O‘zbekiston | 11:21 / 07.10.2019
32042
5 daqiqa o‘qiladi

Gaz sohasidagi monopolistning 188 mlrd so‘mlik noqonuniy harakatlariga barham berildi

Foto: Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat ishlari doirasida, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli mintaqaviy gaz ta'minoti korxonalarining 2018 yil va 2019 yilning 1 choragida tadbirkorlik sub'yektlariga tabiiy gaz yetkazib berish borasidagi faoliyati o‘rganildi. 

Qo‘mita matbuot xizmatining ta'kidlashicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq iste'molchining faoliyat ko‘rsatish sohasidan kelib chiqqan holda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga tabiiy gaz yetkazib berish va uni narxini shakllantirishni alohida tartibi belgilangan.

Pishgan g‘isht, sement, asfalt ishlab chiqarish, shuningdek ohaktosh va gipsni ishlab chiqarish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun, restoranlar, kafelar, tantanalar o‘tkaziladigan boshqa obektlar uchun tabiiy gazning oshirilgan tariflari qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, qonunchilikda tarif o‘zgargan holatlarda iste'molchi yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun oldindan to‘lov to‘langan kundan e'tiboran keyingi keladigan 2 oy mobaynida qo‘shimcha to‘lov to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilgan.

Olib borilgan o‘rganishlar natijasida, respublika bo‘yicha 8 701 ta holatda mintaqaviy gaz ta'minoti korxonalari tomonidan belgilangan tariflarni asossiz oshirishi va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan oldindan to‘langan to‘lovlarni hisobga olmaslik kabi qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Masalan, Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan “Davr metall” MChJ tomonidan 2018 yilning fevral oyida iste'mol qilingan 58 157 m3 tabiiy gaz uchun belgilangan 263,4 so‘m o‘rniga 1000 so‘mdan haq hisoblangan, natijada gaz ta'minoti korxonasi tomonidan 42,8 mln. so‘m asossiz foyda olingan.

Shuningdek, “Gulobod Osiyo Parranda” MChJ tomonidan 2018 yilning 1 noyabr holatiga 34,4 mlrd. so‘m oldindan to‘langan summa hisobga kiritilmagan va natijada 2018 yilning 1 noyabridan tariflarni oshishi munosabati bilan jamiyat qo‘shimcha to‘lovlarni to‘lashdan ozod etilmagan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini viloyatlar kesimida ko‘rilsa, unda quyidagicha bo‘ladi:

Buxoro viloyati bo‘yicha – 300 holatda 407,6 mln. so‘m;
Jizzax viloyati bo‘yicha – 620 holatda 1 942,5 mln. so‘m;
Qashqadaryo viloyati bo‘yicha – 516 holatda 88 019,9 mln. so‘m;
Navoiy viloyati bo‘yicha – 22 holatda 59 150,4 mln. so‘m;
Namangan viloyati bo‘yicha – 302 holatda 1 770,2 mln. so‘m;
Samarqand viloyati bo‘yicha – 3737 holatda 11 935,0 mln. so‘m;
Sirdaryo viloyati bo‘yicha – 56 holatda 119,5 mln. so‘m;
Surxondaryo viloyati bo‘yicha – 509 holatda 10 534,1 mln. so‘m;
Toshkent viloyati bo‘yicha – 1203 holatda 3 290,4 mln. so‘m;
Farg‘ona viloyati bo‘yicha – 23 holatda 240,0 mln. so‘m;
Xorazm viloyati bo‘yicha – 1413 holatda 10 866,3 mln. so‘mni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha ko‘rsatilgan davr mobaynida gaz ta'minoti korxonalari tomonidan jami 188,2 mlrd. so‘m miqdorida asossiz daromad olingan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga berilgan vakolatlar doirasida mintaqaviy gaz ta'minoti korxonalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi Qonuni talablarini buzilishi bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atilgan va asossiz olingan daromadlarni iste'molchilarga qaytarish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berilgan.

Bildirilishicha, bugungi kunda mintaqaviy gaz ta'minoti korxonalarida asossiz olingan daromadlarni xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 

Mavzuga oid