O‘zbekiston | 17:20 / 04.10.2019
36732
8 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston milliy manfaatlarga raxna soluvchi hech qanday shartnomaga qo‘l qo‘ymaydi». Sodiq Safoyev YeOIIga a'zolik ehtimoli haqida

O‘zbekistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilish ehtimolini ko‘rib chiqayotgani – yangilik emas. Shu bilan birga, rasmiy doiralarda bu masala hozircha faqat o‘rganib chiqilmoqda, yakuniy qarorga esa hali kelinmagan.

Bu haqda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Rossiya Federatsiyalar kengashi raisi Valentina Matviyenkoning O‘zbekistonga tashrifi yuzasidan tashkil etilgan anjuman anjumanida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Nimaga asoslanib bu haqda birinchi bo‘lib Rossiya tomoni ma'lumot berdi, deyapsiz? 24 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Oliy Majlis Senatidagi chiqishi vaqtida YeOII bilan hamkorlik qilishning imkoniyatlari, plyus va minuslarini, ijobiy va salbiy oqibatlarini ko‘rib chiqish kerakligini aytgan edi.

Qolaversa, O‘zbekiston prezidentining Belarusga rasmiy davlat tashrifi davomida 1 avgust kuni qo‘shma bayonot imzolangan va bu bayonotning 7-bandida tomonlar Belarusning tajribasidan kelib chiqqan holda O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorlik qilishi imkoniyatlarini o‘rganish borasida kelishib olishgani qayd etilgan edi.

Bir xillar bu jarayon juda tezlashib ketmayaptimi, deyishmoqda. Yo‘q, O‘zbekistonning yangilangan tashqi siyosatini amalga oshirish boshlanganidan keyin, bilasizlar, O‘zbekiston turli mintaqaviy ko‘p tomonlama tashkilotlar bilan munosabatlarni qaytadan ko‘rib chiqa boshladi. Siyosatlashtirmasdan, mafkuraviy yondashuvdan voz kechib, O‘zbekiston xalqi uchun, O‘zbekistonning milliy manfaatlari uchun qaysi biri to‘g‘ri kelsa, shuni rivojlantirish borasidagi yangi yondashuvlar amalga oshirila boshladi.

Masalan, kuni kecha O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar kengashiga kirish haqida qaror qabul qildi. Mana bugun shu tashkilotning rahbariyati O‘zbekistonga kelyapti. Oktabr oyida O‘zbekiston rahbari Turkiy tilli davlatlar kengashining Bokuda bo‘ladigan uchrashuvida ishtirok etadi va O‘zbekiston bu tashkilotda birinchi marta to‘laqonli a'zo sifatida qatnashadi. 25 yil davomida biz qochib yurgan tashkilotga mana endi kiryapmiz.

Sizlarga axborot berib qo‘yishim mumkin, keyin biz buni boshqa tomondan eshitdik, deb aytmanglar. O‘zbekiston hozir Yevropa Ittifoqi bilan kengaytirilgan hamkorlik haqida kelishuv ustida ishlayapti. Ish muvaffaqiyatli ketyapti. Murakkab ham bo‘lyapti, chunki bu – bizning yangi formatdagi iqtisodiy munosabatlarimiz. Umid qilamizki, yanagi yilning boshida shunday kelishuvga erishamiz. Va bu O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari yanada kengayishiga olib keladi.

O‘zbekiston oxirgi uch yil davomida Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bilan munosabatlar masalasini juda ko‘p marta muhokama qilgan edi. Tushunarliki, bu tashkilotga a'zo barcha davlatlarning O‘zbekistondek yirik mamlakatning unga kirishidan manfaatlari bor. Lekin hech qachon bu qandaydir tazyiq, bosim sifatida bo‘lmagan.

Bunda ikkita omil bor.

Birinchidan, O‘zbekiston o‘ziga bosim o‘tkazishlariga yo‘l qo‘yib qo‘yadigan davlat emas. Buni hamma yaxshi biladi. Shuning uchun ham O‘zbekistonning mavqeyi xalqaro miqyosda baland.

Ikkinchidan, O‘zbekistonning lideri tazyiq oldida bukiladigan shaxs emas. Xalqaro doirada buni yaxshi bilishadi. Shuning uchun ham hech qachon bosim yoki tazyiq o‘tkazishga hech kim jazm etmagan.

