Bittagina nol ko‘proq. Samarqandda sayyoh taksichiga 250 ming o‘rniga 2,5 million berib yubordi
Sayyohlar bilan har yilgidan ham gavjumroq bo‘lib turgan Samarqandda qiziq voqea yuz berdi. Xitoydan kelgan uch nafar sayyoh Shahrisabzga borib kelish uchun taksi gaplashadi (ma'lumot uchun Samarqanddan Shahrisabzga boradigan taksilar Registon maydoni yaqinida turadi). Xullas, 3 nafar xitoylik Amir Temur mangu orom topgan yurtdan uning ona shahriga borib, qaytib kelish uchun 250 ming so‘mga taksi kira qiladilar (chindan Shahrisabzga borib kelish kishi boshiga 60-70 mingdan tushadi. Taksist esa 4 kishi ketadigan mashinada 3 kishini olib borib, olib kelgan).
Sayyohlar pulni berayotganda muammo sodir bo‘ladi. Xitoyliklar bizning nollari ko‘p kupyuralarimizni sanashda chalg‘ib ketib, 250 ming so‘m o‘rniga 2,5 million so‘m berishadi. Taksist esa o‘zining aytishicha, pulni qanchaligiga e'tibor bermay oladi (vaholanki 250 ming va 2,5 million so‘mni ushlab ko‘rib ham farqlash qiyin emas).
Sayyohlardan biri negadir ko‘p pul berib yubordim deb o‘ylaydi va buni aniqlashtirish uchun Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan Tourist Police xodimlariga murojaat qiladi. Registon maydonida sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan leytenant Zuhra Rahmatova xitoylik sayyohlarga yordam berish uchun Tourist police qoshidagi «GAI» xodimlarini yordamga chaqiradi.
Xitoylik sayyohlar o‘zlari mingan mashinani suratga olishgandi va uni topish qiyin bo‘lmaydi. 250 ming so‘m o‘rniga 2,5 million so‘m olgan taksist bir soat ichida topiladi va xitoyliklar bergan ortiqcha pul ularga qaytib beriladi. Sayyohlar murojaat qilganidan bir soat o‘tiboq pullari qaytarilganidan hayron qolganlarini aytishdi.
Shu o‘rinda qisqacha Tourist Police haqida. Samarqandda ikki yildan buyon faoliyati yuritayotgan IIV qoshidagi bu xizmatga chet tilini biladigan yoshlar ishga olingan. Ular shahardagi sayyohlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilishadi. Samarqanddagi har qanday mehmonxona, taksi, transport va jamoat joylarida Tourist Police raqamlarini uchratish mumkin.
O‘z muxbirimiz
Mavzuga oid
15:52
Samarqandda “Turkish Airlines” aviakompaniyasi ekipaj a’zosi bojxona nazoratidan jangovar o‘q-dori olib o‘tishga urindi
07:35
Beshta hududda 16 kg giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024