Jamiyat | 15:00 / 09.10.2019
44823
5 daqiqa o‘qiladi

Mirishkor tumani hokimi «o‘g‘ri bobo»ni nevaralari oldida haqoratli so‘zlar bilan izza qildi. Uning «jazo»lashga vakolati bormi?

Internetda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilov nevaralari bilan tadbirkor fermer dalasidan makkajo‘xori so‘talarini yulib chiqqan boboni nevaralari oldida izza qilgani tasvirlangan video tarqaldi.

Bir qarashda Mirishkor tumani hokimi tadbirkorning mulki himoyasiga otlangandek. Lekin u nevaralari bilan so‘ta yulgan boboni nevaralari oldida o‘g‘rilikda ayblab izza qilibgina qolmasdan, voyaga yetmagan bolalar oldida haqorat ham qilgan!

Hokim o‘zining bu ishini buyuk bir qahramonlik sifatida baholab yuborgan shekilli, videoga ham olgan va boshqalarga «dars» bo‘lishi uchun ijtimoiy tarmoqlarda tarqattirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa odamlar tomonidan ushbu videoga bildirilayotgan fikrlar yakdil: barcha hokimni noto‘g‘ri ish qilishda ayblamoqda.

Bildirilgan ayrim fikrlardan iqtibos keltiramiz:

«Agar siz yaxshi rahbar bulganingizda, bu insonni nevaralari oldida «sindirmagan» bo‘lar edingiz!»

«Inson qadri hamma narsadan doim ustun turgan, lekin ming afsuski, bunday hokimlar ma'naviyatsizlikka duchor bo‘lgan va inson qadrini poymol qilishda davom etmoqda. Uch-to‘rtta makkajo‘xori bilan dunyo tugab qolmaydi-ku, biz o‘zbeklar kimningdir bog‘ida yoki ko‘chada turgan daraxtning mevasidan so‘ramasdan iste'mol qilamiz-ku, lekin bunga hech kim qarshilik qilmagan. O‘sha daraxtning egasi ham qarg‘ab-so‘kmagan, chin dildan rozi bo‘lishgan. Inson sha'ni har narsadan ustun. Bu insonni nevaralari oldida izza qilish so‘kib xaqoratlash juda katta xudbinlikdir. Xalqimizda «Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar», degan maqol bejiz aytilmagan. To‘g‘rilikcha, xushmuomalalik bilan tushuntirsa bo‘lardi-ku?! Hokim ham bola bo‘lgan, yoshligida kimningdir bog‘idan yoki dalasidan nimadir olib yegandir, axir. Men bu insonning o‘rniga o‘zimni qo‘yib ko‘rsam, yer yorilsa-yu yerga kirib ketsam, degan xayollar keldi, bunday haqoratlarga...»

Xo‘sh, hokim o‘g‘rilarni urishib, haqoratlab to‘g‘ri yo‘l tutganmi? Nega tuman rahbari O‘zbekiston fuqarosini bu tarzda o‘zboshimchalik bilan «jazo»layapti? Uning bunga vakolati bormi?

Fuqaro qonunbuzarlik qilgan bo‘lsa, hokim bunga shaxsan o‘zi guvoh bo‘lgan bo‘lsa ham bu xatti-harakatga nisbatan chora ko‘rishning boshqa yo‘llari bor-ku? Aytaylik, ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirish, yetkazgan zararini qoplatish, boboning xatti-harakati uchun jarimaga tortish. Bu hol yosh go‘daklarning ruhiyatida qanday iz qoldirishini ham bir o‘ylab ko‘ring-a. Tarbiya shunday bo‘ladimi?

Biz nechanchi asrda yashayapmiz o‘zi? Qaysi davrda yashayapmiz? Hokimning bu xatti-harakatlari sovetlar tuzumi davridagi o‘ziga xon o‘ziga bek, qamchisidan qon tomadigan kolxoz raislarini eslatib yubormayaptimi?

Agar o‘sha dalaning egasi bo‘lgan fermer shu ishni qilganida uni tushunsa bo‘lar edi. Mittigina bo‘lsa ham zararni u ko‘radi. Lekin tuman hokimi tumandagi har bir dala, har bir ekinga o‘zini xo‘jayin, deb hisoblaydi shekilli.

Chindan ham, ushbu vaziyatda Mirishkor tumani rahbari nega qonunchilikda belgilangan tarzda ish tutmagani kishini o‘ylantiradi. Nahotki uning bilim va saviyasi bunga yetmasa? Yo boshqa sabab bormi?

Biz Qashqadaryo viloyat hokimligidan ushbu voqeaga munosabat kutib qolamiz. Viloyat huquq-tartibot idoralari tomonidan ham voyaga yetmaganlar oldida hokim og‘zidan yangragan haqorat uchun huquqiy baho beriladi, deb umid qilamiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV

Mirishkor hokimining «o‘g‘ri bobo»ni haqorat qilgani yuzasidan prokuratura tekshiruv boshladi

Mavzuga oid