Ko‘p tomonlama, ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilayotganda bu masala ham ko‘tarilgan. Lekin mana 3 yil oldin bu masala ko‘tarilganida O‘zbekiston rahbariyati haligi ibora bor-ku, likillab borib kirib olgani yo‘q bu narsaga. 3 yil mobaynida bu narsa [Rossiyadan] boshqa davlat vakillari bilan ham o‘rganib kelinyapti.

Buning salbiy va ijobiy tomonlarini mutaxassislarimiz o‘rganib kelishyapti. Biz qayerda yutqazamiz, qayerda yutamiz. Albatta, ikkalasi ham bo‘ladi. Mintaqaviy tashkilotga kirish o‘z vakolatlaringizning bir qismini berishni taqozo qiladi, lekin shu bilan birga, u yerdagi imkoniyatlardan foydalanish ham mumkin bo‘ladi.

Ijobiy va salbiy tomonlaridan qaysi biri ko‘proq, qaysi biri kamroq ekanini hozir sizga aytishga tayyor emasman. Qancha sarf ketadi, qancha foyda keladi, buning hisob-kitobi bor.

Bir qarorga kelishdan oldin O‘zbekiston tomonidan bu chuqur o‘rganib chiqilmoqda, mutaxassislar ishlayapti. Pozitsiya ishlab chiqilganidan so‘ng biz albatta keng jamoatchilikka yetkazamiz.

Men va'da beraman, sizlar bilan tegishli mutaxassislarni olib kelgan holda alohida uchrashamiz. Yoki u, yoki bu qarorni sizlarga albatta yetkazamiz», – dedi Safoyev.

Uning ma'lum qilishicha, O‘zbekistonning YeOIIga a'zo bo‘lishi masalasini o‘rganib chiqish yuzasidan qo‘shma ishchi guruhga O‘zbekiston tomonidan prezidentning davlat maslahatchisi Ravshan G‘ulomov boshchilik qilmoqda.

«Masalani o‘rganish bilan bir nechta tashkilotlar shug‘ullanyapti. Bularning ishini muvofiqlashtirishni Prezident Administratsiyasida, davlat maslahatchisi G‘ulomov olib boradi. Boshidan aytishim mumkin, mutaxassislarimiz masalani turli fikrdan, turli jabhalardan chuqur o‘rganib chiqishyapti. Kecha-yu kunduz ishlanyapti. O‘ylaymanki, ular asosli bir qarorga keladi», – deb qayd etdi Sodiq Safoyev.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilish O‘zbekiston mustaqilligiga raxna soladi, degan xavotirlarga ham munosabat bildirdi.

«Bu savolingizga javob bersam, xuddi tayyor qarorni sharhlagandek bo‘lib qolishim mumkin. Yana bir bor qaytaraman, qaror yo‘q. O‘rganish ketyapti.

Bu borada shuni bilishimiz kerakki, O‘zbekistonning kirishdan oldingi eng asosiy sharti – O‘zbekistonning milliy manfaatlari birinchi o‘rinda turadi. Mustaqilligiga putur yetkazadigan bitta ham bandiga O‘zbekiston qo‘shilmaydi.

Bunday tashkilotlarga kirish doimo muzokaralar orqali bo‘ladi. Bu yerda bitta davlat emas, boshqa mamlakatlar bilan ham muzokaralar olib borilishi lozim. Shu va boshqa tashkilotlarda ham qaror qabul qilishning asosiy tamoyili – konsensus. Qandaydir qarorga bitta davlat qarshi bo‘lsa ham, u qaror qabul qilinmaydi.

O‘zbekistonning milliy manfaatlariga, mustlaqilligimizga qandaydir putur yetkazadigan yoki unga raxna soluvchi band bo‘lsa, O‘zbekiston hech qachon qo‘l qo‘ymaydi. Bu aniq.

Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqidan ham ko‘proq rivojlangan xalqaro tashkilotlar bor. Masalan, Yevropa Ittifoqi. Unga a'zo davlatlar o‘z milliy pul birligi, chegarasi va hatto sud masalalari bo‘yicha ham mustaqilligini yo‘qotadi. O‘zbekiston bu kabi holatlarning hech biriga rozi bo‘lmaydi. Bundan hech kim hech qachon xavotir olmasin», – deb ta'kidladi Safoyev.

Mavzuga oid