Jamiyat | 15:00 / 11.10.2019
4791
2 daqiqa o‘qiladi

2019 yilda meningit xastaligiga yo‘liqish ancha yuqorilagan - Sanitar-epidemiologik osoyishtalik agentligi

10 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Sanitariya-epidemiologiya nazorati yo‘nalishidagi barcha davlat idoralari rahbariyati va mutasaddi xodimlari ishtirokida OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda ma'lum qilinishicha, joriy yilning 9 sentyabrida imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoniga muvofiq, davlat sanitariya-epidemiologik markazlari negizida ikki tizim – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tashkil etildi.

«Shu paytgacha sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi holatining barqarorligini ta'minlaydigan yagona tizim bo‘lgan bo‘lsa-da, ammo unda bir-biriga zid ravishdagi faoliyatlar mavjud edi. Mazkur tizimda sohadagi me'yoriy hujjatlarni tayyorlash, ijro qilish va amalga oshirilgan ishlarni Sog‘liqni saqlash tarkibidagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati nazorat qilardi. Biroq, bu ichki ziddiyatlarga olib keldi. Natijada, bajarilgan tadbirlar o‘zining kutilgan samarasini bermadi. Shu va boshqa qator omillar ikki tizimning yaratilishiga sabab bo‘ldi», deya Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitar-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda aytilishicha, har yili O‘zbekistonda nazoratdagi 63 xil turdagi kasalliklar qayd etilmoqda. Joriy yil boshidan beri o‘rtacha 32 mingdan ziyod fuqaro virusli depatit A hamda 40 mingdan ortiq shaxs o‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga chalingani aniqlandi. 9 oy mobayida meningit xastaligiga yo‘liqish ancha yuqorilagan, ya'ni 121ta holatda kuzatilgan. Uning 60 foizi Toshkent shahrida yashovchi fuqarolar va xorijlik mehmonlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Mavzuga oid