Jamiyat | 00:21 / 07.10.2019
14523
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning BMTdagi missiyasi sobiq rahbari: «Rossiya hech qachon bizga do‘st bo‘lmaydi»

Foto: Stephanie Keith/Getty Images

AQSh hech qachon Rossiyaga ishona olmaydi, deb fikr bildirdi Qo‘shma Shtatlarning BMTdagi sobiq doimiy vakili Nikki Heyli.

«Rossiya hech qachon bizning do‘stimiz bo‘lmaydi. Biz hech qanaqa vaziyatda Rossiyaga ishona olmaymiz», – dedi Heyli juma kuni Nyu-Yorkda o‘tgan xususiy kompaniya tadbirida. Bu haqda Newsday xabar bermoqda.

Ushbu diplomat ikki yil davomida AQShning BMTdagi missiyasini boshqarib, 2018 yil oxirida lavozimini tark etgan edi. U 2016 yilgi AQSh prezidenti saylovlarida Rossiyaning aralashganiga ishonishini ta'kidlamoqda.

«Ha, ular bizning saylovlarga aralashishdi. Buni bilamiz, shu bilan birga, boshqa davlatlar ham shunday qilayotganini ko‘rib turibmiz», – deydi u.

Heyli, shuningdek, Kremlni jahonning turli nuqtalarida tartibsizlik keltirib chiqarishda ham aybladi.

«Ular boshqa davlatlarda tartibsizlik va ayirmachilikni yuzaga keltirib, bu orqali qudratga erishishadi», deb fikr bildirdi amerikalik siyosatchi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilgi saylovlarga Rossiyaning ehtimoliy aralashuvi bo‘yicha tergov olib borgan maxsus prokuror Robert Myuller joriy yil aprelida tekshiruvni yakunlab, xulosa bergan edi. Uning xulosasida birorta ham amerikalik Rossiya bilan fitnaga bormagani qayd etilgan, shu bilan birga, Moskva baribir saylovoldi jarayonlariga «aralashgani» ta'kidlangan edi. 

Mavzuga oid