta'minlash uchun vaqtinchalik yo‘llar, mazkur Yo‘riqnomaning 2-ilovasiga sxema bo‘yicha ish xaritalaridan 2 m balandlikda qurilishi lozim.
Quyi qavat (qatlam) – qattiq maishiy chiqindilarni qiyalik bo‘yicha 2 m balandlikdan “tepadan pastga surish” usuli bilan, yuqori qavat (qatlam) esa – qattiq maishiy chiqindilarni 2 m balandlikka “pastdan tepaga surish” usuli bilan hosil qilinadi.
Qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydoni – poligonning asosiy qismi hisoblanadi. U qattiq maishiy chiqindilarni qabul qilishning yillik hajmidan kelib chiqib, poligon maydonining 85 – 95 foizini egallaydi. Joylashtirish maydoni 3 – 5 yil mobaynida qattiq maishiy chiqindilarni qabul qilishga mo‘ljallangan navbatlarga bo‘linadi.
Foydalanishning keyingi navbati to‘ldirilgan qattiq maishiy chiqindilar hajmida poligonning sxematik kesimi bo‘yicha loyiha belgisiga qadar amalga oshiriladi. Joylashtirish maydonini navbatlarga bo‘lishda joy relefi inobatga olinadi.
Jarlik yonbag‘rida joylashtirilgan qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish maydonlari yuqorilikdan oqib kelishi mumkin bo‘lgan yer usti suv oqimlaridan himoyalangan bo‘lishi lozim.
Xo‘jalik hududi poligonlarga qabul qilinadigan qattiq maishiy chiqindilar miqdoridan qat'i nazar, 0,3 – 1,0 gektar maydonni egallaydi. Ushbu hududda poligonning ma'muriy va maishiy binolari, texnikalarni saqlash va avtotarozi ayvoni, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va boshqa moddiy qiymatliklarni saqlash omborlari, chiqindilarni saralash uskunalari, suv va elektr tarmoqlari kabi boshqa inshootlari joylashtiriladi.
Sanitariya-muhofaza zonasi poligonning atrofi bo‘ylab, uning atrof muhitga va yaqin aholi punktlariga salbiy ta'sirini kamaytirish maqsadida tashkil qilinadi.
Mavzuga oid
10:19
Chiqindidan qarzni to‘lash uchun fuqarolarga 5 kun muddat beriladi
16:12 / 20.12.2024
Chiqindilarni boshqarish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi
12:58 / 19.12.2024
O‘zbekiston bo‘ylab ikki mingga yaqin noqonuniy chiqindixonalar aniqlandi - «O‘zbekkosmos»
14:33 / 01.12.2024