Sport | 21:06 / 06.10.2019
88402
2 daqiqa o‘qiladi

Nig‘matilla Yo‘ldoshev O‘zbekiston milliy kurash federatsiyasiga rais etib saylandi

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev O‘zbekiston milliy kurash federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi.

Federatsiyaning navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi 6 oktabr, yakshanba kuni Termizda bo‘lib o‘tdi.

«Saylovda boshqa nomzodlar ko‘rsatilmadi va Nig‘matilla Yo‘ldoshev bir ovozdan O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi», deyiladi tashkilot matbuot xizmati xabarida.

Foto: Olamsport
Foto: Olamsport

Bunga qadar o‘zbek kurashi federatsiyasiga sobiq bosh prokuror Otabek Murodov rahbarlik qilib kelgan, u shu yilning iyun oyida ishdan olingach, kurash federatsiyasi raisi lavozimi bo‘sh qolayotgan edi.

Qayd etish joiz, O‘zbekistonda milliy kurash sport turi prokuratura tizimiga biriktirilgan. Viloyat prokurorlari bir vaqtning o‘zida viloyat kurash federatsiyasi rahbari ham sanaladi.

Ma'lumot uchun, 5-6 oktabr kunlari Termizda o‘zbek kurashi bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti sovrini uchun XIV an'anaviy Al Hakim At-Termiziy xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSh dollari bo‘lgan xalqaro musobaqada 48ta davlatning 130 nafardan ziyod sportchilari qatnashdi.

Mavzuga oid